Sport | 13:12
6225
3 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» superkubokdagi hakamlik yuzasidan shikoyat kiritdi

O‘yinning ikkinchi bo‘limida, hisob 0:1 bo‘lib turganida Ibragimovning zarbasidan so‘ng to‘p jarima maydoni ichida «Neftchi» futbolchisining qo‘liga tekkan.

Foto: Videodan kadr

Toshkentning «Paxtakor» klubi O‘zbekiston superkubogi uchun finalda Farg‘onaning «Neftchi» klubiga qarshi o‘yindagi mag‘ubiyatdan so‘ng o‘yindagi hakamlik ustidan shikoyat kiritdi.

«O‘zPFL reglamentiga binoan jamoamiz O‘zbekiston superkubogidagi hakamlik ustidan shikoyat kiritish huquqidan foydalanganini ma’lum qiladi.

Bahsning 51-daqiqasida Ibrohim Ibragimov bergan zarbadan keyin raqib himoyachisi (Boyan Tsiger) to‘pni qo‘li bilan qaytardi. Bu holatda uning qo‘li notabiiy holatda – tana hajmini kengaytirish uchun turgandi. Biroq na bosh hakam, na VAR hakamlari bu vaziyatda to‘p qo‘l bilan o‘ynalganini ko‘rishmadi. Takroriy lavhalarda esa qo‘lning tanadan maksimal notabiiy ravishda cho‘zilganini ko‘rish mumkin», – deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, so‘nggi yillarda shunga o‘xshash vaziyatlarda «Paxtakor» darvozasiga belgilangan 4 penaltiga oid skrinshotlar keltirilgan.

«Paxtakor» futbol klubi barcha yoshdagi milliy jamoalarga eng ko‘p nomzodlarni yetkazib berganligi bilan faxrlanadi. Ilk bor jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlari final bosqichi yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishida ham jamoamiz tarbiyalanuvchilari hamda futbolchilarining o‘rni beqiyos bo‘lgan. Umid qilamizki, futbolimizda adolat bor va hakamlar mavsum davomida bellashuvlarni odilona boshqarib borishadi. Vaziyat «Paxtakor» futbol klubining hafsalasini pir bo‘lishigacha yetib bormagan.

Biz nafaqat jamoamiz, balki Superliga, Proliga va birinchi liga uchrashuvlarining barchasida adolatli hakamlik bo‘lishini xohlaymiz. Chunki o‘zbek futbolini yanada rivojlantirish uchun hamisha halol va adolatli o‘yinlar zarur deb hisoblaymiz», – deyiladi klub bayonotida.

Ma’lumot uchun, o‘yinda Temur To‘xtasinov boshchiligidagi hakamlar brigadasi ishladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid