Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Ko‘k kit” tashkilotchilari endilikda 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi
Bugungi kunda internet olamining qulayliklari kun sayin ortgani bilan undan buzg‘unchi maqsadlarda foydalanish holatlari ham uchrab, ijtimoiy tarmoqlar yovuz kuchlar qo‘lida dahshatli qurolga aylanib qolmoqda. Internet orqali “Ko‘k kit”, “Kitlar dengizi”, “Tinch uy”, “Boy xonimlar” kabi nomlar bilan atalgan hamda maqsadi o‘smirlarni o‘z joniga qasd qilishga undaydigan o‘yinlar keng tarqalmoqda, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod To‘xtashev Qonunchilik palatasi rasmiy saytida.
Aniqlanishicha, ushbu o‘yinga a'zo bo‘lgach o‘smirlarga turlicha, xususan, «biror bir narsa»ning suratini chizish, serqatnov ko‘chadan avtomobillar yaqin qolganida oldidan yugurib o‘tish va bu jarayonni bevosita videotasvirga olish, tanasiga turli suratlarni pichoq yordamida kesish yo‘li bilan chizish, ular yuborgan musiqani kecha-yu–kunduz tinimsiz tinglab yurish kabi topshiriqlar beriladi.
«O‘lim guruhi»ning topshirig‘i esa, asosan tonggi 4:20-4:50 atrofida berilishi, ularga so‘nggi vazifa berishda, «bu tush ekani, shartni bajarishi bilan uyg‘onishi va natijasi qanday bo‘lganini bilish mumkin»ligi kabi gipnoz usullaridan foydalaniladi. Ularning topshirig‘ini bajargan shaxslar oxir-oqibat sodir etayotgan harakatlari natijasida o‘z jonlariga qasd qilishmoqda.
Mazkur harakatlarni jamiyat uchun xavfi juda yuqori bo‘lganligi sababli o‘zini-o‘zi o‘ldirishga undaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normani jinoyat qonunchiligiga kiritishni davrning o‘zi taqazo etmoqda.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan “Ko‘k kit” o‘yinining 15-bosqichiga yetib kelgan, 5 nafar o‘quvchilarning hayotlari saqlab qolingan.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasiga “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan ishchi guruhi tashkil etilib, ishchi guruhi yig‘ilishlarga ichki ishlar, Oliy sud va Bosh prokuraturaning amaliyotchi mutaxassislari jalb etildi hamda qonun loyihasi jamoatchilik jalb etilgan holda keng muhokamalardan o‘tkazildi.
Xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilganda bir qator, ya'ni Belorussiya, Armaniston, Qirg‘iziston va Turkmaniston kabi davlatlarda o‘z joniga qasd yoki suiqasd qilishga undash jinoyatlari uchun javobgarlik belgilangani aniqlandi.
Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga 1031-modda kiritilib, o‘zini-o‘zi o‘ldirishga undaganlik, ya'ni ko‘ndirish, aldash yoki boshqa yo‘l bilan o‘zga shaxsda o‘zini o‘zi o‘ldirish hissini uyg‘otish natijasida shaxs o‘zini o‘zi o‘ldirgan yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilgan bo‘lsa ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, mazkur harakatlarni voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilsa – yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Mazkur qonunni qabul qilinishi o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish va unga undash holatlari sonini kamaytirish, jinoiy-huquqiy chora-tadbirlar orqali fuqarolarning hayotini yanada samarali himoya qilinishini ta'minlaydi.
Mavzuga oid
19:10 / 09.04.2026
Yasama jinoyat sudda “sindi”: baxmallik Sanjarning holiga maymunlar yig‘lardi, agar...
21:49 / 18.03.2026
“Shahzod -Gold” uch yarim yilga ozodlikdan mahrum qilindi
13:44 / 26.02.2026
UXX ikki yuqori lavozimli harbiyni “jinoyat ustida” ushladi
20:43 / 03.02.2026