O‘zbekiston | 11:39 / 08.08.2017
30823
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fermerlari Kengashi rahbari o‘zgardi

7 avgust kuni Toshkent shahridagi «Poytaxt» biznes markazida O‘zbekiston fermerlari Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Kun.uzga Kengashning  matbuot xizmati.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari U.Ismailov va O.Murodov, O‘zbekiston fermerlari kengashining Kengash a'zolari - Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar fermerlari kengashlari rahbarlari, O‘zbekiston fermerlari kengashining mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Kengash raisi lavozimida ishlab kelayotgan Sodiqjon Turdiyev o‘z arizasiga asosan Kengash raisi vazifasidan ozod qilindi va Kengash a'zoligidan chiqarildi. Kengash raisi vazifasini bajaruvchi etib Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidan Kengash a'zosi hisoblangan Bahodir Tursunovich Yusupov saylandi.

Shuningdek, Kengash yig‘ilishida respublika fermerlik harakatining o‘tgan davrdagi faoliyati, amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan istiqbolli rejalar bo‘yicha fikr almashildi. 

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilarning fikr-mulohazalari tinglanib, ularning takliflari asosida kelgusida soha bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
 

Mavzuga oid