Jamiyat | 14:44 / 26.05.2017
118957
11 daqiqa o‘qiladi

Ramazon oyida to‘g‘ri taomlanish uchun foydali maslahatlar

Bloger Rashid Usmonov o‘z blogida ro‘za tutadiganlar uchun foydali maslahatlarini tavsiya qildi.

Mana, Ramazon oyi kirib kelmoqda. Shu yillarda Ramazon yozning harorati issiq, uzun kunlariga to‘g‘ri kelmoqda. So‘nggi 20 yilda yashash sharoitlarimiz, ovqatlanishimiz ancha rivojlanib, o‘zgarib qolgani tayin. Men o‘z tajribalarim va kuzatishlarimdan kelib chiqib, ro‘za tutish mobaynida sog‘ligimiz bilan bog‘liq ayrim xatolarimiz, xususan, noto‘g‘ri ovqatlanishimiz haqida yozishni maqsad qildim.

Ramazon oyiga tayyorgarlik

Ramazongacha o‘n kun qolgan vaqtda uch-to‘rt kun oralatib ro‘za tutib, organizmimizni shunga tayyorlab olishimiz lozim, shundagina Ramazon ro‘zasining birinchi kunlaridan qiynalmay o‘tib olamiz. Parhezshunoslar organizmni har qanday ochlik va parhezga tayyorlagani kabi, ro‘zadorlar uchun ham Ramazongacha ro‘za tutish sunnat qilingan.

Ramazon ro‘zasini tutishdan ikki–uch kun avval oshqozonda kislotaviylikni oshiruvchi mahsulotlarni cheklashimiz hamda to‘yib ovqatlanishdan o‘zimizni saqlashimiz lozim. Ayrimlar «ertadan ro‘za», deya bir-ikki kun haddan ziyod ko‘p va kuchli ovqatlanib olishadi va bu jarayon ro‘zaning ilk kunlarida qiynalishlariga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki ichki a'zolar yana shuncha ovqat yeyishingizni kutib, tayyor turishadi.

Ro‘za tutaman degan odam, avvalo, ishonch bilan boshlashi kerak, och yurishga chiday olishingizga ishonsangizgina butun ichki organlaringiz ertalabdan kechgacha yemaslik holatini tushunib, shu sharoitga mos faoliyat yuritadi. Sizni ishonchingiz butun ichki a'zolarga shomgacha och yurishga signaldir.

Saharlik

Ertalab uyg‘onganimiz hamono dastlab suv ichib olib, keyin saharlikka tayorgarlik ko‘rilsa, 10–15 daqiqadan so‘ng yegan taomimiz suv bilan aralashmasdan noqulayliklardan qutulamiz.

Saharlikda bizni asosiy ichimligimiz suv bo‘lishi lozim, choy ichgan taqdirdayam imkon qadar faqat ko‘k choy va albatta, uni achchiq qilib damlamasdan ichish lozim.

Quyidagi mahsulotlar bizni kun davomida chanqashimizga va ichgan suvimizni tezroq tanamizni tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin:

  • yog‘li mahsulotlar va yog‘li ovqatlar;
  • me'yoridan ortiq achchiq choy ichish;
  • dudlangan go‘sht mahsulotlari;
  • tuzi ko‘p mahsulotlar;
  • tuzlama mahsulotlar;
  • kofe va kafeinga boy mahsulotlar
  • shakarni haddan ziyod ko‘p iste'mol qilish (tabiiy shirinlik yeyish kerak);
  • barcha notabiiy kimyoviy moddalar aralashtirib tayyorlangan oziq-ovqatlar;
  • lavr yaprog‘i, na'matak mevasi kabi siydik haydovchi mahsulotlar.

Quyida saharlik qilish uchun to‘rt xil eng foydali mahsulot turlarini keltirib o‘tamiz.

  1. Saharlikda imkon qadar tez hazm bo‘lmaydigan va yuqori kaloriyaga ega donli mahsulotlarni iste'mol qilish lozim. Bular: so‘li bo‘tqasi, shirguruch, grechixali ovqat va shu kabilar.
  2. Sut mahsulotlaridan tvorog, yogurt, qatiq, smetana, sutning o‘zi juda ham foydali hamda bu mahsulotlar bilan kun davomida chanqamasdan yurishimiz kuzatilgan.
  3. Asal, arab xurmosi, yong‘oq, mag‘iz, o‘rik turshagi, olcha qoqi va boshqa shu kabi quruq mevalar.
  4. Banan, gilos, anjir, o‘rik, shaftoli, olma, olcha, nok va boshqa mevalar bilan saharlik qilib olish lozim.

Ho‘l mevalardan to‘yib olib, bu bilan birga suv ichmasayam bo‘ladi, faqat mevalarni o‘zi yeyiladi, xolos. Bir litr suv shuncha hajmdagi meva yeyish bilan barobar.

Yuqoridagi to‘rt xil turdagi mahsulotlarni saharlik paytida imkon qadar bir-biriga aralashtirmasdan alohida iste'mol qilish tavsiya qilinadi. Bu kun davomida o‘zimizni yaxshi his qilishimizga zamin yaratadi.

Kun davomida

«Ro‘zadorman, kuni bo‘yi harakat qilsam och qolaman, harakatdan qolib holsizlanib qolaman», deb hech ham o‘ylamang. Ro‘zada odam doim ohista harakatda bo‘lishi kerak, harakat va ochlik ikki karra bizni sog‘ligimizni tiklashimizga va mustahkamlashimizga hissa qo‘shadi. Harakat qilmasdan faqat yotib yashash esa sekin-asta yurakni kam urish holatlari va organizmni shunga ko‘nikib qolib, holsizlanish holatlariga olib keladi. Saharlik va iftorlikdan so‘ng 4–5 kilometr piyoda sayr qilib olishni tavsiya qilaman.

Sutkasiga kamida 7 soat uxlab olish kerak, lekin kunduzi och qorinda uxlashga sharoiti borlarga aytishim mumkinki bu uyquni kamida ikkiga ko‘paytirib hisob-kitobingizni olib boravering. Kunduzgi 2 soatlik uyqu tungi 4 soatning o‘rnini bosadi va kechasi 3 soat uxlasangiz, organizm jami 7 soat uxlagandan-da samaraliroq tiklanadi.

Yozdagi quyosh nuri garchi bizni issiqdan «qiynasa-da» lekin bir tarafdan bizni chiniqtirib, vitaminlarga to‘ydiradi, tana qurilishimizni mustahkamlaydi. Har kuni kunning birinchi yarmigacha 15–20 daqiqa quyosh va tashqi havo issiqligidan chiniqib olish kerak, deb o‘ylayman.

Iftorlik

Bu paytda oshqozonimiz va butun sezgi organlarimiz hazm qilish va ta'm sezishga shay turadi, shu sababdan bu paytda insonni ta'm sezish organlari ikki baravar yaxshi ishlaydi.

Avval ikki dona xurmo va taxminan 300 millilitrgacha iliq yoki uy haroratidagi suv bilan og‘iz ochib olamiz, yoki suvni kamroq ichib, ho‘l mevalardan yeb olib, so‘ngra 10–15 daqiqadan so‘ng ovqatlanishimiz mumkin. Bu xuddi avtoulovni haydash uchun qizdirib tayyorlashdek, oshqozonimizni ovqat hazm qilishga shay qiladi. Kechki ovqat imkon qadar tez hazm bo‘ladigan va yengil bo‘lishi lozim va albatta, barra salatlar, ko‘katlar bilan birga iste'mol qilish lozim. Ovqatlanib bo‘lib, taxminan 30–40 daqiqadan so‘ng yaxna ichimliklar, shirinliklar va boshqa shirin mevalardan iste'mol qilishimiz mumkin.

Kechasi yotishdan oldin, qatiq, tarvuz va boshqa tez hazm bo‘ladigan meva va sabzavotlardan yeb olib, so‘ngra uxlashimiz mumkin.

Kechqurun ham kofeinni minimum darajada iste'mol qilish lozim, chunki qisqa tunlarda uxlashimiz va tanamizni navbatdagi kunga tiklab olishimiz lozim bo‘ladi.

Zararli odatlar

Saharlikda me'yoridan ortiq va tartibsiz ovqatlanish shart emas, bu aksincha, sizni kun davomida och va chanqab yurishingizga turtki beradi. Ortiqcha vaznga ega odamlar saharlikda nomiga mevalardan yeb olib suvdan to‘yib olishsa shuni o‘zi kun davomida yengil yurishlariga yetarli, deb o‘ylayman.

Saharlikda yaxshi ovqatlanib turib shartta cho‘zilib yotish holati judayam zararli, bu holat oshqozon ichaklarimizni ish faoliyatini buzib, kun davomida behol yurish yoki shu bilan oshqozonda muammolar keltirib chiqarib, qiynalib qolishimizga sabab bo‘lishi mumkin.

Og‘iz ochganda muzdek ichimlik bilan chanqoqni bosish zararli odat. Kun davomida oshqozon va ichki a'zolar o‘zini o‘zi davolash bilan band bo‘ladi va ichki harorat issiq turgan paytda muzdek ichimlikni ichish bu xuddi qizib turgan yog‘ga suv sachratishdek gap. Bu nafaqat ro‘zaning shifobaxshlik xususiyatini pasaytiradi, balki iftorlikda yegan ovqatimiz tez hazm bo‘lishiga ham to‘sqinlik qiladi.

Og‘iz ochgan paytda juda ham ko‘p suv ichish odati ham ishtahani bo‘g‘ib qo‘yadi va ovqatlana olmay qolasiz yoki majburan ovqatlanish natijasida ertalabgacha oshqozon damlab qolib, yegan narsamiz hazm bo‘lmasdan qiynalib yuramiz.

Ovqat payti shirin meva, shirinliklar, tort, shokolad, gazlangan ichimliklar qo‘shib iste'mol qilish mumkin emas. Bular birga aralashsa, hazm jarayonini sekinlashtirib, bizni qiynab qo‘yadi. 

Ro‘za yanada shifobaxsh bo‘lishini va Ramazonda tetik yurishni istasangiz, albatta, faqat tabiiy yeguliklar va ichimliklar bilan taomlanishni tavsiya qilaman. Faqat tabiiy! Bunda har xil turdagi mahsulotlarni qo‘shib iste'mol qilmaslikka e'tibor qaratish lozim.

Non har doim dasturxonimizda bor va bo‘ladi, buni imkon qadar margarin va boshqa chetdan kelayotgan yog‘lardan tayyorlanganini iste'mol qilmaslikni tavsiya qilaman, bu zararli non hisoblanadi. O‘zimizning saryog‘da tayyorlangan yoki parhezbop nonlar iste'mol qilish tavsiya qilinadi.

Yana bir zararli odat — konditsionerni juda ham salqin qilib olish hisoblanadi, shamollab qolish mumkin. Konditsionerli xona yoki avtoulovdagi havo harorati tashqaridagi haroratdan 10-15 gradus salqinlikdan oshmasligini tavsiya qilaman.

Xulosa

Yuqoridagi maslahatlar asosan o‘zimni tajribalarimdan kelib chiqib yozildi, albatta, kun davomida sabr qilib yurgandan so‘ng kechqurungi ayrim cheklovlarga rioya qilish oson ish emas. Bu ham sabr talab qiladigan ish, agarda sabr bilan yuqoridagilarga rioya qilinsa, albatta, ro‘zamizning shifobaxshlilik xususiyati yanada ko‘proq bo‘ladi va Ramazon oyida yanada tetik va ibodatlarimizda mustahkam yurishimizga turtki bo‘ladi.

Avvalgi vaqtlarda bobolarimizning muzlatgichlari to‘la bo‘lmagan, ular biz tuzatadigan dasturxonlarni tuzab iftorlik qilishmagan, ularning dasturxonlariga faqat tabiiy ichimliklar bo‘lgan va hech qanday kimyoviy qo‘shimchalar qo‘shilmagan maxsulotlariga, yana boz ustiga, ular quyosh nurida chiniqib, toza havodan nafas olishga harakat qilishgan. Albatta, ular ro‘zadan bizdan-da ko‘proq shifo topishgan. Shu sababdan avvalgi tabiiy yashash tarziga moslashtirib kun kechirishimiz kerak, deb o‘ylayman.

Butun dunyo tibbiyot va tabobat olimlari ro‘zani ming dardga davo, deb ta'kidlashadi. Oshqozon kasalliklari, bo‘g‘inlardagi muammolar, tuzlar, toshlar, qon bosimi va boshqa kasalliklardan birvarakayiga xalos bo‘lishni istasangiz, albatta, imkoni boricha yuqoridagi maslahatlarga to‘liq rioya qiling. Shundagina ro‘zani 30 kun qiynalmay tutasiz, Alloh rizoligiga erishasiz, shifo ham topasiz.

Ramazon oyi barchaga muborak bo‘lsin!

Rashid Usmonov.

Usmonov.uz

Mavzuga oid