Jamiyat | 17:52 / 15.06.2017
26008
11 daqiqa o‘qiladi

Yagona erkin almashtiriladigan valyuta bo‘lishi mumkinmi?

Foto: Flickr

Ma'lumki, dunyo hamjamiyati hozirgi moliyaviy inqirozdan qanday qilib chiqib ketish yo‘llarini qidirmoqda. Yuzaga kelgan ushbu inqirozni kelib chiqish sabablariga nazar soladigan bo‘lsak, buning sababi dunyoning barcha davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarda erkin almashtiriladigan valyuta sifatida eng ko‘p qo‘llaniladigan AQSh hukumatining pul birligi-dollarning moliyaviy inqirozi bilan bog‘liq. 

Dunyo ommaviy axborot vositalarida AQSh dollari moliyaviy inqirozining sababi AQSh hukumati tomonidan olib borilgan noqulay-nomutanosib iqtisodiy siyosat natijasi deb ko‘rsatib o‘tilmoqda. Umuman bunday moliyaviy inqirozlar bundan avvalgi paytlarda ham yuzaga kelgan va o‘zining salbiy oqibatlarini namoyon qilgan. 

Ushbu muammo bilan bog‘liq quyidagicha savol tug‘iladi albatta, ya'ni; moliyaviy inqirozni umuman paydo bo‘lmasligiga erishish mumkinmi yoki bunga erishish uchun davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarda yangicha iqtisodiy qonuniyatga asoslangan Yagona erkin almashtiriladigan valyuta(YaEAV)ni yaratish mumkinmi? Ushbu savolga men quyidagi ko‘rinishdagi yangicha moliya institutlari tashkil qilinganda YaEAVni yaratish mumkin deb hisoblayman va bu borada o‘z fikrimni bayon qilmoqchiman.

Birinchidan, barcha davlatlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini o‘zida doimiy mujassamlashtirib turadigan Markaz faoliyat ko‘rsatishi lozim. Ushbu Markazni tashkil qilishdan maqsad barcha davlatlar iqtisodiy ko‘rsatkichlariga asoslangan, hozircha bizga noma'lum bo‘lgan YaEAVning qadrini doimiy aniqlab borish hamda uning muomalasini ta'minlashdan iboratdir. Markazga barcha davlatlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlari YaEAV pul birligida ifodalangan ko‘rinishda va aniq kelishilgan reglament asosida barcha davlatlarning Markaziy Banklari tomonidan doimiy yuborib turilishi ta'minlanishi lozim. Dastlab, Markazning ishini tashkillashtirishda, YaEAVning kursi noma'lum bo‘lganligi sababli, ushbu iqtisodiy ko‘rsatkichlarni taxminiy YaEAV kursi bo‘yicha ifodalab ko‘rsatish zarur. Taxminiy YaEAVning kursini esa hozirda butun dunyoda muomalada bo‘lgan AQSh dollarining kursi bilan bir xilda ifodalangani ma'qul. 

Misol uchun, ma'lum bir davlatning Markaziy Bankidagi oltin zaxirasi ko‘rsatkichi shu bugungi kundagi jahon bozoridagi oltinning bahosiga ko‘ra 1kg = 1 200 000 AQSh dollariga teng bo‘lsa, ushbu AQSh dollari o‘rniga YaEAV ko‘rsatiladi. Shu tariqa boshqa aktivlar ko‘rsatkichi ham jahon bozoridagi AQSh dollarida ifodalangan narxlardan kelib chiqib, AQSh dollarining o‘rniga YaEAV ko‘rsatkichida ifodalanadi. So‘ngra, barcha davlatlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlari Markazda yig‘ilib, unga ko‘ra, YaEAVning qadri belgilanib, u muomalaga kiritilgandan so‘ng, davlatlarning Markaziy Bankidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlari haqiqiy YaEAV bahosida ko‘rsatiladi va shu tariqa AQSh dollarida ifodalangan ko‘rsatkichlardan to‘liq kechiladi.  

YaEAVning qadri ushbu iqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida belgilansa-da, u hech qanday oltin va boshqa qimmatbaho aktivlar bilan ta'minlanmaydi. Buning sababini keyinroq tushuntirib o‘taman. 

