Jahon | 11:00 / 19.08.2017
13539
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Yamandagi vabo epidemiyasida Saudiya Arabistonini ayblamoqda

Yaqinda Yamanda avj olgan dahshatli vabo epidemiyasi Saudiya Arabistonining mintaqada vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan harbiy siyosati oqibatidir. Lancet jurnalida maqola chop etgan shifokorlar guruhi shunday fikrda.

"Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiyaning aviazarbalari shifoxonalar va suv ta'minoti tizimlarini vayron qildi. Shu bilan odamlarni sanitariyaga zid holatlarda turmush kechirishlariga majbur qildi. Koalitsiyaning Yaman infratuzilmalarini vayron qilishdagi o‘rnini e'tiborga olinsa, YUNISEFning Saudiya Arabistoni "saxiy"ligini e'tirof etgani ajablanarlidir. Ar Riyod vaboga qarshi kurash uchun 67 mln dollar mablag‘ ajratgan edi", — degan Londondagi Qirolicha Mariya Universiteti xodimi Jonathan Kennedy. 

Shu yilning iyun oyida JSST vakillari Yamanda keng qamrovli vabo epidemiyasi boshlangani haqida bong urgan edi. Unga ko‘ra, joriy hisob-kitoblarga binoan mamlakatning 500 mingga yaqin aholisi kasallik tarqalgan hududda yashamoqda. Olimlarning qayd etishicha, vaboning bu kabi keng tarqalishi so‘nggi yillarda hech kuzatilmagan. 

Kennedi va uning hamkasblarining yozishicha, bu illatning paydo bo‘lishi va tarqalishida bevosita bosh aybdor Saudiya Arabistoni va koalitsiyadagi hamkorlari bo‘lsa, AQSh va Buyuk Britaniya bilvosita aybdorlardir. Chunki, aynan so‘nggi ikki davlat sanoat kompaniyalari arab armiyalarini qurol-yarog‘lar bilan ta'minlayotgan bo‘lsa, hukumatlari logistika va razvedka tomondan qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Olimlar Yamandagi turli mintaqalaridagi vabo qurbonlari sonini hisoblab, hukumat va isyonchi husiylar nazoratidagi hududlarda vabodan necha kishi o‘lganini taqqoslab shunday xulosaga kelishgan. 

Unga ko‘ra, bemorlarning 77 foizi isyonchilar nazoratidagi hududlarda istiqomat qiladi. