Jamiyat | 09:52 / 21.07.2017
40426
13 daqiqa o‘qiladi

G‘ayriqonuniy qaror yoxud sud ustidan kimga shikoyat qilish kerak?

Inson bevatan tug‘ilmaydi, ammo el orasida «falonchi vatanli bo‘ldi», degan ibora bor. Bu bejiz aytilmagan. Peshona teri bilan uy-joy tiklagan halol odamlarga nisbatan qo‘llanilgan. Afsuski, oramizda o‘ziga tegishli bo‘lmagan yer-joyni g‘ayriqonuniy tarzda o‘zlashtirib oladigan kimsalar ham uchraydi.

Ana shunday hollarda odil hukm chiqarish qozilar zimmasidagi vazifa. Buyog‘i qonunchilarning ishi. Mabodo, ular ham masalaga oydinlik kirita olmasa yoki nohaq tarafga yon bossa, dodingni kimga aytasan? Albatta, haqiqat himoyachilari bo‘lgan jurnalistlarga-da! Bu gal ham shunday bo‘ldi. 

Toshkent shahar, Olmazor tumani, Bobojonov ko‘chasi, 163-«a»-uyda ro‘yxatda turuvchi fuqaro Ismat Qosimov hamkasbim, jurnalist Zulayho Musurmonovadan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining qonunga zid qarori yuzasidan matbuotga material tayyorlab, haqiqatni yuzaga chiqarishni iltimos qilgan ekan.

«Mujmal ish, shu maqolani siz yozib bera qoling», — dedi Zulayho opa menga yuzlanib.

Avvaliga ikkilandim, ammo «mujmal ish» bo‘lgani uchun e'tiborimni tortdi. Hujjatlarni sinchiklab qarasam — hammasi ravshan. Ma'lumotlarni batafsil keltirishga harakat qilaman.

2007 yilda Shayxontohur tumanida yashovchi fuqarolarning uyi buzilishi sababli Olmazor (avvalgi S.Rahimov) tumani, Shifokor ko‘chasidan xususiy uy qurish uchun yer bo‘laklari ajratiladi. Bu xususida tuman hokimining qarori mavjud.

Shifokor ko‘chasidagi 21b-yer bo‘lagi fuqaro Xodjayev Farhod Sobirjonovichga beriladi. 2011 yilga kelib Farhod Xodjayev o‘ziga tegishli hududni Ismat Qosimovga sotib yuboradi. Ismat Qosimovning yeriga qo‘shni hudud, ya'ni 21b-yer bo‘lagining tepa qismi va 16b-yer bo‘lagining yon tomoni —  xaritada ko‘rsatilishcha, maydoni 6 sotix bo‘lgan 15b-yer bo‘lagi bo‘sh qoldiriladi. Mazkur hududdan katta quvvatdagi elektr toki o‘tganligi uchun, xavfsizlik nuqtai nazaridan hech kimga berilmaydi.

2016 yilda Ismat Qosimov mazkur hududni yakka tartibda turar joy qurish uchun ajratishlarini so‘rab, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaat qilganida, bunga javoban Olmazor tumani hokimiyati ushbu yer bo‘lagida uy-joy qurib bo‘lmasligini tasdiqlovchi ma'lumot jo‘natadi. 

Ismat Qosimov mazkur hududga ega bo‘lish maqsadida 2017 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga ariza yozadi va mazkur arizaga javoban, 21b-uy yonidagi 6 sotixli bo‘sh yer maydoni davlat tomonidan hech kimga berilmagani ma'lum bo‘ladi.
 
Ismat Qosimovni ajablantirgan narsa shuki, u bir necha bor qonuniy yo‘l bilan murojaat qilib ega bo‘lolmagan hudud hozirga qadar ko‘plab shaxslar tomonidan noqonuniy tarzda bir necha bor o‘rab olinadi va o‘zboshimchalik bilan qurilma ko‘tarishga urinishlar bo‘ladi. 

Xuddi shunday qonunga zid xatti-harakat 2016 yilda fuqaro Rixsivay Mirsoatov tomonidan ham sodir etiladi. Mazkur shaxs hech qanday ruxsat beruvchi hujjatlarsiz, arxitektura va shaharsozlik normalariga zid ravishda 571.30 kv.m yer maydonini devor bilan o‘rab, 16.66 kv.m.li uchta qurilishi tugallanmagan xona, devor va eshikdan iborat qurilma ko‘taradi. I.Qosimov esa darhol bu vaziyatdan Olmazor tuman hokimiyati va kadastrni xabardor qiladi. Hokimiyat va kadastrning bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramay R.Mirsoatov qurilishni nihoyasiga yetkazadi. Hokimiyat organlarini nazar-pisand etmagan R.Mirsoatov kimga va nimaga ishonib ish tutadi, bu uning o‘ziga ayon.

Bu holatdan fig‘oni falakka o‘rlagan I.Qosimov noiloj O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga shikoyat qiladi. Murojaatiga javoban jo‘natilgan  ma'lumotda qayd etilishicha, Olmazor tuman hokimiyati noqonuniy egallab olingan yer maydonini bo‘shatish va qurilgan qurilmani fuqaro R.Mirsoatov hisobidan buzish to‘g‘risida qaror qabul qilishni so‘rab 2016 yilning 8 noyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da'vo arizasi bilan murojaat etadi. 

Buni qarangki, Ismat Qosimov virtual qabulxonaga murojaat qilmaguncha bu ish jiddiy ko‘rib chiqilmaydi. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksida qayd etilganidek, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tumanlar davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlariga kiradi. Aslida ham fuqaro hokimiyat vakolatlarini yodga solib turishi kerak-mi? 

Nihoyat ish sudga oshirilgach, 2017 yil 27 yanvar kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi S.S.Zulunovning raisligida da'vogar Toshkent shahar Olmazor tuman hokimiyatining javobgar R.Mirsoatovga nisbatan noqonuniy qurilmani buzish va yer maydonini bo‘shatish haqidagi da'vo arizasi bo‘yicha yuritilgan 1-479/17-sonli fuqarolik ishini ko‘rib chiqib, qaror qabul qiladi. Darvoqe, javobgar R.Mirsoatov sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tartibda ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramay, hech qanday uzrli sabablarsiz sud zaliga kelmaydi. Shu bois sud FPKning tegishli moddasi bilan ishni ko‘rib chiqishni va qaror qabul qilishni lozim topadi. 

Ajablanarlisi, sudda uchinchi shaxs sifatida ishtirok etishi shart bo‘lgan Toshkent shahar Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati Davlat unitar korxonasi kadastr vakili hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi vakili sud majlisiga, vaqti va joyi haqida xabardor bo‘lishiga qaramay sababsiz kelmaydi. FPKsining tegishli moddasiga asosan sud ishi ular ishtirokisiz ko‘riladi. Sud ish hujjatlariga yetarli baho berib, qaror qabul qiladi.

Sud qarorida javobgar R.Mirsoatovning qurilmani o‘z hisobidan buzib tashlashi va yer maydoni bo‘shatishi shart ekani qayd etiladi. Shuningdek, R.Mirsoatovdan davlat foydasiga 149.775 so‘m boj undirilishi nazarda tutiladi. 

Tabiiyki, bu qarordan R.Mirsoatov xursand bo‘lmaydi. Nima qilsa ham qurilmani va yerni asrab qolish uchun harakatga tushib qoladi. Buning uchun bor imkoniyatini ishga solishga urinadi. Avvalo, sud qarori yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasiga shikoyat beradi. Keyin esa «haq»ligini isbotlovchi hujjatlarni (ular asossiz va soxta bo‘lsa-da) to‘play boshlaydi.

Yerga egalik qilishini asoslovchi hujjat sifatida 1993 yilda ishchi-xizmatchilarga turar-joy qurish uchun ajratilgan protokol va shu asosidagi qarorni ilova qiladi. Mazkur qarorda haqiqatan ham qator ishchi-xizmatchi va mutaxassislarga Oxunboboyev nomli jamoa xo‘jaligidan 0.06 ga va 0.08 ga dan tomorqa yeri ajratish belgilangan. Ular orasida R.Mirsoatovning ismi-sharifi qayd etilgan. Ammo protokolda ham, qarorda ham qaysi yer bo‘lagi kimga taqdim etilgani haqida hech qanday ma'lumot yo‘q. Qoidaga ko‘ra, umumiy qaror qabul qilingach, kimga, qaysi yer bo‘lagi tekkanligini tasdiqlovchi alohida qaror qabul qilinish kerak. Bu R.Mirsoatov ko‘rsatgan hujjat asosli emasligini isbotlovchi birinchi dalil. 

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 35-moddasiga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari davlat ro‘yxatiga olinishi kerak. Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatiga olingani to‘g‘risida ro‘yxatga olingan sana va tartib raqami ko‘rsatilgan holda guvohnoma beriladi. R.Mirsoatovda bunday hujjat ham mavjud emas.

Surishtiruvlar natijasida R.Mirsoatov ko‘rsatgan 1993 yilgi qarorda yer tuzuvchi muhandis sifatida yerlarni taqsimlash zimmasiga yuklangan Pulatov Kabiljan Olmazor tuman hokimiga bergan tushuntirish xatida quyidagilarni qayd etadi: «Ushbu yer maydonini hech kimga o‘lchab bermaganman, o‘lchab berishga haqim ham bo‘lmagan. Chunki bu yerlar Oxunboboyev jamoa xo‘jaligiga tegishli bo‘lmay, bu hududda Respublika ruhiy kasalliklar shifoxonasi bo‘lgan». 

Uchinchidan, R.Mirsoatov 2016 yilda «Gulzor» MFYdan 1995 yildan buyon mazkur hududda yashab, soliqlarni to‘lab kelayotgani haqida soxta dalolatnoma oladi. Davlatning tayanchi, fuqarolarning birdamligi bo‘lgan mahallaning bunday ko‘r-ko‘rona harakatiga qanday baho berish o‘z ixtiyoringizda! Vaholanki, o‘sha MFY ishning chigalligini sezib bergan dalolatnomasining soxta ekanini, o‘z tili bilan aytganda, adashib berganligi qayd etilgan boshqa bir ma'lumotnoma ham taqdim etadi. 

Xullas, R.Mirsoatov sud qarori yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga norozilik bildiradi. 

Ammo da'vogar Olmazor tumani hokimiyati huquqshunosining ma'lumotiga ko‘ra, joriy yilning 7 iyul kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 3 oy davomida ishni qayta ko‘rib chiqib, R.Mirsoatovning qo‘lidagi 1993 yildagi (yuqorida 15b-yer bo‘lagiga egalik qilishga asos bo‘lolmasligi isbotlangan) qaror asosida fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 27.01.2017 yilgi qarorini bekor qiladi. Ya'ni, qurilma buzilishi va yer bo‘shatilishi to‘g‘risidagi qaror o‘z kuchini yo‘qotadi. Balki sudda biz bilmagan asos bo‘lishga arzigo‘lik boshqa bir dalil bordir. Ammo bunisi bizga qorong‘i!

Bizdagi ma'lumotlar ish R.Mirsoatovning foydasiga hal etilsa, adolatsizlik bo‘lishini ko‘rsatmoqda. 

Nega endi 2007 yildagi qarorda bo‘sh yer, deb qayd etiladi-yu, 1993 yilda qabul qilingan qaror asosida u yerga egalik qilinadi. Vaholanki, mazkur hududni R.Mirsoatovga tegishli ekanini tasdiqlovchi birorta hujjat mavjud emas.

Nega u hokimiyat organlarining bir necha bor ogohlantirishlariga qaramay, noqonuniy qurilma ko‘taradi, agar haq bo‘lganda tegishli hujjatlar asosida ish ko‘rmasmidi?

Yana bir haqli savol, nima uchun u ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramay, uzrli sabablarsiz sud majlisiga kelmaydi?

Nega sudga soxta dalolatnoma taqdim etadi. Bu sud ishini chigallashtirib, uni javobgarlikka tortilishiga asos bo‘lmaydimi?

Bizdagi dalillar prokurorda yoxud sudda mavjud emasmi? Mavjud bo‘lsa, nega bunday qaror qabul qilindi? Axir prokuraturaning vazifasi qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish edi-ku, sudning zimmasiga esa odil sudlovni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan. Yoki yuqorida qayd etilgan organlarning R.Mirsoatovdan tili qisig‘lik joyi bormi? Hay, hay, hay, til besuyak, nimalar demaydi...

Xullas, savollar talay, balki maqolamiz ommaviy axborot vositalarida chop etilsa, asosli javob beruvchi biror inson topilar! Davlatimiz rahbarining joriy yil 27 iyun matbuot va OAV xodimlari kuni munosabati bilan biz jurnalistlarga yo‘llagan tabrigida, «jurnalistlar mening yordamichilarim, haqiqat himoyachilari», degan so‘zlariga tayanib shu maqolani yozishni vijdon ishi, deb bildim. Axir kimdir haq so‘zni aytishi kerak-ku?!

Xayrulla Kasimov,
jurnalist.

Mavzuga oid