O‘zbekiston | 15:58 / 19.11.2021
20230
9 daqiqa o‘qiladi

Yana alifbo islohoti haqida. Bu davlat budjeti va odamlar cho‘ntagiga ortiqcha yuk emasmi?

Yaqin kunlarda alifboni o‘zgartirishga qaratilgan navbatdagi islohot yakuniy bosqichiga kirishi kutilmoqda. Lekin uning ortidan bo‘ladigan xarajatlarga davlat budjeti va fuqarolar tayyormi? Muammoni innovatsion yo‘l bilan hal etsa bo‘lmaydimi?

Foto: Kun.uz

12 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘zbek tilshunos olimlarining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi bo‘yicha yakuniy yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda «sh», «ch», «o‘», «g‘» harflarini «ş», «ç», «ō» va «ğ» shaklida o‘zgartirish bo‘yicha taklif tilshunos olimlar tomonidan to‘la ma'qullandi. Shuningdek, olimlarimiz «ng» harf birikmasini ham bir harfdan iborat belgi «ñ»ga o‘zgartirish bo‘yicha kelishib olishgan.

Endilikda «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi tez orada parlament quyi palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilishi kutilmoqda.

Tilshunos olimlarimizning o‘z sohalaridagi bilimlarini hurmat qilgan holda ushbu qonun loyihasining ehtimoliy strategik oqibatlarini ko‘rib chiqamiz.

Ta'lim

Alifboni o‘zgartirish taklif qilinishiga asosiy sabablardan biri sifatida mavjud alifboning murakkabligi ta'kidlanmoqda. Biroq 1995 yilgi alifbo asosida o‘qigan yoshlar allaqachon oliy ta'limni ham bitirib bo‘lgan. Yangi alifboga o‘tish yetishib chiqqan kadrlar uchun murakkablik tug‘diradi, xolos. Agar mavjud alifbo murakkabligi ilm-fan taraqqiyotiga ta'siri qilishi haqidagi gaplarga yozuvi iyerogliflarga asoslangan Xitoy kabi davlatlarni misol keltirgan holda javob berish mumkin.

Moliya

Bu o‘zgarishlar ko‘plab miqdordagi kitoblar, qo‘llanmalar, ilmi hamda publitsistik adabiyotlarni yangilashni ham talab qiladi. Vaholanki, bu budjetdan, aniqrog‘i, soliq to‘lovchilar hisobidan katta xarajatlarga sabab bo‘ladi. Pandemiya oqibatlari to‘la bartaraf etilmagan va kundan kunga ekologik muammolar o‘sib kelayotgan bir davrda bu budjetga ortiqcha bosim keltirib chiqarishi tabiiy. Shunindek, ko‘pgina maktablar ta'lim olish uchun yetarli sharoitlar bilan ta'minlanmagan bir davrda mablag‘lar alifbodagi 4ta harfni almashtirishdan ko‘ra ta'lim va tarbiyani yaxshilashga yo‘naltirilishi jamiyat uchun ko‘proq foyda keltiradi.

Iqtisodiyot

Alifbo o‘zgarishi shaxsga doir hujjatlarni ham yangilashni talab etadi. Odatda bu turdagi hujjatlar uchun to‘lovlar aholining o‘z hisobidan amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqsak, bu o‘zgarishlar fuqarolar uchun ham ortiqcha xarajatlarga sabab bo‘ladi. Shu paytgacha millionlab odamlarning pasporti, haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlari amaldagi lotin yozuviga asoslangan alifbodagi harflardan foydalanib yozilgan. Davlatning ijtimoiy sohaga ajratayotgan mablag‘lari shusiz ham budjetning katta qismini tashkil etadi. Juda katta ehtimol bilan hukumat bu ishlarni tekinga amalga oshirishni o‘z zimmasiga olmaydi.

Jamiyatning barcha qatlamlari ham alifbo o‘zgarishini qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin

O‘zgartirish kiritish zarurati haqida gap ketganda tashabbuskorlar hozirgi alifbodagi ayrim harflarning murakkabligi va noqulayligini ta'kidlaydi. Bu aslida nisbiy tushunchadir. Kim uchundir yozishga yoki o‘qishga noqulay bo‘lgan matnlar boshqa inson uchun qulayroq bo‘lishi mumkin. Bu bo‘yicha katta ko‘lamdagi tadqiqotlar yoki so‘rovnomalar o‘tkazilgani va shundan kelib chiqib takliflar ilgari surilgani haqidagi ma'lumot taqdim etilmagan.

BMTning O‘zbekistondagi global loyihasi, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazuvchi onlayn platforma – U-report’da o‘zbek tiliga oid ayrim masalalarga yoshlarning munosabatini bilish maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning ko‘pchiligi (74 foiz) lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritish (ayrim harflarning yangi ko‘rinishda kiritilishi)ga salbiy munosabat bildirishgan. 36 foiz ishtirokchi yozuv islohotini kerak emas deb hisoblaydi, 24 foizi bunga salbiy munosabatda, 14 foizning fikricha esa bu ortiqcha sarf-xarajat qiladi.

1QGh80_M86-b97waJDmczr9vevWzWTgw.png (801×396)

Yosh kadrlarning davlat tashkilotlaridagi ish jarayonida kirill alifbosidan foydalanishga o‘tib ketishini ko‘proq hozirgi alifbodagi murakkabliklar bilan emas, balki ko‘pchilik davlat tashkilotlarida ish hujjatlari aynan kirill alifbosiga asoslangani bilan izohlash mumkin.

Bugungi kunda mamlakat fuqarolari, asosan katta avlod vakillar orasida yozuv bilan bog‘liq har qanday o‘zgarishlarga nisbatan salbiy munosabat shakllangan. Amaldagi alifbodan foydalanishga o‘rgangan mutaxassislar ham, mutaxassis bo‘lmaganlar ham o‘zgarishlarni hazm qilishi qiyin. Bunga yetarli darajada sabablar ham bor, aslida. O‘zbekistonda 1993 yilda lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha qonun qabul qilingan bo‘lsa, 2005 yil uning ijrosiga oxirgi muddat deb olingan edi. 2004 yilda esa bu muddat yana 2010 yilgacha uzaytirildi. Ammo 2021 yil tugab borayotgan bo‘lsa-da, haligacha bu ishlar amalga oshgani yo‘q.

Ayni paytda mamlakatda lotin va kirill alifbolari ko‘p yillar davomida yonma-yon ishlatilishi natijasida ikki toifa avlod shakllandi: bir tomonda, o‘zbek maktablari va kollejlarida lotin alifbosida ta'lim olgan yosh avlod, ikkinchi tomonda hali ham kirillda o‘qish va yozishni afzal ko‘radigan o‘rta va keksa avlod vakillari. Yangi alifbo amaliyotga kiritilishi esa yuqoridagi ikki qatlamning noroziligini keltirib chiqaraveradi va uchinchi qatlam shakllanishiga olib keladi. Bu esa to‘liq lotin yozuviga o‘tishni yana bir necha o‘n yillarga kechiktirishi mumkin.

Muammoni innovatsion yo‘l bilan hal etsa bo‘lmaydimi?

Bunday o‘ylab qaralsa, tilshunoslar tomonidan bot-bot takrorlanayotgan va ko‘plab imloviy xatolarga sabab bo‘layotgani aytilayotgan «o‘» va «g‘» harflarining to‘g‘ri yozilishini ta'minlash uchun butun boshli alifboni o‘zgartirishning zarurati ham yo‘q. Lotin yozuviga asoslangan hozirgi o‘zbek alifbosidan to‘g‘ri foydalanish uchun Windows operatsion tizimida klaviatura terilmasini yaratib, alifboni qulay va bexato rejimga moslashtirib olish bugungi kunda juda murakkab ish ham emas.

Bundan tashqari, sun'iy idrok texnologiyalari shunchalik tez taraqqiy etmoqdaki, hozirgi alifbodagi barcha harflarni ham bemalol tanib olish imkoniyatiga ega, buni oddiygina Google tarjimon ilovasidan foydalanib ko‘rish bilan ham isbotlash qiyin emas.

Qolaversa, chet eldan O‘zbekistonga kelgan ilmiy kadrlar, delegatlar va turistlar uchun ham amaldagi grafikada yozilgan yo‘l qoidalari, binolar nomlari yoki mahsulot bilan ishlash nisbatan qulaylik tug‘diradi.

Sobiq xalq ta'limi vaziri va hozirda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinlangan Sherzod Shermatov jurnalist Kirill Altmanga bergan intervyusida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish masalasida fikr bildirib, bu islohotga qarshi ekani haqida gapirgandi.

«To‘g‘risini aytganda, men bunga qarshiman. Lotin alifbosini isloh qilishning keragi yo‘q. Bizning lotin yozuviga to‘liq o‘tmaganimiz uning mukammal emasligidanmas. Agar istasak shundoq ham o‘tishimiz mumkin edi. Hattoki qandaydir ekspertlar taklif qilayotgan bir nechta belgini qabul qilgan taqdirimizda ham lotin alifbosiga to‘liq o‘tishimizga kafolat yo‘q. Ammo mana shu bir nechta belgini qabul qilish barcha darsliklarni boshqatdan nashr qilishga olib keladi. Bu — milliardlar degani. Va biz yana bir necha avlodni yo‘qotamiz.

Men «aytichi» (IT) sifatida ortiqcha harflarga qarshiman. Ya'ni standart inglizcha klaviatura bor. Mana shu klaviatura doirasida ishlash kerak. Agar juda sodda qilib aytadigan bo‘lsak. Tamom. Bizda esa albatta turkcha belgilar, yana nimadir qo‘shishadi. Buning nima keragi bor?» degandi u.

Gapning indallosini aytganda, rivojlanish bosqichidagi mamlakatda alifbo o‘zgartirilishiga sarflanayotgan mablag‘ ta'lim sifatini yaxshilashga sarflangani ma'qulroq. O‘ylaymizki, parlament qonun muhokamasida bu jihatlarni ham inobatga oladi.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid