O‘zbekiston | 17:25 / 07.08.2017
14114
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Plenumi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining VIII Plenumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Ochiq muloqot tarzidagi plenumda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi, partiyaning Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zolari, Qoraqalpog‘iston Respublika, viloyatlar, Toshkent shahar vakillari bilan birgalikda, ilk bora partiyaning 194 ta tuman va shahar kengashlari rahbarlari ham qatnashdilar.

Maqsad - Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” nomli ma'ruzacidan kelib chiqib, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan ustuvor vazifalar, ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilab olish, shuningdek, partiyaning tuman va shahar kengashlari rahbarlari bilan joylardagi haqiqiy holat yuzasidan ochiq fikr almashishdan iborat bo‘ldi.

Siyosiy partiyalar va parlament faoliyatining tanqidiy-tahlilidan so‘ng o‘tgan vaqt mobaynida partiyaning rahbar va mas'ul xodimlari tomonidan joylardagi holat, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining faoliyatidagi kamchiliklar tanqidiy o‘rganilib, dastlab, partiyaning mahalliy va mintaqaviy tashkilotlari Ijroiya qo‘mitalari yig‘ilishlarida muhokama qilindi. Plenum kun tartibidan ana shu o‘rganishlar sarhisobi yuzasidan ham masalalar muhokama qilindi.

Partiya rahbari, avvalo, Prezident tomonidan siyosiy partiyalarning faoliyatiga nisbatan bildirgan tanqidiy fikrlardan xulosa chiqarish lozimligi, haqiqatan partiya faoliyatida qator muammo va kamchiliklar, xususan, partiya Saylovoldi dasturidagi va'dalarni bajarish, partiya elektorati bo‘lgan pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash, nogironlarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash, “Muruvvat”, “Sahovat”, “Mehribonlik” uylari faoliyatini yanada sifatli tashkil etish, shuningdek, pensionerlarni dori-darmon bilan ta'minlash bo‘yicha kutilgan natijalarga erishilmaganini ta'kidladi.

Yig‘ilishda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish hamda eng muhim, eng dolzarb ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha partiyaning pozitsiyasini muntazam ravishda o‘z vaqtida bildirib borish partiya oldida turgan eng muhim ustuvor vazifa ekanligiga e'tibor qaratildi.

Shuningdek, Qonun hujjatlarini joylarga yetkazish va ijrosini ta'minlash jarayonida partiyaning pozitsiyasi aniq belgilab olish, ushbu faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, muayyan qonunning ijro etilishi holatini nazoratga olish amaliyotini hamda partiyaning aholi, xususan elektorat bilan tizimli muloqotini yo‘lga qo‘yish faol muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Plenumda barcha darajadagi partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalariga alohida vazifalar taqsimlandi. Shuningdek, partiyaning Saylovoldi dasturida belgilanganidek, elektorat manfaatlaridan kelib chiqib sohaga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish, partiya dasturini qayta ko‘rib chiqish va bu jarayonga siyosatshunoslar, xuquqshunoslar, ekspertlar, deputatlar hamda partiya faxriylarini keng jalb qilish bo‘yicha ishchi guruh tuzish shartligi qayd etildi.

Ochiq suhbat, muhokama va aniq takliflar asosida o‘tkazilgan yig‘ilishda usvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida:

– partiyaning aholi, xususan elektorat bilan tizimli muloqotini yo‘lga qo‘yish;

– partiyaning uyushmagan, bandligi ta'minlanmagan yoshlar bilan ishlash ahvolini tubdan o‘zgartirish, ular bilan yaqindan, bevosita ish olib borilishini jadallashtirish choralarini ko‘rish;

– partiyada kadrlar va zaxira kadrlar bilan ishlashni tubdan takomillashtirish;

– respublika, viloyatlar, tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor masalalarni hal etish borasidagi tashabbuskorlikni oshirish, aholi, xususan, partiya elektoratini o‘ylantirayotgan hayotiy dolzarb muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish masalalari belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan qaror va farmonlari, shuningdek eng muhim va dolzarb ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha partiyaning pozitsiyasini ishlab chiqish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida, partiya rahbariyati va faollaridan iborat tarkibda ishchi guruhlar tuzishga kelishib olindi. Ishchi guruhlarga:

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan qaror va farmonlari, shuningdek eng muhim va dolzarb ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha partiyaning pozitsiyasini ishlab chiqish;

- partiya pozitsiyasini fraksiya va partiya guruhlari yig‘ilishlarida, OAVda aniq bayon etish;

- qonun loyihalarini ishlab chiqish, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, ijro etuvchi organlar mas'uliyatini kuchaytirish bo‘yicha vazifalar topshirilishi ta'kidlandi.

Plenumda mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarining faoliyatini tubdan takomillashtirish, samaradorligini oshirish maqsadida, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi guruhlarining ijrochi kotiblari lavozimlari joriy etilishi belgilandi. Ijrochi kotiblar Harakatlar strategiyasini hamda yil nomlari bilan bog‘lab qabul qilinadigan Davlat dasturlari ijrosini ta'minlash bo‘yicha mahalliy Kengashlar hamda partiya guruhlari tomonidan ishlab chiqilgan Ish rejalar ijrosini muntazam monitoring qilib borishi, mahalliy Kengashlarda ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan partiya guruhlarining yagona pozitsiyasini ishlab chiqishi, partiya guruhi bilan partiya o‘rtasidagi samarali aloqani yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishi va boshqa bir qator muhim vazifalarni bajarishga mas'ul ekanliklari ta'kidlandi.

Respublikaning barcha hududlaridan kelgan partiya vakillari imkoniyati cheklangan insonlarning jamiyatda to‘laqonli hayot kechirishlari uchun to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish, ularning talab va ehtiyojlarini batafsil o‘rganish, bunda, nogironlarning sog‘liklarini tiklash uchun berilayotgan imtiyozli nafaqa pullarini o‘z vaqtida berilishi, nogironlik aravachasi, protezlarga, eshitish apparatlariga, qo‘ltiqtayoqlarga bo‘layotgan ehtiyojlarni qondirilishida partiyaning vazifalari, amaliy harakati qanday bo‘lishi kerakligi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar bildirdilar.

Kun tartibida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi plenumining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Mavzuga oid