Jahon | 18:20 / 13.07.2017
11875
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryodan Afg‘onistonga 12 ming tonna dukkakli mahsulotlar eksport qilindi

So‘nggi yillarda Surxondaryoda ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalar soni tobora ortayotgani import o‘rnini bosuvchi va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga xizmat qilmoqda.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, viloyatda 2017 yil davomida 30 dan ortiq tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan qaryib 37 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Rossiya, Belarus, Ukraina, BAA, Hindiston, Eron, Pokiston va boshqa davlatlarga eksport qilindi.

Importchi mamlakatlardan biri bo‘lgan Afg‘oniston O‘zbekistonning dukkakli mahsulotlariga asosiy xaridorlaridan biri hisoblanadi.

2017 yil davomida vohadan xorijga eksport qilingan 14,3 tonnadan ortiq bu turdagi mahsulotlarning 12 ming tonnadan ortig‘i, ya'ni qariyb 84 foizi aynan Afg‘onistonga yetkazib berildi.

- Joriy yilda dukkakli mahsulotlarni nafaqat Afg‘oniston, balki Hindiston, Pokiston, Eron kabi davlatlarga ham yetkazib berdik, - deydi “Jarqo‘rg‘on-meva-sabzavot” MChJ vakili A.Raxmonov. - Ushbu mahsulotlarning eksportiga oid bojxona rasmiylashtiruvini avvalgidan farqli o‘laroq o‘z ish joyimizdan, masofadan turib elektron tarzda amalga oshiryapmiz. Bu esa vaqtimizni, sarf-harajatlarimizni tejab, bojxona organlariga bormasdan mahsulotlarimizni eksport qilishda juda qo‘l kelmoqda. Bundan tashqari, joriy yilning 1 iyulidan boshlab, meva-sabzavotlarning haqini oldindan 100 foiz to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilish vakolati doirasida xorijiy hamkorlarimiz bilan bir nechta shartnomalar tuzish arafasidamiz. O‘z mahsulotlarimizni mustaqil eksport qilishimiz daromad manbaimiz ortishiga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarilishining yanada kengayishiga xizmat qiladi, degan umiddamiz. 

Mazkur agrofirma vakilining ta'kidlashicha, ushbu eksportyor tashkilot orqali 2017 yilning 6 oyi davomida salkam 13,5 ming tonna turli xil meva-sabzavot mahsulotlari xorijga eksport qilingan bo‘lib, ularning 8,6 ming tonnasini dukkakli mahsulotlar tashkil qiladi.

Mavzuga oid