Iqtisodiyot | 20:48 / 26.06.2017
13782
2 daqiqa o‘qiladi

Eron isbotlangan gaz zaxiralari bo‘yicha yetakchilik qilmoqda

Eron isbotlangan tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha davlatlar o‘rtasida yetakchilik qilmoqda.

2016 yil holatiga ko‘ra, Eron dunyoda isbotlangan 186,6 trln kub metr gaz zaxiralaridan 33,5 trln kub metriga ega.

BP kompaniyasi tomondan chop etilgan 2017 yilgi jahon energetikasi statistik sharhida  (Statistical Review of World Energy 2017) keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, mavjud gaz zaxiralari jahon iqtisodiyotining ehtiyojlarini 50 yildan ko‘proq muddatga qoplashga yetarlidir.  

Gaz zaxiralari eng ko‘p Yaqin Sharqda mujammaslashgan, bu qiymat 79,4 trln kub metrni yoki jahon gaz zaxirasining 42,5 foizini tashkil qiladi. 

Keyin esa tarkibiga Rossiya va Turkmaniston kabi yirik gaz ishlab chiqaruvchilar kiruvchi Yevrosiyo qit'asi kelmoqda, uning hissasiga 56,7 trln kub metr gaz zaxirasi to‘g‘ri kelmoqda. Gaz zaxirasi eng kam miqdorda Janubiy va Markaziy Amerikada mujassamlashgan (7,6 trln kub metr).  

Bu borada davlatlar o‘rtasida 2-o‘rinni Rossiya (32,3 trln kub metr), 3-o‘rinni Qatar (24,3 trln kub metr) egallamoqda.

BP ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda eng yirik gaz oluvchi davlat AQSh bo‘lgan (749,2 mlrd kub metr), bu esa butun jahon bo‘ylab gaz olishning 21 foizini tashkil qilgan. Keyingi o‘rinni 579,4 mlrd kub metr gaz bilan Rossiya egallagan.

Yetakchi uchtalikni Eron yakunlamoqda, u ulkan miqdorda gaz zaxiralariga egaligiga qaramasdan, bor-yo‘g‘i 202,4 mlrd kub metr gaz qazib ololgan.

 

Mavzuga oid