«Yengilmaydigan raqibning o‘zi yo‘q». Shunga ishonishga majburmiz
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun, 12 iyun kuni Tehronda joylashgan «Ozodi» stadionida Eronga qarshi muhim uchrashuvda maydonga tushadi. Bu uchrashuvdagi g‘alaba O‘zbekistonda JCh-2018 turniriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish uchun yaxshi imkoniyat hosil qilishi mumkin. Tribuna.uz saytida sport jurnalisti Rahim Yusufaliyevning terma jamoa o‘yini tahlili va Eronga qarshi o‘yindagi imkoniyatlari tahlil qilingan. Quyida ushbu maqola o‘zgartirishlarsiz nashr qilingan.
Shiroq
Tehrondagi o‘yin vaqti yaqinlashgani sayin xavotirlarimiz tobora ortib bormoqda. Dahshatli «Ozodiy» stadioni va undagi vahimali atmosfera, futboldagi fors saltanatini qayta tiklashga tish-tirnog‘i bilan kurashayotgan Karlos Keyrush va uning g‘alabaga tashna gvardiyasi. Bularni xayolidan o‘tkazayotgan har bir o‘zbek muxlisining hozirgi ahvoliga eng yuqori ta'sirga ega bo‘lgan tinchlantiruvchi dorilar ham foyda berishi mushkul. Manaman degan ruhshunoslar ham ularning yuragidagi hadik va vahimani yo‘qotishdek murakkab vazifani bajarishga qodir emas. Bu borada har qanday metodlar baribir foydasiz bo‘lib chiqaveradi.
Hozirda futbolimiz atrofida pessimistik kayfiyat hukmronlik qilmoqda. Yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari mundiallardan quruq qolishdi, klublar ham OChLda hech nima qila olishmadi. Babayan boshchiligidagi milliy terma jamoa esa kelgusi yili rus diyorida bo‘lib o‘tadigan mundialga chiqish uchun imkoniyatini ancha pasaytirib yuborgan. To‘g‘ri, nazariy tomondan bor-yo‘g‘i 3ta g‘alaba termani jahon chempionatiga olib chiqadi. Ammo buning uchun Tehronda Eronni, Pekinda Xitoyni va Toshkentda Janubiy Koreyani mag‘lubiyatga uchratishdek murakkab vazifa turibdi.
ReNTGeN KeRAK
Rauf Inileyev milliy terma jamoa bosh murabbiyi bo‘lib ishlagan davrda bir gapni aytgandi. Kuchli terma jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish kerak. Ular rentgenga o‘xshaydi. Qaysi chiziqlarda kamchilik bo‘lsa, buni aniqlab olish imkoni bo‘ladi, qabilida gapirgandi. Darhaqiqat, 2007 yilda Osiyoda tengsiz murabbiy deb tan olingan mutaxassisning fikriga qo‘shilsa bo‘ladi. Faqat O‘FFdagi bemalolxo‘ja mas'ullar bunday o‘ylashmaydi-da. Har qalay shu paytgacha o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun raqib tanlash masalasida O‘FFning qarashlarini ijobiy baholay olmaymiz. Nima uchun Tailand raqib sifatida tanlangani haqida ortiqcha gapirishni istamayman. Bu shusiz ham ko‘p bor muhokama qilindi. Savolni o‘zgartiramiz: Eron bilan solishtirganda saviya va o‘yin uslubi orasida juda katta farq bo‘lgan Tailand bilan o‘yin bizga nima berdi?
Keling, qiyoslashda davom etamiz. Kuchli raqib va o‘rtamiyona raqib orasidagi farqni rentgenning darajasi bilan o‘lchasak, Chernogoriya zamonaviy, nisbatan aniqlikda ishlaydigan viloyat shifoxonalaridagi rentgen, Tailand esa tuman shifoxonalaridagi eskirgan, yo‘qdan ko‘ra bor qabilida ishlayotgan rentgen. Qay biri yaxshiroq ekanligini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Xullas, Babayan shogirdlari «tuman diagnostika markazi»da tekshiruvdan o‘tishdi.
Xulosa: Himoyada xatolar ko‘p, jamoaviy o‘yin ham yaxshi shakllanmagan, tezkor va oldindan o‘ylangan kombinatsiyalar juda kam, manzilsiz paslar ko‘p, yakkakurashlarda ham raqibga ko‘p hollarda ustunlik berib qo‘yildi. Kesib pas berish degan narsalar bizning futbolda kamdan-kam, bo‘lsa ham tasodifan amalga oshiriladi. Ser Aleks Fergyusson ishlagan paytda «Manchester Yunayted»da shunday holatni ko‘p kuzatardik. 2-3 nafar raqib futbolchisi orasidan aniq to‘p uzatish orqali sherikni yaxshi holatga chiqarish va hujumni tezlashtirishga e'tibor. Bizning futbolchilarimiz esa to‘pdan tezroq qutulishni o‘ylab, to‘pni qiyin vaziyatda turgan sherigiga oshirib, vaziyatni chigallashtirishni «qoyillatishadi». Yana orqaga to‘pni oshirishlar ko‘p. Murabbiylar buni sezishmaydimi?
Bir vaqtlar Madridning «Real» klubida darvozabonga to‘pni uzatish jarimaga tortilishi haqida eshitgandim. (Agar bizda ham shunday qilinsa, futbolchilarimiz qarzga botib ketishlari aniq!).
RePeTITsIYa SABOQLARI
Menimcha, termamizning o‘yini ushbu saralash bosqichida hali ham shakllanib ulgurgani yo‘q. Aksincha, avvalgi bosqichdagi o‘yinimiz tamomila boshqacha edi. To‘g‘ri, raqiblar saviyasida farq katta, lekin asosiy jihat bu emas. Shimoliy Koreya bilan Toshkentdagi o‘yinni eslang. O‘sha raqib ham kuchsiz emasdi. Birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborib, keyin 3ta to‘p kiritgandik. Undan oldin oxirgi marta qachon shunday natijaga erishganimizni bilmayman (Albatta, JCh-2014 saralashida Qatarga qarshi o‘yindagi natijadan tashqari).
Bu yerda muhimi terma jamoaning o‘yin uslubi ancha mukammal, kombinatsiyalar rangbarang, yigitlardagi ishtiyoq juda yuqori edi. Sergeyev, Jyeparov va Rashidovning o‘sha o‘yinlari qayoqqa ketdi? Buning izohini Babayandan so‘raylikmi yoki futbolimizdagi beqarorlikka yo‘yaylikmi?
Yana 6 iyundagi o‘yin tahliliga qaytamiz. Tailandliklar birinchi bo‘lib darvozamizga to‘p kiritishgandi, faqat vaziyatni o‘yindan tashqari holatda deb baholagan hakam golni hisobga olmadi. Uchrashuv repetitsiya maqomida o‘tganini hisobga olsak, bu vaziyat tahlilga arziydi. O‘sha holatda himoyachilarimiz pastroq bo‘yli tailandlik futbolchilarga havodagi kurashda yutqazishgandi. Albatta noto‘g‘ri pozitsiya tanlangani uchun. Eronliklar bilan o‘yinda bunday xatolar kechirilmaydi. Forslar aynan standart vaziyatdan Toshkentda Lobanovni ojiz qoldirishgandi. Yana bir holat, uchrashuvda tailandliklarga ko‘plab standart vaziyatlar uchun imkoniyat berildi. Sharqiy osiyoliklar bunday imkoniyatlardan unumli foydalana olishmadi. Biroq bu eronliklar uchun sovg‘adek gap. Chunki Eron terma jamoasida bo‘ydor, bosh bilan yaxshi o‘ynaydigan futbolchilar yetarlicha topiladi.
Samvel Babayan uchrashuvga bir nechta yangi futbolchilarni chaqirgan bo‘lsa hamki, ko‘proq avvalgi tarkibga e'tibor qaratishni maq'ul ko‘rdi. Ayniqsa, Javohir Siddiqov maydonga tushishini kutgandim. Aslida, bizga maydon markazida nostandart fikrlaydigan, yaxshi tezlik va texnika sohibi bo‘lgan ijrochi juda ham kerak. Hozirgi o‘yinimiz ko‘proq qanotda harakat qilayotgan vingerlarga bog‘lanib qolgan. To‘g‘ri, ayni paytda ishongan o‘yinchimiz Odil Ahmedov aynan maydon markazida o‘ynamoqda. Ammo Jyeparov avvalgidek (balki shunga ko‘nikishimiz ham kerakdir, axir yoshi ham 35da. Zidan bu yoshida futboldan ketgandi, Xavi esa Qatarga yo‘l olgandi) o‘ynay olmayotganini hisobga olib, Javohirni Serverni o‘rnida bemalol sinab ko‘rsa bo‘lardi. Server chiqib kelgan paytlarda markazda kimsan Mirjalol Qosimov va Vladimir Maminov bor edi. Jyeparovga bir ustunlik bergan omil «Paxtakor» o‘sha paytlarda O‘zbekistonda gegemon, Osiyoda ham o‘z obro‘siga ega edi. Server esa bu jamoada yetakchilardan biri sanalardi. Shu bois unda xalqaro tajriba ham yetarli bo‘lgan. Shuning uchun unga bemalol ishonilardi. Siddiqov esa «Qo‘qon 1912»da bunday imkoniyatga ega bo‘lmaydi. Tailand bilan o‘yin esa uning terma o‘yiniga moslashishi va imkoniyatlarini ko‘rsatib berishi uchun ayni muddao edi. Rossiya U21 bilan o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida bu futbolchi yaxshi salohiyatga egaligini anglagandim.
Jaloliddin Masharipovning terma jamoaga chaqirilishini rosa kutganman. Xorazmlik bu yigit yaxshi ijrochi faqat «avji»ga kelganda to‘pni ortiqcha o‘zida olib qoladi. Agar bu kamchiligini bartaraf etsa, termamiz uchun juda foydali futbolchiga aylanardi. Masharipovda tezlik, texnika, dribling hammasi bor. Gap bu yerda murabbiylar unga kerakli nuqtani topib bera olishida. Fergyuson qo‘l ostida «MYu»ning asosiy tarkibida o‘ynagan Jon O'shi va Fletcher o‘rtamiyona klublarda ham yetakchi bo‘la olishmasdi. Skolari «Bunyodkor»da katta ish qilib qo‘ygani yo‘q, o‘zbek futboliga ham arzuglik biror naf bergani yo‘q, ammo ko‘z o‘ngimizda murabbiylarimizga bemalol «shpargalka» bo‘la oladigan saboqni bergandi 2009 yilgi Toshkent derbisida. «Paxtakor»ga qarshi uchrashuvda braziliyalik mutaxassis Jasur Hasanovni chap qanotdan hujumga o‘tkazgandi. Natijada Jas (Skolari uni shunday atardi) o‘yin taqdirini hal qiluvchi gollarni urgandi. Jasur odatda qanotda tezligi evaziga raqiblarni ortda qoldirib, keyin to‘pni jarima maydonchasiga uzatardi. Bu yerda hujumchilar va raqib himoyachilariga bog‘liq bo‘lib qolardi gol urish masalasi. Skolari variantida esa u sof hujumchi o‘rnida harakatlanib, pressing natijasida olib qo‘yilgan to‘pni jamoadoshidan darhol qabul qilib, tezlik bilan himoyachilardan qochib ketishi orqali darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib gol urishi kerak edi. Rivaldoning ideal darajadagi to‘pni uzatishlari natijasida Hasanov rejani a'lo darajada bajargandi. Massimiliano Allegri ham YeChL chorak finalida «Monako»ga qarshi yarim final uchrashuvlarida aslida qanot himoyachisi sanalgan tezkor va yuqori texnika sohibi bo‘lgan Daniel Alveshni hujumkor yarim himoyachi sifatida maydonga tushirgandi. Natijada «Yuventus»ning finalga chiqishida Alveshning hissasi katta bo‘ldi. Yevro-2012 finalida Visente del Boske Ispaniya terma jamoasini nominal hujumchisiz maydonga tushirgandi. O‘yin esa 4:0 hisobida uning shogirdlari g‘alabasi bilan tugagandi. Ispan mutaxassisi tanlagan o‘sha tarkibda 5-6 nafar futbolchi bor ediki, ular bemalol hujumlar tashkil qilishda ishtirok eta olar, kerak vaziyatda gol ham ura olardi. Demoqchi bo‘lganim, murabbiy futbolchidan qanday foydalanishni bilishi juda muhim. Jamoani bir mexanizmga qiyoslasak, har bir futbolchi alohida detal. Maydonda amplualarga qarab futbolchilarni qoliplash to‘g‘ri emas. Maydondagi asosiy vazifa darvozaga to‘p kiritish bo‘lar ekan, buning uchun doimo yangiliklar ustida izlanishda bo‘lish lozim. Maqtaydimi, garov bog‘laydimi yoki boshqa yechim o‘ylab topadimi farqi yo‘q, shogirdlarini ruhlantirishi va imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishi kerak. Guus Hiddink Janubiy Koreya va Rossiya termalarida, Shenol Gunesh Turkiya termasida muvaffaqiyatga erishishida futbolchilarning imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalana olgani asosiy omil bo‘lgan. Murabbiylikka yaqinda kirib kelgan Samvel Babayanga aynan shunday xislatlar yetishmayapti. Chunki bu tarkib bilan katta natijalar qayd etsa bo‘ladi.
Vadim Abramov ham, Samvel Babayan ham bosh jamoa boshqaruvida turgan vaqtda o‘zi ishlagan tarkibga eng kuchli tarkib degan ta'rifni bergandi. Aslida ham shundaymi yoki bu shogirdlariga qandaydir o‘ziga xos ruhiy ta'sir o‘tkazishning yo‘limi bilmadim-u jahon futbolida shunga o‘xshagan holatni kuzatishga o‘rganib qoldik. Bosh murabbiyning shogirdlari haqida tinmasdan ijobiy fikr bildirishi odatiy holatga aylanib ulgurdi. Konte ham, Zidan ham, Mourino ham shu usulni amalda qo‘llayapti. Ehtimol, zamonaviy dunyo futbolchilari juda erkatoy bo‘lib ketishgandir. Hozirgilar butsa otib qosh yoradigan Fergyussonlarga emas maqtovlar yog‘diradigan ustozlar uchun o‘ynashni istashar? Axir hozirgi zamon yoshlari ilgaridagidek itoatkor emas, balki bolaligidanoq egoist bo‘lib shakllanishyapti-ku!?
Abramov garchi Osiyo chempionligini va'da qilib bajara olmagan bo‘lsa-da, terma jamoada yaxshi natijaga erishgandi. Muhimi, o‘yin uslubini o‘zgartirishga harakat qildi, futbolchilar o‘ziga ishonib o‘ynay boshladi, natijalar borasida o‘sishga erishilgandi. Uning to‘liq shakllanmagan (ijrochilar yetarli bo‘lmaganligi sababli) «kataloncha» uslubi ko‘pchilikka manzur bo‘lgandi. Babayan esa terma jamoadagi bor potensialdan samarali foydalana olmayapti. Hozirgi tarkibda texnik jihatdan ancha yuqori saviyali va tezkor futbolchilar bor. Faqat ulardan mukammal JAMOA yaratish uchun ancha kuchli mutaxassisni jalb etish kerak edi.
MURABBIY VA FUTBOLChILARGA MUROJAAT
Futbolimiz atrofidagilar hozirgi ahvolimizdan qanchalik bezovta bo‘lishyotgan bo‘lsa, futbolimiz ichidagi mutasaddilar shunchalik xotirjamdek ko‘rinyapti. Bu bamaylixotirlikning mevasi o‘laroq, «Ozodiy»dagi o‘yinni intiqlik bilan emas kuchli xavotir bilan kutishga majburmiz.
Qorbobo borligiga yoshgina bolakaylar ham ishonmaydigan zamonda yashab turib ham futboldagi mo‘'jizalarga shu paytgacha ishonib keldik biz kattalar. Endi ertaklarga ishonmay qo‘ydik deymiz-u, baribir nimadir kutyapmiz. Xuddi munosabatlariga so‘nggi nuqta qo‘yilganini ich-ichidan his etib turib, hatto hammasi tamomligi qulog‘i tubida baralla yangragan bo‘lsa ham baribir ma'shuqasidan ko‘ngil uzib keta olmayotgan oshiqqa o‘xshaydi holatimiz. Negaki, u mahbubasini qattiq sevadi. Biz ham Vatanimizni sevamiz. Shuning uchun bariga bor-e deb qo‘l siltay olmaymiz. Qalbimizning tub-tubida yashayotgan nimjongina umid bor va biz uni yo‘qotishimiz mumkin bo‘lgan daqiqalar tomon soatlar sayin yaqinlashyapmiz. Ana shu lahzalarda janob Babayan biz sizga ishonishga MAJBURMIZ. Faqat bu ishonchimiz sizning murabbiylik salohiyatingiz tufayli emas, O‘ZBeKISTON nomidan kurashayotganingiz uchundir. To‘g‘ri, bizdan ancha aqlliroqsiz yo‘qsa, terma jamoa bosh murabbiyligini qanday qo‘lga kirita olardingiz. Ammo siz menejyerlikdan murabbiy bo‘la olasiz-u, biz muxlis va jurnalist sifatida hech bo‘lmaganda maslahat berishga haqli emasmizmi? Yevropada o‘z so‘zini aytayotgan legionerlari bo‘lgan Janubiy Koreya gol ura olmagan Eronda har tomonlama (kayfiyat, ishtiyoq, tayyorgarlik, tarkib) ustundek ko‘rinayotgan pallada ularni Shiroq kabi ustomonlik bilan yengib bizni uyaltirib tashlang! Doro kuch qudratda tengsiz qo‘shinga ega bo‘lib bir VATANPARVAR, uddaburon cho‘ponning tadbiri oldida ojiz qolgandi. Jahon futbolida tan olingan Italiya murabbiylar maktabida bo‘lajak murabbiylar ongiga eng avvalo «yengilmaydigan raqibning o‘zi yo‘q» degan falsafa singdirilar ekan. Siz qolgan uchrashuvlarda ayni shu falsafaga ishongan holda shogirdlaringizni ham ishontiring. O‘yinni himoyadan quring. Tabiiyki, JCh yo‘llanmasini muxlislari qarshisida qo‘lga kiritishni maqsad qilayotgan raqib ko‘plab hujumlar qilishga harakat qiladi. Shogirdlaringizga bundan cho‘chimasdan tartibli harakat qilishni uqtiring. Qatar bilan o‘yindagi kabi gol urish uchun shoshilish kerak emas. Raqib tomonda 30-40 metr atrofida bo‘sh zona qoldirishni shogirdlaringizdan talab qiling. Eron yuqori ambitsiya bilan OLOV bo‘lib maydonga tushadi. Siznikilar MUZ kabi sovuqqonlik bilan vaziyatlar kutsin. Bizda tezkor futbolchilar ko‘p. Rashidov ham Masharipov ham Shomurodov ham tezlik evaziga vujudga keltirilgan bo‘sh zonaga yaxshi bir pas orqali qochib ketib darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib keta oladi. 90daqiqada 4-5 marta bunday imkoniyat yaratsa bo‘ladi. Yigitlarimiz jarima maydonchamizga yaqin bo‘lgan hududda zich joylashgan holda raqibni jon-jahdi bilan qarshi olish kerak. Oldinga faqat ko‘proq 3-4 gol bilan yakunlovchi ijrochilar kerak. Vaziyat bo‘ldi deguncha qarshi hujumga tez o‘tib ketishga tayyorlanishi kerak ular. Qariya Fergi Ronaldu, Runi va Giggz uchligidan muhim uchrashuvlarda shunday foydalangan. Jarima maydoni yaqinida himoyalana turib, pressing natijasida to‘pni olib qo‘ygancha, qo‘qqisdan tezda hujumga o‘tishni nazarda tutyapman. Bunday holatda maydonning raqib darvozasi joylashgan tomonida katta hudud ochiq qolib ketadi. 2009 yilgi Konfederatsiyalar kubogida Dunga Braziliya terma jamoasida shunga o‘xshash uslubni qo‘llagandi. Brazil mutaxassisi bu borada Kaka, Robino va Baptistadan foydalangandi.
Yoxim Lyov JCh-2010da Angliya va Argentinani, Lushan «Bunyodkor»da «Al Jazira»ni, siz esa 2014 yilda «Paxtakor» bilan «Lokomotiv»ni mehmonda xuddi shunday usulda dog‘da qoldirgandingiz. O‘sha Babayan qayoqqa ketdi balki tushuntirib berarsiz?!
O‘FF balki JChga chiqish vazifasini zimmangizga qo‘yib amalda bunga sharoit qilib bera olmaydigan darajasidagi mas'uliyatsizlar ishlaydigan tashkilotdir, Babayan bosh murabbiy bo‘lishga loyiq emasdir, endi bularni unuting. Ochkolar va qolgan imkoniyatimiz, guruhdagi raqiblar, Eronning kuch-qudrati, «Ozodiy»dagi bosim, yutsangiz, maqtovlari Arshu-a'logacha yetadigan, yutqazsangiz siz bilan qo‘shilib yig‘lash o‘rniga butun sulolangizni haqoratlab so‘kadigan muxlislar haqida o‘ylamang. Yutqazishdan aslo qo‘rqmang! Yelkangizdagi yuk salobati bosmasin sizni. Bilingki, inson farzandi zimmasida bundanda ortiq ma'suliyat bo‘la turib sharaf bilan vazifasini ado etgan. Lekin qo‘rqmagan, o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan. Minglab uchib kelayotgan kamon o‘qlaridan ham pulmotdan yog‘ilayotgan o‘qlar «yomg‘iridan» ham, tanklarni salobatidan yer zirillasa ham, to‘plar ovozidan hammayoq titrasa ham, bombalar yog‘ilib ulkan imoratlar portlab, shaharlarning kuli ko‘kka sovrilsa ham, Vatan va Ozodlik uchun jangga otlangan mard o‘g‘lonlarni aslo cho‘chita olmagan. 1914 yil qudratli Germaniyaning hujumlarini qaytarishga chog‘langan fransuz askarlari Verden qamali vaqtida «Ular o‘ta olmaydilar» shiori ostida jangga kirganlar va dushmanni mardonavor qarshi olib ortga chekintirganlar. Insoniyat tarixida bunday qahramonliklar ko‘p bo‘lgan. Oila tinchligi, Vatan ozodligi, insoniyat erki uchun kurash bo‘lgan fashizmga qarshi urushlarni ko‘z oldingizga keltiring. Endi o‘sha davr askari bilan solishtiringchi, zimmangizdagi mas'uliyat yuki, vahima va sizni tizzangizni qaltirashga sabab bo‘ladigan boshqa omillarni. Ular ham inson edi, faqat qo‘rqmagan, balki qo‘rquvdan ham yuqoriroq darajadagi hissiyotlar bilan kurashga kirgan. Ming-minglab dushman ichida o‘z vazifasini professional tarzda uddalagan razvedkachi yoki minalangan maydondagi sapyorlarning hayoti doim tahlikada ammo ular sovuqqonlik bilan ishini to‘g‘ri bajarishiga bu narsa xalaqit bermagan. Siz ham professionalsiz. Ayni paytda 32 millionlik O‘zbekistonda eng sara futbolchilar sifatida tanlangansiz. Boringizni berib o‘ynang, imkoniyatlaringizni to‘laligicha namoyon qiling, raqibdan hayiqmang, mardonavor kurashing! Unutmang, jangda tirik qolgan qo‘rqoqlar emas, butun vujudi bilan kurashib, jonini ham ayamagan mardlar qahramon bo‘ladi!
Rahim Yusuf Ali
Mavzuga oid
14:32 / 29.06.2024
Rasman: «Navbahor» va Babayan o‘zaro kelishuvga asosan shartnomani bekor qilishdi
13:00 / 12.11.2022
Poytaxt klublarining 21 yillik hukmronligi davom etadimi? Toshkentda derbi, Kapadze – Berdiyev, Qosimov Babayanga qarshi
19:03 / 14.09.2022
O‘FA jurnalistga tazyiq o‘tkazgan Samvel Babayanga chora ko‘rdi
16:54 / 12.09.2022