Fan-texnika | 21:53 / 26.06.2017
10853
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy startapi 8 ming dollarlik elektromobillar sotishni boshlaydi

Xitoyning CHJ Automotive yosh kompaniyasi yigitlari 2018 yildan kech bo‘lmagan muddatda sotuvga chiqadigan ikkita elektr avtomobil modelini yaratish ustida ishlashmoqda. 

Startap rahbari Kevin Shenning aytishicha, bo‘lg‘usida CHJ Automotive modellar qatori yanada oshadi, biroq hozircha kompaniya jamoasining barcha sa'y-harakatlari ikkita loyiha: gibrid yo‘ltanlamas va o‘ta ixcham shahar mashinasini yaratishga qaratilgan. Kompaniya ixcham shahar mashinasiga katta ishonch bildirmoqda: u 7800 dollarlik narx bilan almashtiriluvchi akkumulyatorlarga egaligi, tez quvvatlanishi va xizmat ko‘rsatilishi arzonligi bilan maqtana oladi. 

Avtomobilning uzunligi 2,5 metr, kuzovi eni esa bir metrdan sal kattaroq bo‘ladi. Mashina komplektida ikkita almashtiriluvchi akkumulyator bo‘ladi, shuning uchun uzoq safarlarga ikki akkumulyatorni quvvatlab, ikkinchisini zaxira sifatida yukxonaga olib qo‘yish mumkin. Bu juda ajoyib g‘oya bo‘lib, mashina egalarida batareyalarni tezda almashtira olish imkoniyati bo‘ladi. Mashina bortida modifikatsiyalashgan Android operatsion tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, u yordamida avtomobil holatini kuzatish va uning tizimlarini boshqarish mumkin bo‘ladi.  

Kevin Shen faqatgina Xitoy bozori bilan cheklanib qolmay, mashinalarni xorijda ham sotmoqchi. Uning aytishicha, kompaniya yevropalik hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.

Hozircha kompaniya modellarining ishchi prototiplarini ko‘rsatmayapti, biroq CHJ rassomlari intervyu uchun modellarning bir nechta suratlarini taqdim qilishdi.

Mavzuga oid