Jamiyat | 12:00 / 13.07.2017
11702
15 daqiqa o‘qiladi

«Poliklinikada navbatlar yuzaga kelishi - xalq shifokorlarimizga ishonch bildirayotganidan darak»

Foto: ut.uz

Yangi loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziriga kelib tushgan har bir savol, murojaat ortida insonlarning dardi, alam va og‘rig‘i turibdi. Barcha kelib tushgan murojaatlar bilan tanishib chiqib, Alisher Shodmonov javob va sharhlarni e'lon qilishni uning mushtariylar va loyiha ishtirokchilariga shaxsiy murojaatidan boshlashni iltimos qildi, deb yozadi ut.uz.

- Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining har bir chiqishida, uchrashuvlarida xalqimizning sifatli tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish zarurligini ta'kidlab o‘tadilar . Sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tizimni yanada takomillashtirish, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarini berdilar. Mamlakatimiz rahbarining takliflari sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini yangi asosda tashkillashtirish uchun dastur amal bo‘ldi. 

Shubhasiz, qabul qilinayotgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar aholiga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Qisqa muddat ichida sohani yanada takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan mamlakatimiz Prezidentining o‘ndan ortiq qaror va farmonlari qabul qilindi. Jumladan, ular aholini sifatli va hamyonbop dori vositalari bilan ta'minlash, ona va bolani muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini ishini yanada yaxshilash, xususiy sektorni rivojlantirish masalalariga taaluqlidir. 

Ushbu hujjatlarning hayotga tatbiq etilishi aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlari sifatli va samarali qondirilishiga, davolashning eng zamonaviy uslublarini joriy etilishiga, xorijdan taklif qilinayotgan vrachlar sonini qisqartirish uchun xizmat qiladi. Fuqarolarimizni qiynayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etish, insonlar ehtiyojlarini o‘rganish va ular haqida g‘amxo‘rlik qilish mamlakatimizda har bir rahbar va mutaxassisning birinchi darajali vazifasi bo‘lib qolmoqda. Bu bizning sohamizga ham tegishlidir. Ushbu maqsadlarda sog‘liqni saqlash vazirining virtual qabulxonasi tashkil qilingan. Virtual qabulxonaga kelib tushgan har bir murojaat mutaxassislar tomonidan nazoratga olinib, o‘z vaqtida yechimini topmoqda. 

Yangi loyihani qo‘llab-quvvatlaymiz va tahririyatlar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Kelib tushgan murojaatlardan birontasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, shaxsan mening va mutaxassislarimiz e'tiboridan chetda qolmadi. Barcha bildirilgan taklif va istaklar vazirlikning keyinchalik olib boradigan faoliyatida, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashda inobatga olinadi. 

Oybek AHMeDOV: Assalomu alaykum, Alisher Qayumovich! Men bolalikdan ikkinchi guruh nogironiman. Ikki marotaba 1982 va 1987 yillarda Moskva shahridagi Sechenov nomli akademiyada professor Inessa Yevgenevna Shaxbazyanda davolanganman. Allohga behisob, beadad shukur, peshonamga umr yozilgan ekan, yashab yuribman. 

Otamlarning 2015 yili mazalari bo‘lmay qoldi. Prostata onkologiyasi tashxisi qo‘yilgan edi. Yaxshi yurgan edilar. Bu yil yanvar oyidan boshlab yana mazalari bo‘lmay qoldi. Davolana boshladik. 

Alisher Qayumovich! 

Shu yili 31 maydan 9 iyungacha kasalxonada yotdik. Shuni aytishim kerakki, shifoxonadagilarning umuman muomalasi yo‘q. Dangaliga buncha bo‘ladi deb, pul so‘rashadi. Berganingni sekin ko‘rib, bu ozroq, kamroq deb yana so‘rashadi. Hamshiralarning yoniga pul solib qo‘ymaguncha muomala umuman yo‘q. Kapelnitsalarni quyib qo‘yib, yo‘q bo‘lib ketishadi. Adamlarning yonlarida o‘tirib, o‘zim almashtirib o‘tirdim. Respublika onkologiya markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov bilan ko‘rishib, konsultatsiyalarini olishni maslahat berishgan edi. Mazalari bo‘lmagan, zo‘rg‘agina o‘rnilaridan turg‘azib adamlarni, umid bilan Mirzag‘olib Nig‘matovichni oldilariga besh marta olib bordim, biror marta kira olmadik. Undan tashqari Viloyat Onkologiya markaziga Oybek O‘tkurovichning oldilariga borgan edik. Umuman odamgarchiliklari yo‘q, qo‘pol vrach ekanlar. 

Men bolaligimdan do‘xtirma-do‘xtir yurgan insonman. Lekin meditsinamiz shunchalik yomonlashib ketganligini bilmagan ekanman. Adamlarni mazalari bo‘lmaganidan keyin, onkologlarga ishimiz tushgandan keyin buni bildim, tushunib yetdim. Onkologik kasallarga baribir ketadigan inson degandek qarashar ekan. Adajonim 9 iyunda shifoxonadan chiqqanimizdan keyin bir haftagina yashadilar. 16 iyun kuni, 64 yoshlarida olamdan o‘tdilar. 

Hurmatli Vazir, meni sizdan iltimosim meditsina xizmatida ishlayotgan ishchi, xizmatchilaringizni muomala qilishga, bemorlarga hurmat bilan qarashga o‘rgatsangiz. 

Men adajonimni olib yurganimda otajonimga muomala, yana qaytaraman MUOMALA qilmagan insonlarni Allohning hukmiga topshirdim. 

Allohim barcha bemorlarimizga g‘oibu xazinasidan shifo bersin. 

Alisher Shodmonov: Hurmatli Oybek Ahmedov!  Sizning savolingizni o‘qib, avvalambor, otangizni yo‘qotganingiz munosabati bilan Sizga o‘z nomimdan chuqur hamdardlik bildiraman va sabr tilayman. 

Darhaqiqat, Siz o‘tkazgan qayg‘uli kunlar va tibbiyot xodimlarining xatti-harakatlaridan, muomalasidan haqli noroziligingizga hech qanday e'tiroz va oqlash yo‘q. 

Har bir sohada bo‘lgani kabi, sog‘liqni saqlash sohasida ham salbiy holatlar, jumladan, o‘z kasbiga loqaydlik, bemorlar dardiga befarqlik hanuzgacha uchramoqda. Aksariyat shifokorlarimiz tunu kun xalqimizga beminnat xizmat qilib kelayotgan bir vaqtda, oramizda kasbining mas'uliyati va sharafini his qilmayotgan hamkasblarimiz ham borligidan afsuslanamiz. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi doimiy ravishda o‘z tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida tibbiy xodimlar etikasi va deontologiyasi masalalariga rioya etilishiga alohida e'tibor qaratib kelmoqda. Bu borada vazirlikning maxsus buyrug‘i qabul qilingan, joylarda ushbu buyruq mazmun-mohiyati bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. 

Ommaviy axborot vositalarida e'lon qilib borilmoqdaki, joriy yilning o‘tgan birinchi yarim yilligida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot kadrlarini tayyorlash, ularning kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha mamlakatimiz Prezidentining qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Jumladan, ushbu hujjatlar bilan davlatimiz rahbari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmat, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati, ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilab berildi. E'tiborli tomoni, ushbu hujjatlar orasida aynan Siz ko‘targan masala yuzasidan Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham alohida o‘rin egallaydi. Unda mamlakatni rivojlantirishning muhim ijtimoiy ustuvor vazifalari sifatida aholiga onkologik yordam berish sohasini takomillashtirish va modernizatsiya qilish sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. 

Siz ta'kidlab o‘tgan ijtimoiy himoyaga va qo‘llab-quvvatlashga birinchi navbatda muhtoj bo‘lgan onkologik kasalliklarni davolash sifatini yanada yaxshilash yo‘lida oldimizga qo‘yilgan ulkan vazifalar bosqichma-bosqich belgilangan muddatlarda bajarilishi ta'minlanadi. Bu borada ko‘zlangan asosiy maqsad – jahon andozalariga mos tibbiy xizmat ko‘rsatib, xalqimizni tibbiyotdan rozi qilish yo‘lida xizmat qilayapmiz. 

Va shu o‘rinda ta'kidlab o‘tmoqchimanki, Siz bildirgan tavsiya va takliflar chuqur o‘rganilib, kelgusi faoliyatimizda, albatta, inobatga olinadi. Chunki Prezidentimiz ta'kidlaganidek, endi tibbiyot muassasasining faoliyatiga soha amaldorlari emas, balki oddiy odamlar, aholining bevosita o‘zi xolis baho beradigan tizim yaratilmoqda. 

O‘ktam UMAROV: Joriy yildan boshlab mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga maqsadli qabul amalga oshirilayapti. Maqsadli qabulning asl mohiyati nimada? Ya'ni bu jarayon qanday olib boriladi? Yana bir savolim: farzandim Toshkent pediatriya instituti akademik litseyini bitirgan. Toshkent shahrida yashayotgan bo‘lsak-da, asli kelib chiqishimiz Qashqadaryo viloyatidan. Bizning viloyatimizda ham shifokorlar yetishmaydi. Qizim Toshkent davlat stomatologiya institutiga o‘qishga kirmoqchi. Toshkent shahridagi akademik litseyni tamomlagan bo‘lsa ham, maqsadli qabul uchun hujjat topshirishi mumkinmi? 

Alisher Shodmonov: Maqsadli qabulda hududlar kesimida tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyoj oldindan belgilab olinadi va ehtiyojga qarab mahalliy hokimiyat organlari (hokimliklar) o‘z takliflarini beradi. Shundan so‘ng, mazkur maqsadli kvotaga davlat granti asosida o‘sha hudud vakillari o‘qishga qabul qilinadi. Ularni davlat 5-6 yil bepul o‘qitadi, buning evaziga talabalar o‘qishni tugatgach, o‘z hududida ishlab beradi. Bundan ko‘zlangan maqsad – hududlardagi kadrlar qo‘nimsizligining oldini olish, chekka tumanlardagi tibbiyot birlashmalarini ham oliy ma'lumotli malakali shifokorlar bilan to‘ldirishdir. 

Ikkinchi savolingiz ko‘pchilik ota-onalar va abituriyentlarni qiziqtirmoqda. Haqiqatan ham, tibbiyot yo‘nalishida o‘rta maxsus ta'limni Toshkent shahrida olayotgan viloyatlik yoshlar oz emas. Ammo Toshkent shahri uchun maqsadli qabul ajratilmagan. Ya'ni Toshkent shahridagi tibbiyot kollejlari va akademik litseylarni tugatgan abituriyentlar, asli doimiy yashash manzili viloyatlarda bo‘lsa ham, davlat granti asosida qabul qilinmaydi, ular uchun faqat to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoni mavjud. 

2017 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 10-bandiga muvofiq, tegishli hududlarga ajratilgan maqsadli qabul kvotalariga faqat tegishli hududda yashayotgan va hududning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari tomonidan berilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar hujjat topshira oladi. 

Iqbol PARDAYeVA: Prezidentimiz oilaviy poliklinikalarni rivojlantirish haqida doim gapiradilar. Tibbiy xizmatni yaxshilash haqida topshiriqlar beradilar. Biz buni televizor orqali ko‘rib, juda xursand bo‘layapmiz. Ammo poliklinikadagi navbatlar hali ham davom etayapti. Ikki nafar farzandim bor. Bolalarim kasal bo‘lib qolsa, birinchi navbatda poliklinikaga olib boraman. Lekin poliklinikadagi navbatlardan bemorlar ko‘p qiynalmoqda. Misol uchun, lor shifokorga ba'zan soatlab navbat kutgan vaqtlarimiz bo‘lgan. Bolaning tomog‘i yo qulog‘i og‘rib, yig‘lab turganda navbatda turish juda qiyin. UZI xonasiga ham juda uzoq kutib kiriladi. Poliklinikalardagi navbatlardan odamlar juda qiynalmoqda. Shuni hisobga olishingizni so‘rar edim. 

Alisher Shodmonov: Haqiqatan ham, davlatimiz rahbari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida joylarga chiqqanida, albatta, oilaviy poliklinikalarga tashrif buyurib, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘iniga alohida e'tibor qaratib kelmoqda. 

Poliklinikada navbatlarning yuzaga kelishi, avvalambor, xalqimiz birlamchi tibbiy xizmatga ishonch bildirib, murojaat qilayotganidan darak. Demak, aholida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatiga ehtiyoj bilan birga ishonchi ham yuqori. 

Bu esa navbatlarning paydo bo‘lishiga olib kelayotir. Ushbu masalaga yechim sifatida bugun bir qator amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. 

Davlatimiz rahbari Shayxontohur tumanida bo‘lganda aholiga malakali tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish bo‘yicha namunali oilaviy poliklinikani aynan shu tumanda tashkil etish taklifini kiritgan edi. Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinika mazkur maqsad uchun tanlandi. 

Poliklinikaga, odatda, rejali tarzda va shoshilinch holatlarda murojaat qilinadi. Oilaviy poliklinikada har ikki holatda ham bemorga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lishi lozim. 

47-oilaviy poliklinikada agar bemor rejali tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqchi bo‘lsa, shifokor qabuliga oldindan yozilishi mumkin. Buni ikki xil usulda amalga oshirish mumkin: telefon orqali va uydan chiqmagan holda, elektron tarzda. Bu islohot aynan navbatlarning oldini olishga qaratilgan. 

Yana bir qulaylik, bemor shifokor qabuliga oldindan navbat olmay kelgan bo‘lsa, poliklinikaning o‘zida elektron tarzda navbatda turadi. Buning uchun har bir tashrif buyuruvchi maxsus o‘rnatilgan qurilma orqali o‘z tartib raqamini olib, monitorda navbati qachon kelishini kuzatib borishi mumkin. 

Shoshilinch holatlarda esa, murojaat tushgan xonadonga zudlik bilan yetib borish uchun poliklinika qoshida tez tibbiy yordam podstansiyasi va unga biriktirilgan maxsus avtomashina xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu podstansiyaning poliklinika qoshida tashkil etilishi bejiz emas. Bundan ko‘zlangan maqsad – tez tibbiy yordam chaqirilganda masofa bilan bog‘liq muammolarning oldini olish hamda brigada xonadonga yetib borguncha bemorning ambulator kartasi bilan tanishib borishdir. 

Yana bir e'tiborli jihat dori-darmon vositalar ta'minoti bilan bog‘liq. Yaqindan poliklinika ichida cheklangan narxlarda savdo qiluvchi dorixona va fitobar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, shifo muassasasini dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta'minlashga ajratilayotgan mablag‘lar ham oshirilmoqda. 

Kelajakda ushbu tajriba mamlakatimizdagi barcha oilaviy poliklinikalarga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan. Bu harakat birlamchi bo‘g‘inda xalqimizga sifatli, tezkor va samarali xizmat ko‘rsatishni ta'minlaydi. 

Mavzuga oid