O‘zbekiston | 12:30 / 24.07.2017
33662
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston 24» o‘z faoliyatini boshladi

Bugun, 24 iyul kuni soat 10:00dan «O‘zbekiston 24» axborot-tahliliy telekanali efirga chiqdi. Kanal yaqinda yopilgan Diyor kanali chastotalarida faoliyat ko‘rsatadi.

Telekanal yangi shakldagi yangiliklar jurnalistikasi formati asosida ichki va tashqi siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha butun mamlakat hududi bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri 24 soat davomida efirga chiqadi.

Efir O‘zbekiston davlat madhiyasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng o‘zbek, rus va ingliz tillarida jamoa bilan tanishtirildi.

Efirning birinchi soati davomida kanal hayotidan lavhalar, taniqli shaxslar, jumladan rossiyalik kardiojarroh Leo Bokeriya, Hindiston va Qozog‘iston elchilari, olimlar, jurnalistlar va oddiy tomoshabinlar tabriklari namoyish etildi.

Ushbu telekanalni ochish taklifi may oyida mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgandi. O‘zbekistonning yangi prezidenti bir necha marta jurnalistlarga yangicha ishlash haqida gapirgandi.

Telekanal ochilishi prezident tug‘ilgan kuni bilan bir kunga to‘g‘ri keldi.

Yangi telekanalda 251 xodim ishlaydi, ularning aksari avval ham MTRK tizimida faoliyat yuritgan. Telekanal xorijda ham muxbirlik o‘rinlari ochishni rejalashtirgan. Rejaga ko‘ra, telekanalning 9 davlatda muxbiri bo‘ladi.

Bunga qadar MTRKning 9 ta kanalida 56 ta yangiliklar dasturi efirga uzatilgan. Yangi kanalda bir vaqtning o‘zida «O‘zbekiston 24» va «O‘zbekiston» kanallarida namoyish etiluvchi «Axborot» va «Tahlilnoma» axborot-tahliliy dasturlar tayyorlanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid