Jamiyat | 12:25 / 31.07.2017
25358
7 daqiqa o‘qiladi

Yana o‘sha mavzu: “Gibridlashmaslik uchun xalqqa bitta alifbo zarur”

Bu yil 21 oktabrda O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 28 yil bo‘ladi. 1989 yilda tug‘ilgan bola 28ga kirdi. Farzand ko‘rdi. O‘zbek tili rasmiy yuqori maqomga chiqqandan so‘ng, ikkinchi avlodni ko‘rmoqda. Lotin alifbosiga o‘tilgan paytda tug‘ilgan avlod allaqachon 20 yoshdan o‘tib bo‘ldi va ba'zilari farzand ko‘rishdi. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tili alifbosi ham ikkinchi avlodni qarshi olmoqda.

Bu (lotin alifbosiga asoslangan) yo‘l shaxsan Vatan taraqqiyoti uchun globallashuv asrida juda zarur bo‘lgan, deb bilaman. Lotin yozuvi qariyb barcha davlatlarda, sharqu g‘arbda almashtirib bo‘lmas yozuvga aylanib bo‘ldi. Buning sababini XXI asr texnologiyalar asri bo‘lishi bilan ham bog‘lash mumkin. Qaysi ommaviy dasturlash tili kirill alifbosida yoki Xitoy irogliflari yordamida yoziladi? Xalqaro aviatsiya tili qaysi tilga asoslangan va u qaysi yozuv asosida? Yaqin qo‘shnimiz, Qozog‘istonning ham bizdan yillar o‘tib, yakuniy Lotin yozuvi haqidagi qarorga kelgani ham qaysidir ma'noda fikrimiz tasdig‘i bo‘lib turibdi. Turkman og‘alarimiz ham, uzil-kesil lotin alifbosidan foydalanishadi. Uyimda 4 ta turkman telekanali ko‘rsatadi. Hattoki orqa fonda ham kirill shriftlarida yozilgan yozuv topishingiz mushkul. Turkmanlar va ozarbayjonlik qardoshlarimiz uchun, lotin alifbosiga asoslangan mahalliy tilga o‘tish uchun 1 yil kifoya qildi.

Fakt

WorldStandards ma'lumotlar markaziga ko‘ra, dunyoda 252 million odam kirill alifbosidan foydalanadi (Jahonning taxminan 3.8 foiz aholisi). Shulardan yarmi, lotin alifbosiga o‘tish jarayonida yoki rasman o‘tib bo‘lgan hududlarda yashamoqda. Lotin alifbosi bundan 10 barobar ko‘p odam tomonidan iste'molda (yer yuzidagi aholining 36 foizi). Qisqasi, mustaqillikdan avval tug‘ilgan va mustabid sovet hukumatiga xayrixoh odam bo‘lmasangiz, yuqoridagilar uchun qarama-qarshi munozara olib kelishingiz qiyin. Hukumatimiz, nimanidir bilmasa, oldindan qaror chiqarmagan bu masalada.

Muammo

Shunday bo‘lishiga qaramasdan, hozirgi hayotimizning juda ko‘plab sohalarida bu masalada oqsamoqdamiz. Davlat idoralarining aksarida hali ham lotin alifbosida to‘ldiriladigan hujjatlar mavjud emas. Idoralar o‘rtasida hujjatlar almashinuvi va yozishmalar ko‘pincha rus tilida yurgiziladi. Bunga Davlat axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan nazar solish kerak bo‘ladi. Ba'zi rasmiy saytlari hali ham ruscha qisqartmalardan tashkil topgan (masalan mvd.uz). Milliy telekanallarimiz – asosiy qaror targ‘ibotchilaridir.

