Jahon | 19:54 / 17.05.2017
15420
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqi Ukraina uchun vizalarni bekor qildi

Yevroparlament raisi Antonio Tayani va YeI Kengashida raislik qilayotgan Malta davlatining IIV rahbari Karmelo Abela Ukrainaga vizasiz rejim taqdim etish bo‘yicha so‘nggi hujjatni imzolashdi. 

Tayani va Abela YeP yalpi sessiyasida YeI Kengashi va Yevroparlament reglamentiga imzo chekishdi, u 2001 yilning 15 martidan bo‘lgan viza ro‘yxati to‘g‘risidagi reglamentga o‘zgartirishlar kiritadi. Marosimda Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko ham ishtirok etgan.

Reglament imzolanganidan so‘ng, u YeI rasmiy axborotnomasida e'lon qilinadi va 20 kundan keyin kuchga kiradi – taxminan 11 iyunda.

Ukraina fuqarolari Shengen hududi davlatlari, shuningdek, Islandiya, Lixtenshteyn, Norvegiya va Shveytsariyada yarim yil ichida 90 kun davomida bo‘lishlari mumkin. Shu bilan birga, vizasiz rejim YeIda ishlash yoki o‘qishga ruxsat bermaydi.

Ukrainaliklarga chegaradan kesib o‘tish paytida biometrik pasport kerak bo‘ladi, shuningdek, o‘z yonida qaytish chiptasi, mehmonxonadan xona olinganini tasdiqlovchi ma'lumot, qarindoshlardan taklifnoma, tibbiy sug‘urta va YeIda har kuni bo‘lish uchun kamida 45 yevroga ega bo‘lish tavsiya etilmoqda.

Mavzuga oid