Sport | 20:25 / 24.05.2017
10151
2 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Siti» yana eski transfer maqsadiga qaytdi

Angliyaning «Manchester Siti» klubi «Arsenal» himoyachisi Ektor Bellerinni sotib olish uchun qayta urinib ko‘rmoqchi. Bu haqda Tribuna.uz nashri yozmoqda.

Manba bergan xabarga ko‘ra, «Manchester Siti» Ektor Bellerin transferi bo‘yicha rasmiy taklif bilan chiqqan. 22 yoshli ispaniyalik futbolchining muxlislaridan biri sanalgan «shaharliklar» ustozi Pep Gvardiola uni jamoada ko‘rishni istamoqda.

Manchester klubi rahbariyati anchadan buyon futbolchiga qiziqqan, biroq transfer bo‘yicha rasmiy taklifni berish uchun mavsum yakunini kutishgan. Hozircha transferning amalga oshishi qiyin bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bunga futbolchining «Arsenal» bilan uzoq muddatli shartnomasi xalaqit berishi mumkin. Shuningdek, futbolchiga uning sobiq jamoasi «Barselona» ham jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Bellerinning boshlang‘ich narxi 40 million yevrodan (34,5 million funt sterling) kam bo‘lmasligi aytilmoqda. Odatda jamoalar himoyachilar uchun buncha miqdorda pul to‘lab tavakkal qilishni istamaydi, ammo «Manchester Siti» ispaniyalik futbolchi uchun shuncha mablag‘ sarflashga tayyor bo‘lib turibdi.

«Siti» shuningdek, «Benfika» qanot himoyachisi Nelson Semeduga ham qiziqish bildirgan. Biroq portugaliyalik futbolchi Bellerin «Arsenal»ni tark etishni istamasa zaxira varianti sifatida qaralmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Manchester Siti» o‘ng qanot himoyasi uchun birinchi navbatda «Tottenhem» himoyachisi Kayl Uoker nomzodini ko‘rib chiqmoqda. Bellerin va Semedu aynan Uokerga o‘rinbosar bo‘lishi kerak bo‘lgan futbolchilar sifatida e'tirof etilgan.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid