«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola mavsum yakunida klubni tark etadi. Bu ma’lumot «shaharliklar» klubi matbuot xizmati tomonidan rasman tasdiqlandi.
Pep klub bosh murabbiyi lavozimini tark etganiga qaramay, City Football Group bilan hamkorlikni davom ettiradi va global elchi lavozimini egallaydi.
«Bu vazifada u guruh tarkibidagi klublarga texnik maslahatlar berib, aniq loyihalar va hamkorlik ustida ishlaydi», – deyiladi klub xabarida.
Ma’lumot uchun, 55 yoshli mutaxassis «Manchester Siti»da 2016 yildan buyon ishlab kelayotgandi. Uning rahbarligida jamoa jami 20 sovrin, jumladan bitta YeChL kubogi va olti marta APL g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
2025/26 yillar mavsumini esa «shaharliklar» ikkinchi o‘rinda yakunlamoqda.
19 may kuni Gvardiola o‘rnini italiyalik Enso Mareska egallashi haqida xabar qilingandi.
"What a time we have had together." 🩵 pic.twitter.com/WpkFecBYT4
— Manchester City (@ManCity) May 22, 2026
Klub matbuot xizmati murabbiyning klub muxlislari bilan xayrlashuv videosini ham e’lon qilgan. Quyida uning matn shakli keltiriladi:
«Men kelganimda, ilk intervyuim Noel Gallaher (Oasis guruhi solisti) bilan bo‘lgandi. O‘shanda suhbatdan chiqib: “Xo‘sh… Noel shu yerda ekanda? Demak, juda qiziq bo‘ladi”, deb o‘ylaganman.
Biz birga qanday go‘zal davrni boshdan kechirdik. Ketishim sabablari haqida so‘ramang. Hech qanday sabab yo‘q. Lekin qalbimning tubida bilaman: ketadigan vaqtim keldi. Hech narsa abadiy emas. Agar abadiy bo‘lganida, men bu yerda qolgan bo‘lardim. Abadiy qoladigan narsa – bu hissiyotlar, odamlar, xotiralar va mening «Manchester Siti»ga bo‘lgan muhabbatimdir.
Bu shahar mehnat bilan qurilgan. Og‘ir mehnat bilan. Buni g‘ishtlarning rangida ham ko‘rish mumkin. Erta tongda ishga kelib, kechgacha qolgan odamlarda ko‘rish mumkin. Zavodlar. Pankhyorstlar oilasi (Manchesterdagi siyosiy faollar). Kasaba uyushmalari. Musiqa. Sanoat inqilobining o‘zi va uning dunyoni qanday o‘zgartirgani. Menimcha, men buni tushundim. Mening jamoam ham tushundi.















