Jamiyat | 10:26 / 13.06.2017
16437
2 daqiqa o‘qiladi

Kommunal sohada yangi avtomatlashtirilgan tizim ishga tushiriladi

Milliy matbuot markazida «O‘zkommunxizmat» agentligi tomonidan mintaqalararo suv quvurlari boshqarmalarida billing tizimini joriy qilishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 30 oktabrdagi «Suv ta'minoti va kanalizatsiya tashkilotlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida mazkur yo‘nalishdagi dolzarb vazifalar belgilab berilgan. Xususan, uy-joy fondini zamonaviy suv hisoblagichlar bilan jihozlash, kommunal xizmat ko‘rsatish va ichimlik suvi ta'minoti tashkilotlarida billing tizimini joriy etishga ahamiyat qaratilmoqda.

Billing – ko‘rsatilgan xizmatlarning avtomatlashtirilgan hisob-kitobini yuritish tizimi bo‘lib, ularni tarifikatsiya qilish va to‘lovlarni amalga oshirish, ko‘rsatilgan xizmatlar hisob-varaqasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Joriy yilning uchinchi choragi oxiriga qadar ishga tushirilishi ko‘zda tutilayotgan yangi avtomatlashtirilgan tizim iste'molchilarga doir ma'lumotlar bazasini shakllantirishni takomillashtirish, ma'lumotlarga ishlov berish tezligini oshirish va pul mablag‘larining o‘z vaqtida tushishi imkonini beradi. Natijada iste'molchilar real vaqt rejimida to‘lovni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Tadbirda Prezidentimizning shu yil 18 apreldagi «Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi, sohadagi yutuqlar bilan birga yechimini kutayotgan masalalar va ularni hal etishga yo‘naltirilgan loyihalar yuzasidan ma'lumot berildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid