Sport | 18:07 / 23.06.2017
46571
2 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul»ning sobiq futbolchisi «Paxtakor»ga o‘tishi kutilmoqda

Turkiyaning «Beshiktosh» klubi niderlandiyalik hujumchisi Rayan Babel Toshkentning «Paxtakor» klubiga o‘tishi mumkin. Bu haqda Tribuna.Uz nashriga vaziyatdan xabardor manbalar ma'lum qilgan.

Toshkentliklar jamoasining yangi bosh murabbiyi Shota Arveladze 2012-2015 yillarda Turkiya chempionatida ishlagan, u «Qosimposho»da Babelga murabbiy bo‘lgan.

Ayni vaqtda 31 yoshda bo‘lgan Rayan Babel 2003-2007 yillarda «Ayaks», 2007-2011 yillarda «Liverpul», 2011-2012 yillarda «Hoffenhaym» klublari safida to‘p surgan, 2012 yilda yana «Ayaks»ga qaytgan, bir mavsumdan so‘ng Turkiyaga, «Qosimposho»ga yo‘l olib, 2015 yilgacha shu jamoa safida to‘p surgan, 2015-2016 yilgi mavsumni BAAning «Al-Ayn» klubida o‘tkazgan, 2016 yilda «Deportivo» a'zosi bo‘lgan, shu yil yanvarida esa «Beshiktosh»ga kelgan. U bu jamoa safida 17 o‘yinda maydonga tushib, 5ta golga mualliflik qildi.

Babel Niderlandiya terma jamoasi safida 43 o‘yin o‘tkazib, 5 gol urgan. U milliy terma jamoaga 2011 yildan buyon chaqirilmagan.

Ma'lumot uchun, transfermartkt.de ushbu futbolchining transfer qiymatini 4,25 mln yevro etib baholagan.

Bundan avvalroq «Paxtakor» Shota Arveladze ortidan uning jamoalarida to‘p surgan chernogoriyalik futbolchi Marko Simichni o‘z safiga qo‘shib olgandi.

Mavzuga oid