Jamiyat | 00:38 / 24.06.2017
82293
13 daqiqa o‘qiladi

Hayit bayramini munosib kutib olishning 17 odobi

Mana, kun sayin ulug‘ bayramlardan biri Ramazon hayiti yaqinlashib kelmoqda. Musulmonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlaridan buyon bu bayramni orziqib, alohida ahamiyat bilan kutib oladilar. Bizlarni dorulomon yurtda tinchlik xotirjamlikda ro‘za tutish baxtiga musharraf qilgan hamda uning nihoyasidagi hayit bayrami shodliklariga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!

Hayit bayramlarida  yoshu-qari, boyu-kambag‘al jamiyat vakillarining barchalari shodu-xurram bo‘lishib, bir-birlariga xursandchilik izhor qiladilar. Bu ulug‘ bayramlardan biri Ramazon ro‘zasi tugaganidan so‘ng, ikkinchisi esa hojilar Arafotda turganlaridan so‘ng nishonlanadi. Musulmonlar hamisha orziqib kutadigan ushbu ikki hayit bayramlariga taalluqli bir qancha odoblar bo‘lib ularga amal qilish bu bayramlardagi xursandchiliklar to‘liq bo‘lishiga va eng muhimi ko‘plab ajru savoblarga ham ega bo‘lishga sabab bo‘ladi. Hayit bayramlarining odoblari deganda asosan quyidagi odoblar tushuniladi:  

Birinchi odob: yaxshi niyat qilish

Musulmon kishi barcha ishlarida bo‘lgani singari hayit bayramlarida bajaradigan barcha ishlarini ham yaxshi niyatlar bilan ado etishi lozim. Masalan, hayit namoziga otlanar ekan zimmasidagi vojib amalni ado etishni niyat qiladi, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalarini bajarish niyati bilan yaxshi kiyimlarini kiyib chiqadi, silai rahm niyati bilan qavmu-qarindoshlarini ziyorat qilishga harakat qiladi va hokazo barcha amallarida ezgu niyat qilinadigan bo‘lsa, xursandchiliklardan tashqari ko‘plab ajru mukofotlarga ham ega bo‘ladi.  

Ikkinchi odob:  G‘usl qilish

Hayit bayramiga tayyorgarliklardan biri namozgohga g‘usl qilib, toza-ozoda bo‘lib chiqish hisoblanadi. Ushbu odobga rioya qilish tufayli boshqalarning undan aziyat chekishlarining oldi olingan bo‘ladi.

Uchinchi odob: Xushbo‘ylanish

Yuvinib toza-ozoda bo‘lganidan so‘ng shirin mushk va atirlar bilan xushbo‘ylanib chiqish ham bu kunning odoblaridan sanaladi.

To‘rtinchi odob: Yaxshi kiyimlar kiyish

Hayit kunida imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab bo‘ladi. Chunki bu ish Alloh taoloning bandasiga bergan ne'matlarini izhor etish, shodu-xurramligini namoyon qilish  bo‘ladi. Ulug‘ zotlarning hayit bayramlarida eng yaxshi kiyimlarini kiyganlari ma'lum va mashhurdir.

Beshinchi odob: Ramazon hayitida namozdan oldin «sadaqai fitr»ni ado etish

«Sadaqai fitr» ro‘zadan chiqish munosabati bilan beriladigan sadaqa hisoblanadi. Bu moliyaviy ibodat shariatimizda ro‘zadorning ro‘zasi komil bo‘lishiga xalal beradigan turli behuda gap-so‘z va hatti-harakatlardan poklash va miskinlarga taom bo‘lish ma'nosida joriy qilingan.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra «iydu fitr» kuni tong otishi bilan «sadaqai fitr»ni berish vojib bo‘ladi. Ammo undan oldin Ramazonning avvalgi kunlarida berish ham joiz hisoblanadi. “Sadaqai fitr”ni berish tufayli kambag‘allarning xonadonlariga ham xursandchilik ulashilgan bo‘ladi.

  عَنِ ابْنِ عُمَرَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمَرَ بِزَكَاةِ الْفِطْرِ أَنْ تُؤَدَّى قَبْلَ خُرُوجِ النَّاسِ إِلَى الصَّلاَةِ.  رَوَاهُ مُسْلِمُ

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini insonlar namozga chiqishlaridan oldin ado etilishiga amr qilganlar»Muslim rivoyat qilgan.

Oltinchi odob: Ramazon hayitida namozga chiqishdan oldin bir nechta xurmo yeb olish

Ramazon hayiti bayramida namozgohga chiqish oldidan biror shirinlik tanovul qilish sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ بُرَيْدَةَ عَنْ أَبِيهِ قَالَ كَانَ النَّبِىُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لاَ يَخْرُجُ يَوْمَ الْفِطْرِ حَتَّى يَطْعَمَ وَلاَ يَطْعَمُ يَوْمَ الأَضْحَى حَتَّى يُصَلِّىَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochish kunida (Ramazon hayitida) taomlanmasdan chiqmasdilar, qurbonlik kunida esa namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar». Termiziy rivoyat qilgan.

Boshqa bir rivoyatda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning taomlanib chiqishlari qanday bo‘lgani bayon qilingan:

عَنْ أَنَسٍ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لاَ يَغْدُو يَوْمَ الْفِطْرِ حَتَّى يَأْكُلَ تَمَرَاتٍ رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochish kunida (Ramazon hayitida) bir nechta xurmo yemasdan (namozgohga) chiqmasdilar». Buxoriy rivoyat qilgan.

Shunga ko‘ra Ramazon hayti kuni ertalab namozgohga chiqish oldidan bir nechta xurmo yeb olish sunnat hisoblanadi. Hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xurmodan toq yeb chiqishlari ham rivoyat qilingan.

Yettinchi odob: Qurbon hayitida qurbonlik qilishdan oldin hech narsa yemaslik

Qurbon hayitida Ramazon hayitining aksi o‘laroq to hayit namozini ado etilgunicha taomlanmaslik, balki so‘ygan qurbonligining go‘shtidan yeyishi sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:

وَلاَ يَطْعَمُ يَوْمَ الأَضْحَى حَتَّى يُصَلِّىَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Nabiy sollallohu alayhi vasallam qurbonlik kunida namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar. Termiziy rivoyat qilgan.

Sakkizinchi odob: Hayit namoziga erta borish

عَنِ الْبَرَّاءِ قَالَ سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَخْطِبُ فَقَالَ إِنَّ أَوَّلَ مَا نَبْدَأُ مِنْ يَوْمِنَا هَذَا أَنْ نُصَلِّيَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ أَصَابَ سُنَّتَنَا     رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Barro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xutba qilayotib shunday deganlarini eshitganman: albatta ushbu kunimizda avval boshlaydigan narsamiz namoz o‘qishimizdir, so‘ngra qaytib qurbonlik qilishimizdir, kimki shunday qilgan bo‘lsa, albatta bizning sunnatimizni topibdi». Buxoriy rivoyat qilgan.

Ushbu hadis hayit kunida dastlab namozga chiqish uchun tayorgarlik ko‘rish va unga erta borish lozimligiga dalolat qiladi.

To‘qqizinchi odob: Masjidga piyoda yurib borish

Hayit kuni agar kasallik, uzoqlik va qoru-yomg‘ir singari biror uzr bo‘lmasa namozgohga piyoda yurib borish sunnat hisoblanadi. Bizning hanafiya mazhabimizda ayollarning hayit namozlariga chiqishlari makruh sanaladi.

O‘ninchi odob: Masjidga borgunicha ovozini chiqarib tahlil va takbir aytib borish

Hayit namozini o‘qish uchun uydan chiqilgan paytdan to namozgohga yetib borguncha «La ilaha illalloh» va «Allohu akbar» larni aytib borish ham sunnat hisoblanadi. Ushbu sunnatni ado etish Islom shiorini izhor qilish va hayit bayrami kelganidan shodlanish ifodasi, hamda ushbu kunning oldingi va keyingi kunlardan farqli kun ekanini barcha insonlarga bildirish hisoblanadi.

O‘n birinchi odob: Hayit namozidan oldin boshqa biror nafl namoz o‘qimaslik

 

Hayit namozgohiga yetib borgandan so‘ng tahiyyatul masjid yoki boshqa biror nafl namoz o‘qimasdan tahlil va takbirlar aytib zikr qilib o‘tirish sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ لَا يُصَلِّي قَبْلَ الْعِيدِ شَيْئًا فَإِذَا رَجَعَ إِلَى مَنْزِلِهِ صَلَّى رَكْعَتَيْنِ   رَوَاهُ ابنُ مَاجة

Abu Sa'iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iyddan oldin hech narsa o‘qimas edilar, qachon manzillariga qaytsalar ikki rakaat namoz o‘qirdilar».  Ibn Moja rivoyat qilgan.

O‘n ikkinchi odob: Bir-birlari bilan ko‘rishib, hayit bilan muborakbod etish

Insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham barchaning ko‘ngliga xursandchilik ulashadigan bu kunning odoblaridan hisoblanadi. Hayit kunida bir-birlarini tabriklash ma'nosida o‘qiladigan muayyan duo bo‘lmasa ham, «Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin» ma'nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi.

O‘n uchinchi odob: Masjiddan uyiga qaytishda boshqa yo‘ldan qaytish

 

Hayit kunida namozgohdan uyiga qaytishda borgan yo‘lidan boshqa yo‘ldan qaytish ham sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:

عَنْ جَابِرٍ قَالَ كَانَ النَّبِىُّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ إِذَا كَانَ يَوْمُ عِيدٍ خَالَفَ الطَّرِيقَ    رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon iyd kuni bo‘lsa yo‘lni farqli qilardilar. Buxoriy rivoyati.

Ushbu sunnatga amal qilishning ko‘plab foydalari bordir. Avvalo namozga borib kelishdagi bosgan qadamlari ko‘payadi. Natijada savoblari ham o‘shancha ko‘payadi. Qolaversa boshqa yo‘ldan qaytishda yanada ko‘proq insonlarga xursandchilik izhor qilish va ularni hayit bilan qutlash imkoniyati ham oshadi. Eng muhimi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan bo‘ladi.

O‘n to‘rtinchi odob: Qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish

Aslida qavmu-qarindoshlarning holidan xabar olish barcha vaqtda ham musulmon kishining zimmasidagi vazifalardan hisoblanadi. Hayit kunlaridek xursandchilik kunlarida esa bu vazifa yana ta'kidlab eslatib qo‘yilgan. Bu ham dinimizning go‘zalligidan hisoblanadi. Qavmu-qarindoshlar ziyorat qilinganda hayitdagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ham ulashiladigan bo‘lsa o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi.

O‘n beshinchi odob: Qo‘ni-qo‘shnilarni bayram bilan tabriklash

Hayit munosabati bilan qo‘ni-qo‘shnilarga taom ulashish va ularni ziyorat qilish ham hayit xursandchiliklarini yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladigan amallardan hisoblanadi.

O‘n oltinchi odob: Yosh bolalarni xursand qilish

Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e'tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, hayvonot bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonning belgilaridan hisoblanadi.

O‘n yettinchi odob: Turli isrofgarchiliklardan tiyilish

Hayit bayramida xursandchilik qilayotgan musulmon shariatda man qilingan ishlar bilan xursandchilik qilinmasligini aslo unutmasligi lozim. Shunga ko‘ra go‘yo «hayitda ruxsat» degandek turli noshar'iy o‘yin-kulgularga mashg‘ul bo‘layotganlar yoki aksincha shariat bayram qilib belgilagan kunni azaga aylantirib olayotganlar ushbu ulug‘ kunda shariatga zid ishlarni sodir etayotgan bo‘ladilar. Zero hayit kuni ham musulmon kishining boshqa kunlari singari yaxshilik va xayr-baraka kuni bo‘lishi, gunoh va ma'siyatlar sodir etadigan kun bo‘lmasligi kerak.

Barcha holatlarimizda dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq hayot kechirishga Alloh taolo hammamizni muvaffaq qilsin. Hayit bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!

Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin!

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Abdulqodir Abdur Rahim

Mavzuga oid