Eronni kim boshqaradi?

Eron Islom Respublikasining siyosiy tuzumi o‘ziga xos, chunki u o‘zida respublikaviy va teokratik xususiyatlarni mujassamlashtirgan. Uning asosida “viloyati faqih” tamoyili yotadi. Unga ko‘ra, eng nufuzli faqih, ya’ni shialar ruhoniysi va shariat qonunshunosi davlat rahbari — rahbar bo‘lishi kerak. U qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini boshqargan holda, davlat ustidan “homiylik” (viloyat)ni amalga oshiradi.

Bunday boshqaruv tamoyilining zamonaviy ko‘rinishiga 1969–1970 yillarda Islom inqilobining bo‘lg‘usi yetakchisi va Eronning birinchi oliy rahbari (1979–1989) oyatullo Ruhullo Humayniy asos solgan. Ushbu doktrina 1979 yil 2–3 dekabr kunlari o‘tkazilgan referendumda qabul qilingan Konstitutsiyada mustahkamlangan.

Eron Konstitutsiyasining 5-moddasida aks etgan rasmiy shialik ta’limotiga ko‘ra, rahbar 874 yilda otasi imom Hasan al-Asqariy vafotidan ko‘p o‘tmay g‘oyib bo‘lgan o‘n ikkinchi imom Muhammad ibn al-Hasanning to‘laqonli vakolatga ega vakili yoki noibi (valiyi amr) hisoblanadi. Eron shialari e’tiqodicha, u qiyomat kuni mo‘minlar huzuriga xaloskor sifatida qaytadi. Ungacha esa jamoatga faqat malakali va obro‘li ulamolar rahbarlik qilishi mumkin.

Shu bois oliy rahbar diniy va davlat hokimiyati sohasida rasman keng vakolatlarga ega. U Eronning ichki va tashqi siyosatini belgilaydi, prezident va hukumat qarorlarini tasdiqlaydi, vazirlar tayinlashni nazorat qiladi. Shuningdek, u qurolli kuchlarning oliy bosh qo‘mondoni hisoblanadi, sudyalarni, juma imomlarini, viloyat gubernatorlarini va oliy harbiy rahbariyatni, jumladan, qurolli kuchlar birlashgan shtabi boshlig‘i hamda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondonini tayinlaydi.

Oyatullo va rahbar boshqa-boshqa tushuncha

Oliy rahbar lavozimini ko‘pincha oyatullo deb atashadi, ammo bu to‘g‘ri emas: oyatullo (Allohning nishoni, belgisi) — shialar imomligi ruhoniy iyerarxiyasidagi unvonlardan biridir. 1989 yilgacha rahbar «oyatullo al-uzmo» («eng buyuk oyatullo») unvoniga mos keluvchi marja’ at-taqlid (taqlid uchun namuna) degan oliy diniy maqomga ega bo‘lishi shart edi. Ammo 1989 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlar bilan oliy rahbarga qo‘yiladigan talablar yumshatildi: har qanday nufuzli mujtahid, ya’ni islom huquqi (shariat)ni yaxshi biladigan, ijtihod - Qur’on va sunnat asosida huquqiy masalalar bo‘yicha mustaqil xulosa chiqarish huquqiga ega ulamo rahbar bo‘la olishi mumkin.

Ali Xominaiy rahbar etib saylangan paytda ancha past diniy unvon — hujjat al-islom («islom dalili»)ga ega edi va ijtihod qilish huquqiga ega emasdi. U faqat oliy rahbar etib saylangan kuni oyatullo deb e’lon qilingan. U ulamolar tomonidan o‘z nufuzi marja’ at-taqlid va oyatullo al-uzmo deb e’tirof etilishiga muvaffaq bo‘la olmadi.