Afsus, o‘zlari hali ham kirill alifbosida aksar ko‘rsatuvlarni tayyorlamoqdalar. Boshqa shu kabi masalalarga yaxshiroq e'tibor berilmasa, keyinchalik deyarli barcha sohalarda bo‘shliq paydo bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Kirill alifbosidan foydalanadigan, rus tiliga ixtisoslashgan maktablar mustaqillik boshida va hozir ham davom etib kelayotgan emigratsiya hisobiga son jihatdan kamayib ketdi. Yana, mahalliy aholining tez suratda o‘sishi ham bunda asosiy faktorlardan biri bo‘lmoqda. Kelajakdagi vaziyat va xalqaro trend (kompyuter dasturlari va astro-fizika) qay tarafga ketayotgani kundek ravshan. Shulardan ham xulosa qilmasdan, bu masalada e'tiborsiz bo‘lish uzoq muddatli mamlakat maqsadlarini faqat va faqat sekinlashtiradi.

Yechim

Birlashgan Arab Amirliklarida barcha firmalardan, hattoki xalqaro brendlardan (masalan Starbucks, McDonalds, KFC, Subway va h.k) ham arab alifbosida peshtoq nomlarini inglizchasi yoniga yozish qonun bilan talab qilinadi. Rossiyada ham kirillchasi so‘raladi. Bizdachi? Agar hozirgi aholi qatlamini hisobga olsak, keskin yechim – kunning ertasiga lotin yozuviga o‘tish deyarli imkonsiz masala, albatta. Chunki, aholining 50 yoshdan oshgan qatlami (masalan otam ham) lotin yozuvida yozilgan axborot saytlarni kirill alifbosiga nisbatan sekinroq hazm qiladi. Lekin, qisqa yozuvlarni (reklama yozuvlari, Davlat idoralari binolaridagi yozuvlar, kafe va boshqa joy nomlarini) ko‘rganda o‘qiy olmasligi qiyin masala. Ayni shu sanab o‘tilganlardan qonunga rioya qilishlarini talab qilsa kifoya. Qolaversa, lotin alifbosida tahsil olgan avlod hukumat idoralarida o‘rin egallashni allaqachon boshlashgan. Masalan yaqinda tayinlangan ikki vazir o‘rinbosarlari ham bunga misol bo‘la oladi. Ulardan qaysidir ma'noda bu sohada yetakchi bo‘lishlari talab etiladi.

Avvalambor, bu borada televideniye va boshqa OAVlar pesh qadam bo‘lishi kerak va aholini sekin-asta lotin yozuviga konversiya jarayonida kerakli yordamni berishi kerak. Ishni quyidagi suratdagi kabi xatolarni to‘g‘rilashdan boshlash lozim bo‘ladi.

Kanalning yangi ochilgani va sinov rejimida ishlayotganini hisobga olsak, bunday xatolarni kechirish mumkin. Lekin keyinchalik bunday holatlarga jiddiy e'tibor berish lozim bo‘ladi. Chunki qonun bilan belgilab qo‘yilgan vaziyatlarda va Prezident qarorlari ijrosida loqaydlik qilinishi mutlaqo mumkin emas.

Ko‘chalardagi reklama yozuvlari, idora va tadbirkorlik sub'yekti nomlarini lotin yozuvida bo‘lishini nazorat qilish kerak bo‘ladi. Alifboniku qo‘yavering, ta'lim muassasalari nomlarini yoritishdagi qo‘pol kamchiliklarni qanday tushunish mumkin?

Xulosa

Yuqoridagi til masalasi juda muhim mavzu va og‘riqli muammo sanaladi. O‘ylaymizki, tegishli idoralar bu masalaga befarq bo‘lishmaydi va albatta keltirilgan fikr va takliflarni inobatga olishadi. Umid qilamizki, telekanallarimiz va undagi jurnalistlar ham qo‘sh xotinlik masalasidan ortib, bunday ulkan, o‘z sohalari bilan chambarchas bog‘liq muammolarni ko‘tarib chiqishadi. Zero, mashhur tarixchi Arnold Toynbi aytganidek: “Tsivilizatsiyalar o‘lim tufayli tanazzulga yuz tutmaydi, ular o‘z jonlariga qasd qilish orqali o‘zlarini yakson qiladilar”.

Demak, bundan insonning o‘z tiliga ahamiyatsiz bo‘lishi, qaysidir ma'noda o‘z davlatining joniga tajovuz qilishdek bir gap ekanligi kelib chiqadi.

Xurshid Maroziqov

Mavzuga oid