Jahon | 19:22 / 16.05.2017
14367
7 daqiqa o‘qiladi

Qochoqlar lagerida biznes imperiyaga asos solgan tadbirkor qissasi

Foto: theguardian.com

Kakuma qochoqlar lagerida jazirama hukmron. Mesfin Getaun do‘koni yonida ishchilar yuk mashinaga Coca-Cola qutilarini joylamoqda. 42 yoshli, jinsi shim va ko‘ylak kiyib olgan ulgurji savdogar quruq sutli qutilar, konservalangan pomidorli bankalar, donli qoplar bilan to‘la katta xonada chaqqonlik bilan harakatlanib, mijozlarga xizmat ko‘rsatishga hamda ishchilarga buyruqlar berishga shoshadi. Do‘konga kiraverishdagi plastmassa stullarda bir necha kishi suhbatlashadi — ular qochqinlar va mahalliy turkana qabilasi a'zolaridir. 

2001 yili Getaun qo‘shni Efiopiyani avj olgan tartibsizliklardan qochib, Keniyaning janubi-sharqidagi chekka okrugi bo‘lgan Turkanga kelib joylashdi. O‘sha vaqtlarda, 6 yildan keyin, hech kim, hatto uning o‘zi ham bir vaqtlar kun kechirish uchun farroshlik qilgan yigit, oyiga o‘rtacha 10 ming dollar daromadga ega hamda “millioner” laqabli ulgurji savdogarlardan biri bo‘ladi, deb o‘ylamagani aniq. 

Hozirda, u xavotirda. Uning oilasi AQShga ko‘chish uchun tanlangan. Tez orada, ularning ketish muddati belgilanadi. Aksar qochoqlar bu taklifni orzu qilishadi, ammo Getaun bu bilan qator muammolarga duch keldi. Qochqin maqomiga ega bo‘lgani sababli o‘z mablag‘larini yig‘ib olishi mushkul vazifadir. Uning bir qismi bankda saqlansa, boshqasi lagerda, uchinchi qismi biznesga kiritilgan. 

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, biznesini boshqaradigan kishini topish ham amri mahol. Getaun aksar qochqinlar singari Keniyaga quruq qo‘l bilan kelgan edi. Qo‘shma Shtatlarga ketgudek bo‘lsa, u yana hammasini boshidan boshlashiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, Kakumada qolishni xavfsiz deb bo‘lmaydi. Keniya hukumati bir necha marotaba xavfsizlik nuqtai nazaridan mamlakatdagi barcha qochoqlar lagerlarini yopishni rejalashtirayotgani haqida bayonot bergan edi. 

Hozircha, qochoqlar lagerlari yopilishi va shu bilan ulardagi qochqinlar va Getaun biznesining taqdiri noma'lumligicha qolmoqda. Uning aytishicha, “Keniya hukumati ularga qochqinlar kerakmasligi haqida bayonot bergan. Shunday ekan, qochqinlarning barchasi xavotirda”. “Men sarmoyamni himoya qilishim kerak, ammo menda hech qanday sug‘urta yo‘q. Sen qochqin ekansan, diplomat bo‘lishing kerak. Shu sababli men mahalliy aholi bilan yaxshi munosabatdaman. Biroq, hukumatning qochqinlarga nisbatan siyosati o‘zgarib turganidan asabiylashaman”, - deydi Getaun.

Getaun — sobiq askar

U dastlab lagerdagi mahalliy kafeda farrosh bo‘lib ishladi. Maoshi oyiga ming keniya shillingi (taxminan 10 dollar atrofida) edi. Getaun o‘sha kunlarni shunday xotirlaydi: “Men bu pullarni yig‘ib, ularga ozgina bug‘doy uni xarid qildim va non pishira boshladim”. Bir necha yil davomida non pishirib sotish biznesi bilan shug‘ullangan Getaun keyinchalik o‘z do‘konini ochishga qaror qildi. 1992 yilda ochilgan Kakuma lagerida qariyb 200 ming kishi istiqomat qiladi. Getaun bu yerda imkoniyatlar kengligini his qilgan edi. 

Gumanitar yordam doirasida yo‘q narsalar, ya'ni konservalar, shampun, kantselyariya mollari, internet-kafe, kosmetika, restoranlar, barlar, fotostudiyalar va boshqa ko‘plab narsalar, bularning bari biznes. Ularni ham qochqinlar boshqaradi. Bularning barchasiga to‘lash uchun pul kerak. Qochqinlar o‘zlarining gumanitar yordamlarini qora bozorda sotish yo‘li bilan ushbu xizmatlardan foydalanishga pul topadi. Bundan tashqari, xorijdagi yaqinlari yuborgan pullarni sarflaydi. 

Lager hududini e'tiborga olgan Getaun raqobatdan qo‘rqmadi. Aksincha, ulgurji savdo kompaniyasiga asos soldi. U iqtisodiyot sektori qanchalik keng bo‘lsa, shunchalik omadi chopishini yaxshi tushunardi. 

Getuanning so‘zlariga ko‘ra, aksar savdogarlar ikkilamchi liboslar sotishgan. U esa, har xil buyumlar sotishga harakat qilgan. U mahalliy savdogarlarni ham shunday qilishga undagan, hatto ularning do‘konlariga pul tikkan. Shu bilan u o‘zining ulgurji savdosiga mijozlarni jalb qilgan.

Kakuma iqtisodiyotida qochqinlarning o‘rni sezilarli. Ular ham bir vaqtlar vatanlarida biznes bilan shug‘ullanishgan. Ular norasmiy sarmoya manbalaridan foydalanish imkoniyatlariga ega. Getaun somaliliklar, gujaratliklar yoki livanliklarga xos bo‘lgan oilaviy biznesni o‘zgacha asosda yo‘lga qo‘yishning uddasidan chiqdi. Ya'ni, dastlabki holatda qarindosh – urug‘chilik muhim o‘rin tutsa, Getaun vaziyatida do‘stlik va o‘zaro foyda asos qilib olindi. 

Getaun nasroniy diniga e'tiqod qilsa-da, uning biznesda omadi chopgani «Ilohiy ne'mat» ekaniga iqror bo‘ladi. Shu sababli, u cherkov qurilishiga mablag‘ ajratgani holda, lagerdagi masjidga ham moliyaviy ko‘mak berib turadi. Ba'zan u shifoxonalarga pul to‘lay olmaganlar uchun mablag‘ ajratadi. Yetim bolalar xususiy ta'limini qo‘llab-quvvatlaydi, ochlarga taom ulashadi.

“Men shunchaki, Xudoning ko‘rsatmalariga amal qilaman. Qashshoq kishilarni ko‘rishni istamayman, shuning uchun ularga yordam beraman”, - deydi Getaun. U tadbirkorlik va xayriya ishlarida etnik chegaralarni yaxshi biladi. U mahalliy turkana qabilasi bilan hamkorlik qiladi, ko‘p hollarda qashshoq kishilarni ishga yollaydi. Uning iltifotli ekani ijtimoiy va siyosiy sarmoya vazifasini o‘tamoqda. Albatta, shuning evaziga odamlar undan xarid qilishadi. Shunday qilib ijtimoiy sarmoya moliyaviy muvaffaqiyatga aylanmoqda.

Shunga qaramay, millioner xotini va ikki farzandi bilan ulgurji omborxonaning yonidagi katta xonada kamtargina hayot kechirmoqda. U restoranma-restoran yurishni yoqtirmaydi. 

“Men vaqtimni ishxonamda o‘tkazaman. Biror yerga borishim shart emas”, - deydi tadbirkor. AQShga aniq ko‘chish muammosi esa uni o‘ylantirmoqda. Getaun Xalqaro migratsiya tashkiloti va Amerikaning Keniyadagi elchixonasi xodimlari bilan bu masalada maslahatlashib ham ko‘rdi. Ammo, ular yordam bera olishmadi. 

«Ular meni tushunishmayapti», — deya Getaunning jahli chiqadi. Jahon gumanitar tizimi u bilan bog‘liq holatni nazarda tutmagan ko‘rinadi. Chunki, aksariyat hollarda lagerlarda paydo bo‘lgan qochqinlar faqatgina kun kechirishsa, u o‘z biznes imperiyasini barpo qila oldi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid