Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tuman hokimligi tadbirkor qurayotgan sport majmuasini buzdirdi: kim haq?
Tahririyatimizga Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidan bir murojaat kelib tushdi. Uning umumiy mazmuni quyidagicha:
«G‘ijduvon tumanidagi tadbirkorlardan biri xususiy korxona ochib, yurtimizda tadbirkorlarga yaratilgan erkin va qulay sharoitlardan foydalanib, o‘z qishlog‘ida zamonaviy loyiha asosida sport majmuasi qurayotgan edi. Biroq tuman hokimligi bu ishga to‘g‘anoq bo‘lib, barpo etilayotgan binoni sud qarori bilan buzdirib tashladi».
Bunday satrlar hokimlikning zo‘ravonligi, ularning tadbirkor yo‘liga to‘g‘anoq bo‘layotgandek xulosaga keltirishi tayin. Lekin xulosa chiqarishga biroz shoshilmang.
Buxoro viloyat, G‘ijduvon tumani «Havzak» MFY, Darsozlar qishlog‘ida yashovchi, «Afzalbek Asilbek Azizbek sport» xususiy korxonasi rahbari fuqaro Azamat Shodiyevning murojaatiga ko‘ra, vaziyat aynan shunday. Aslida, hammasi ham shundaymi?
A.Shodiyev 2016 yilda Buxoro viloyati va G‘ijduvon tumani hokimligiga 4238 nafar kishi istiqomat qilayotgan qishloq aholisi va yoshlari uchun o‘z shaxsiy mablag‘lari evaziga ikki qavatli sport majmuasi qurish uchun, mahalla fuqarolari nomidan yer maydoni ajratib berishni so‘rab, murojaat qilgani, biroq ijobiy javob olmaganini aytib o‘tadi.

Garchi qurilish ishlari olib borilgan 24 sotixga yaqin yer maydonining faqat 5 sotixi uchun noturar yer-joy uchun rasmiylashtirilgan hujjatlar mavjud bo‘lsa-da, shunga qaramasdan, A.Shodiyev qurilish ishlarini boshlaydi. Hattoki ushbu qurilishni sobiq tuman hokimi “Buxoro viloyatini 2016–2020 yillarda ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish dasturi” tarkibiga ham kiritadi.

A.Shodiyevning o‘z jamg‘armasi va qurilish materiallari xarid qilish uchun bankdan olgan krediti evaziga deyarli 300 million so‘m sarflangach, qurilish ishlari boshlanadi va u 30-35 foizga yetkazilgach, ya'ni 11,25 kv.m. maydonga bo‘lajak binoning poydevori va birinchi qavat devor-ustunlari ko‘tarilgach, G‘ijduvon tuman hokimligining da'vo arizasi bilan G‘ijduvon tumanlararo fuqarolik sudining hal qiluv qarori bilan qurilish noqonuniy, deb topiladi va 2017 yil 26 aprelda uni buzish sud ijrochilari tomonidan ijro etiladi.

Birgina Kun.uz saytiga emas, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti virtual qabulxonasi, xalq qabulxonalari va boshqa tashkilotlarga ushbu masalada murojaat qilgan A.Shodiyev tuman hokimligining xatti-harakatlarini noqonuniy deb topishni, ushbu bino majmua qurilishi bilan 10dan ortiq ish o‘rni yaratilishi, tuman hokimligi tomonidan viloyat hokimi O‘.Barnoyevga bu yerda sport majmuasi emas, «to‘yxona va kafe» qurilayotgani haqida yolg‘on axborot berilgani, qurilish ishlari 17 sotix maydonda olib borilayotgan bo‘lsa-da, yozishmalarda 24 sotix deb ko‘rsatilayotgani, viloyat yer resurslari va davlat kadastri korxonasi tomonidan tuzilgan guruh qurilish ishlari aholiga tegishli 342-konturdagi tashlandiq joyda emas, 341-konturdagi «Murod Jo‘ra Rashid» fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonidan noqonuniy qo‘shib olingan joydan barpo etilayotgani haqidagi noto‘g‘ri ko‘rsatmalar va dalolatnomalar haqida da'vo qiladi.
Holat yuzasidan mavjud hujjat, ko‘rsatmalarni o‘rganib, voqea joyini o‘z ko‘zim bilan borib ko‘rib, shunday xulosaga keldim. («Afzalbek Asilbek Azizbek sport» xususiy korxonasi rahbari, nafaqaxo‘r Azamat Shodiyev qon bosimi ko‘tarilganligi sababli kasalxonada bo‘lganligi uchun, tegishli ishonchnoma bilan u kishining o‘g‘li Alisher Shodiyev menga hamrohlik qildi).
Haqiqatan ham, A.Shodiyev 11,75 kv.m yuzaga ega bo‘lgan ikki qavatli bino qurilishini 24 sotix yuzaga ega maydonda amalga oshirmoqda. Ushbu yer uchastkasining 5 sotixiga G‘ijduvon tuman hokimligining noturar bino qurish uchun chiqarib bergan qarori va tegishli kadastr hujjatlari mavjud.
A.Shodiyev qurilish ishlari olib borgan, qurilayotgan binoning 90 foizi egallab turgan deyarli 19 sotix maydonga hech qanday hujjati yo‘q, hokimlik shuni asos qilib, qurilishni buzish to‘g‘risida sudga haqli da'vo arizasi kiritgan. Sud esa qurilayotgan binoni buzib, yer maydonini hokimlik zaxira yerlari fondiga o‘tkazish haqida hal qiluv qarori chiqargan. Ya'ni murojaat qilgan tomonda hokimlikning haqli da'vosiga monelik qiluvchi hujjatning o‘zi yo‘q.
A.Shodiyev o‘zlariga tegishli 5 sotix noturar joydan naridagi 19 sotix maydon ilgari foydalanilmasdan, tashlandiq joy bo‘lib yotganini, 2008 yildan bu yerlarga yer solig‘i to‘lab kelganini da'vo qiladi. Hattoki bu haqda mahalla fuqarolari yig‘inining ham dalolatnomasi bor. Biroq Google Earth xaritasi arxividan ko‘rish mumkinki, 2016 yil 15 aprel kuni sputnikdan tushirilgan aerofototasvirga ko‘ra, yer aslo tashlandiq joy bo‘lmagan, unumdorligi qanday bo‘lishidan qat'i nazar, «Murod Jo‘ra Rashid» fermer xo‘jaligi ixtiyorida bo‘lgan. A.Shodiyev hujjatlar bilan 341-konturdagi «Murod Jo‘ra Rashid» fermer xo‘jaligidan yer maydoni unga hech qachon tegishli bo‘lmagani haqida yozma tilxat taqdim etadi. Lekin fermer M.Jo‘rayev uni o‘z korxonasining muhri bilan tasdiqlamagan.


Shuningdek, davlat tashkilotlarining javob xatlari yozishmalarda masala yuzasidan ular yakdil, bitta pozitsiyaga ega emasligi oydinlashdi.
G‘ijduvon tuman hokimligi esa sudga da'vo arizasi kiritganda foydalanilmay yotgan, fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lmagan (!) yerdan noqonuniy qurilish ishlari olib borilganini da'vo qiladi. Holbuki, noqonuniy qurilish ishlari fermer xo‘jaligi tomonidan foydalanib kelingan yerlardan o‘zlashtirilib olib borilgan. Bu esa tuman yer tuzish va kadastr bo‘limida o‘z ishini puxta bilmaydigan insonlar ishlayotganini bildiradi. Ular ham viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasidagi xodimlar singari mojaroning boshlanishidan zamonaviy texnologiyalardan foydalanilganida, chalkashlik keltirib chiqarmasdan, yer fermerga tegishli bo‘lgani haqidagi metin faktni ushlab, A.Shodiyevning boshlang‘ich barcha da'volariga nuqta qo‘yishlari mumkin edi.


Masalan, viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i N.Kenjayevning viloyat hokimiga masala yuzasidan dalolatnoma tuzib, yozgan bildirishnomasida qurilish ishlari M37 avtomagistralining yoqasida olib borilayotganini yozishadi. Lekin qurilish ishlari avtotrassadan 200 metr ichkarida, daladan keyin, Darsozlar qishlog‘idan o‘tgan soyning yoqasida olib borilgan. Aynan viloyat hokimi O‘.Barnoyevning topshirig‘iga ko‘ra, N.Kenjayev boshchiligida tuzilgan mana shu dalolatnomada aerokosmik fotosuratga ko‘ra, qurilish olib borilayotgan maydon avvalroq «Murod Jo‘ra Rashid» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgani masalasi oydinlashtirilgan. (Dalolatnomada 69 bonitetli yer deya ko‘rsatilgan ekin maydonining ahvoliga qarang).


Tan olish kerak, barcha loyiha hujjatlari to‘yxona yoki kafe emas, sport majmuasi sifatida ko‘rsatib tayyorlangani, qurilish ishlari shu tasdiqlangan loyihaga ko‘ra olib borilganiga qaramasdan, uning chizmalari o‘rganib chiqilganida, bino qurilishi yakunlangach, kelajakda undan bemalol to‘yxona yoki umumiy ovqatlanish korxonasi sifatida ham foydalanish mumkinligi ma'lum bo‘ldi. Masalan, binoning ikkinchi qavati futzal o‘ynaladigan katta zal sifatida loyihalashtirilgan. Atrofi katta derazalar bilan o‘ralgan katta zal — futzal uchun.
Alisher Latipovning aytishicha, qishloqda yoshlarning maroqli hordiq chiqarishlari uchun umuman sharoit yo‘q, hattoki qishloq maktabida ham sportzal yo‘q. Qurilayotgan majmuaning birinchi qavatida trenajyor zallari, stol tennisi xonalari, yuvinish va yechinish xonalari loyihalashtirilayotgan edi. Boz ustiga, tadbirkor tomonidan qurilishga yondosh hudud obodonlashtirilgan, xususan qishloq ichidan o‘tayotgan katta soy ichi yillar davomida yig‘ilgan chiqindilardan tozalanib, qirg‘oqlari betonlanib, ustiga ikkita ko‘prik barpo etilgan.
Ayni paytda, qurilish ishlari buzib tashlangan maydon qishloq xo‘jaligi yuritish uchun yaroqsiz holatga kelib qolgani, boz ustiga, sud qaroriga ko‘ra, endi maydon tuman hokimligi zaxira yer fondiga o‘tkazilgani, Darsozlar qishloq fuqarolarining ko‘p sonli murojaatlari asosida, ushbu yer maydon qonuniy ravishda «Afzalbek Asilbek Azizbek sport» xususiy korxonasiga sotilishi, qurilish ishlari boshqatdan boshlanishi chigal masalaning eng chiroyli yechimi bo‘lar edi.



Chunki bu joy ekin uchun yaramasligi aniq. Voqea joyiga borib o‘rganganimizda, fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonining unumdorligi juda pastligi, yer sho‘rlab, qamish bosib yotgani, hali pishib yetilmaganiga qaramasdan, yondosh «Murod Jo‘ra Rashid» fermer xo‘jaligi maydoniga ekilgan g‘alla muddatidan oldin o‘rib tashlangani ma'lum bo‘ldi.

Tuman zaxira yer fondiga o‘tkazilgan bo‘lsa, mana shunday quraman, foydalanaman, degan tadbirkorlarga berilmasdan yer kimga beriladi? Tadbirkor qurilish uchun pul sarflagan, bankdan kredit olgan, ayni paytda kredit foizlarini to‘lab bormoqda. Hattoki o‘zi minib yurgan avtomashinasigacha sotgan. Alisher Shodiyev majmua kelajakda bitganda, uni garovga quyib, yanada kattaroq ishlab chiqarish korxonasi ochish, ko‘proq ishchi o‘rinlari yaratish niyati bo‘lganini ham aytib o‘tdi.
Boz ustiga, haqiqatan ham Darsozlar qishlog‘idagi 57-maktabda sport zali yo‘qligi, ushbu majmua murojaatchi va'da qilayotganidek, qurib foydalanishga topshirilsa, qishloq aholisining sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratilishi, bu yerdagi sog‘lomlashtirish va go‘zallik maskanlarida arizachi ta'kidlaganidek, 10 dan ziyod yangi ish o‘rinlari ochilishi mumkin.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz jurnalisti
Mavzuga oid
12:10 / 27.05.2026
Buxoroda YTH sodir qilgan haydovchi 10 sutkaga qamaldi
18:54 / 26.05.2026
Tintuvdan so‘ng yo‘qolgan tillalar – qidiruvdagi sobiq tergovchi ishida yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi
08:20 / 25.05.2026
Buxoroda sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsion sxema fosh etildi
21:35 / 21.05.2026