Ikkinchidan, Markazda mujassamlashgan barcha davlatlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlari - YaEAVning qadriga nisbatan har qanday davlatning pul birligi ekvivalent kursini aniqlash imkonini beradi. Ushbu aniqlangan kursga ko‘ra, YaEAV quyidagi ikki xil ko‘rinishda muomalaga kiritilishi mumkin:

1) Har qanday davlatning Markaziy Banki ma'lum miqdordagi o‘zining pul birligini YaEAVga ayrboshlash uchun Markazda ochilgan doimiy nazoratda ishlaydigan hisob raqamga ko‘chiradi va Markazdan shu kungi ekvivalent kurs bo‘yicha hisoblangan YaEAVning miqdori shu davlat Markaziy Banki hisob raqamiga ko‘chirib beriladi. 

2) Xuddi hozirgidagidek, davlatlar o‘rtasidagi savdo-sotiq va boshqa iqtisodiy aloqalar orqali YaEAV muomalada bo‘ladi.

Naqd YaEAV muomalasi xususida.

Naqd ko‘rinishdagi YaEAV muomalasi uchun xuddi hozirgidagidek muhrlovchi stanok faoliyat ko‘rsatadi va u faqatgina Markazning ixtiyoriga ko‘ra YaEAVning kerakli miqdorini muhrlaydi va muomalaga kiritadi. 

Uchinchidan, yuqorida aytib o‘tilgan YaEAVning davlatlar o‘rtasidagi ikki xil ko‘rinishdagi muomalasi harakatini doimiy nazoratini yuritish uchun Butun jahon Banki (keyingi o‘rinlarda Bank deyiladi) ish yuritishi lozim bo‘ladi. Butun jahon Bankining funksiyasiga Markazdan muomalaga chiqarilgan YaEAVning har bir davlatdagi miqdorini va harakatini nazorat qilib turish kiradi. Buning uchun yuqorida aytib o‘tilgan YaEAVning har ikki xil ko‘rinishdagi muomalasi ham ushbu Bank hisob raqami orqali aylanishi lozim. 

Shuni qayd etish kerakki, har qaysi davlat o‘z ixtiyoridagi YaEAVni o‘zining pul birligiga ayirboshlashni xohlaganda yuqorida keltirilgan birinchi ko‘rinishdagi YaEAVning muomalaga kiritilishi tartibiga teskari ko‘rinishdagi operatsiya amalga oshiriladi. Ya'ni, ma'lum bir davlatning Markaziy Banki ma'lum miqdordagi YaEAVni o‘zining pul birligiga ayirboshlash uchun Markazda ochilgan doimiy nazoratda ishlaydigan hisob raqamga YaEAV miqdorini ko‘chiradi va Markazdan shu kungi ekvivalent ayirboshlash kursiga ko‘ra hisoblangan shu davlatning pul birligi miqdori ushbu davlat Markaziy Banki hisob raqamiga ko‘chirib beriladi. 

Endi asosiy tushunchaga kelamiz. Shuni qayd etish kerakki, YaEAVni muomalaga kiritish bilan bog‘liq yuqorida aytib o‘tilgan birinchi operatsiya ko‘rinishi natijasida Markazning hisob raqamiga YaEAVni ekvivalent ayirboshlash uchun kelib tushgan har bir davlatning pul birligi miqdori yoki unga teskari bajarilgan operatsiya (bundan yuqoridagi xat boshidagi jumlada keltirilgan) tufayli Markazning hisob raqamiga kelib tushgan har bir davlatning pul birligi miqdori yoki YaEAV miqdori hech qanday qadr-qimmatga ega bo‘lmaydi. Ya'ni, u shunchaki YaEAVni muomalaga kiritish uchun bajariladigan operatsiyalardir. Shu sababli, ushbu operatsiyalar natijasida Markazning hisob raqamida hosil bo‘lgan har bir davlatning pul birligi va YaEAV miqdorlarining shunchaki, nazorat uchun hisobi yuritiladi xolos. Aslida, har bir davlat pul birligining qadr-qiymati ma'lum iqtisodiy qonunlarga ko‘ra, shu davlatning oltin va boshqa qimmatbaho aktivlari bilan ta'minlangan bo‘ladi. Shu sababli, ma'lum miqdordagi YaEAVga ega bo‘lgan davlat aslida, ushbu YaEAVning ekvivalent kursiga teng ravishdagi o‘zining pul birligi miqdoriga ega bo‘lib hisoblanadi. Buni yana ham ochiqroq aytganda, har bir davlatda zaxirada bo‘lgan YaEAV uchun Markaz faqatgina ekvivalent kurs bo‘yicha shu davlatning pul birligiga ayirboshlash yoki yuqorida aytilgandek, teskari operatsiyani amalga oshirish majburiyatini oladi xolos. Ya'ni, YaEAV - bu davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirishda qo‘llaniladigan yagona pul to‘lovi vositasi bo‘lganligi va uning muomala harakatini ta'minlash uchun ham shunday tizim qullaniladi.   

YaEAVning muomalada bo‘lishi uchun yuqorida keltirilgandek, 3ta sub'yekt uzviy bog‘liq holda qatnashadi. Ya'ni bular:

1)    Markaz 

2)    Butun jahon Banki

3)    Barcha davlatlarning Markaziy Banklari.

Agarda YaEAV muomalasi bilan bog‘liq ushbu tartibning amalga oshirish mexanizmi to‘g‘ri deb topilganda;

- Davlatlar o‘rtasidagi to‘lov vositasi sifatida faqatgina YaEAV muomalada bo‘lishi uchun barcha davlatlar hamda YaEAV operatsiyalarini ta'minlab beruvchi tegishli moliya institutlari (Markaz, Butun jahon Banki va boshqalar) o‘rtasida tegishlicha normativ hujjatlar ishlab chiqilib, imzolanishi lozim. 

- Bundan tashqari, har bir moliya institutining ish tartibini belgilaydigan o‘z Nizomi va boshqa tegishli tashkiliy ishlar belgilanadi albatta.

Ammo, shuni alohida qayd etish kerak-ki, YaEAVning nechog‘lik to‘g‘ri muomalada bo‘lishi - bu uning qadr-qiymatini to‘g‘ri belgilanishi va barcha pog‘onalarda uning harakatini qattiq nazoratga olinganligi bilan bog‘liq. Bu birinchi navbatda Markaz tomonidan davlatlarning Markaziy Banklari ishini nazorat qiluvchi yagona tizim yaratilishi bilan bog‘liq. Albatta, bunday qattiq nazorat o‘rnatish uchun har bir pog‘onaning javobgarlik masalalarini (jumladan, tartib buzilish holatiga yo‘l qo‘ygan sub'yektga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash va boshqa huquqiy javobgarliklar) belgilash hamda YaEAV muomalasi ishtirokchilari ishini doimiy nazorat qilib turish uchun ham tegishli xalqaro normativ hujjatlar ishlab chiqilishi lozim.

Bunday YaEAV operatsiyalarini tashkil etishning yutuqlari quyidagilardan iborat:

1)    Ma'lum bir davlatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga emas, balki jahon iqtisodiyoti ko‘rsatkichlariga asoslangan yagona erkin almashtiriladigan valyuta amalda bo‘lishi ta'minlanadi. Bu esa ushbu valyutaning qadr-qiymatini oshkoralik prinsipi asosida belgilash imkonini beradi. 

2)    Naqd ko‘rinishdagi YaEAVni qaysidir davlatning pul muhrlovchi stanogi emas, balki barchaning nazoratida bo‘lgan Markazning ixtiyori bilan muhrlanib muomalaga chiqariladi. Markaz hech bir davlatga bo‘ysunmaganligi sababli, bu ishda ham haqiqiy iqtisodiyot va oshkoralik prinsipiga erishiladi. 


3)    YaEAVning yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek muomalada bo‘lishi dunyo bo‘yicha moliyaviy inqirozni keltirib chiqarmaydi. Ayrim davlatlarda moliyaviy inqiroz yuzaga kelishi mumkin, ammo bunday moliyaviy inqiroz ikkinchi bir davlatga tarqalmaydi.

4)  YaEAVning muomalaga kiritilishi bilan bog‘liq birinchi ko‘rinishda aytib o‘tilganidek, har bir davlat o‘zining pul birligini Markaz orqali YaEAVga ayirboshlashi mumkinligi nafaqat moliyaviy inqirozni oldini olishga xizmat qiladi, balki davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yuqori ko‘rinishda rivojlanishiga olib keladi. Ya'ni, bu bilan har bir davlatdagi erkin almashtiriladigan valyuta tanqisligi masalasi barham topadi va har bir davlatga erkin iqtisodiyot yuritishi uchun keng yo‘l ochib beriladi.

DSB xodimi
A.Yo‘ldoshev 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid