Fan-texnika | 23:42 / 14.08.2017
5509
2 daqiqa o‘qiladi

XKSga Dragon kemasini eltib qo‘yuvchi Falcon 9 raketasi muvaffaqiyatli uchirildi

Foto : NASA

SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketa-tashuvchisi Xalqaro koinot stansiyasiga yuk olib boruvchi Dragon kemasi bilan Floridadagi Kanaveral burnidagi kosmodromdan muvaffaqiyatli uchirildi.

Raketa parvoziga belgilangan vaqtda, ya'ni mahalliy vaqt bilan soat 12:31da start berilgan. Taxminan 3 daqiqadan keyin raketaning birinchi pog‘onasining ajralishi yuz bergan. U parvozdan 9 daqiqadan keyin start joyi yaqinida qo‘ngan. AQSh koinot agentligi NASA avval raketaning birinchi pog‘onasi qo‘nishiga e'tibor qaratmay kelgandi, biroq bu parvoz vaqtida raketa uchirilishi translyatsiyasi boshlovchisi birinchi pog‘onaning qo‘nishini batafsil yoritib borgan.

SpaceX koinotga parvozlarni arzonlashtirish uchun raketaning birinchi pog‘onasidan ko‘p marta foydalanish dasturini ishlab chiqmoqda va avvalroq birinchi pog‘onaning ilk qayta parvozini amalga oshirgandi.

Birinchi pog‘ona qo‘ngandan biroz o‘tib, yuk kemasining raketadan ajralishi sodir bo‘lgan.

Dragon kemasining XKSgacha sayohati 2 kun davom etadi va u orbital stansiya bilan 16 avgustda tutashishi belgilangan.

Yuk kemasi XKSga 3 tonnaga yaqin yuk, jumladan oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi ehtiyoj buyumlari va ilmiy tajribalar uchun materiallarni yetkazadi. Kema stansiyaga shuningdek yangi superkompyuter, vaznsizlikning inson ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta'sirini yo‘qqa chiqarish imkoniyatini o‘rganish uchun sichqonlar, Yerni past yer atrofi orbitasidan o‘rganish uchun teleskop bilan jihozlangan nanosputnikni olib ketmoqda.

Kema XKSda bir oycha qoladi, so‘ngra ishlangan materiallar va ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan Yerga qaytadi. Dragon bugungi kunda XKSdan Yerga yuk yetkaza oluvchi yagona yuk kemasi hisoblanadi.

Mavzuga oid