Jamiyat | 14:39 / 09.08.2017
6675
4 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda fuqaroni 40 mln so‘mga chuv tushirgan firibgar ushlandi

-  Mini zavod qurib, biznes qilsangiz bo‘lmaydimi? – dedi qahvaxona o‘rindig‘ida yastangan Zafar suhbatdoshi Jamshidga quvlik bilan qarab.

-  E, zavod qurishga katta pul kerak.

-  Mana biz topamiz-da, pulni, - so‘zamolligini boshladi Zafar. – Bankda zo‘r tanishlarim bor. Bir oy ichida kredit olib berishim mumkin.

-  Yaxshi bo‘lardi-yu, bitta “no...”si borda, - ikkilanib so‘zida davom etdi Jamshid. – Firmamiz hali yangi. Bizga katta miqdorda kredit ajratishmaydi-da...

-  Bir yo‘li bor, - dedi hamsuhbatining qiziqishidan jonlangan Zafar. – Kreditni o‘zimga tegishli “Shomir Dilsam” MChJ orqali olib beraman. Bizga berishadi, chunki MChJning “oborot”i katta. Sizlarga bizdan bir yordam bo‘lsin...

“Huquq” gazetasining yozishicha, Jamshid bu g‘alati taklifdan ikkilanib qoladi.

-  Xo‘sh, xarajati qanday bo‘ladi? – nihoyat yorildi.

-  Shu... o‘n foizda. To‘rt yuz million uchun qirq million berasiz, - deya mo‘ljalni aniq kildi Zafar. So‘ngra: - Menga ishonavering. Mana, firmamning “oborot”ini o‘zingiz qarab chiqing, - dedi Jamshiddagi ikkilanish va xavotirni yo‘qotish uchun qo‘lidagi qog‘ozlarni uzatar ekan.

Do‘stlik tumanidagi “Rangli favvora” qurilish direksiyasi rahbari Jamshid Xoliqov tengdoshi Zafar Xushvaqtov bilan tasodifan tanishib qoldi. Uch-to‘rt marta poytaxtdagi shinam qahvaxonalarda “choylashishdi”. Gurung-gurungga qovushib, ancha qadrdonlashib ketishdi. So‘zamol, o‘ziga ishongan va anchagina uddaburon ko‘ringan bu yigitning “qirqib-qirqib” gapirishi Jamshidga ma'qul keldi. Shu bois uning “foydali taklifi”ni rad eta olmadi.

G‘uzor tumanidagi “Sho‘rtan” o‘yingohi oldida uchrashishga kelishishdi. Aytilgan joyda Jamshid tanishganiga hali bir oy ham bo‘lmagan “qadrdoni”ga kredit olib berishi evaziga qirq million so‘mni qo‘shqo‘llab topshirdi.

“Qo‘ling bilan berib, oyog‘ing bilan yugur” deganlari shu ekan-da. “Qirqib-qirqib” gapirib, “qirq”ni cho‘ntagiga urgan Zafar bir oy o‘tdi hamki kreditdan so‘z ochmadi.

Qayerdan ham bo‘lsin?! Zafar deganlari G‘uzordagi bir qurilish firmasida ishchi bo‘lib ishlardi, xolos. Jamshid Xoliqov uning ilgari besh marta sudlanib, axloq tuzatish jazolarini olayotgan jinoyatchi ekanligini avvalroq bilganidami...

Xullas, “ana bo‘ladi – mana bo‘ladi”, deb ishni paysalga solgan “hojatbaror” keyinchalik Jamshidning qo‘ng‘iroqlariga butunlay javob bermay qo‘ydi. Bu orada Jamshid ham bo‘lganicha bo‘ldi. Va nihoyat, qirq million so‘m “qulog‘ini ushlab ketgani”ni anglab yetib, “oyog‘ini qo‘liga olib” ichki ishlar idorasiga yugurdi...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudi tomonidan mazkur jinoyatga qonuniy baho berildi. Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra Zafar Xushvaqtovga avvalgi o‘talmay qolgan jazolari ham qo‘shilgan holda 7 mln. 235 ming so‘m jarima va 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

O‘zini “jabrdiyda” hisoblab kelgan Jamshid Xoliqovga ham tegishli jazo tayinlandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid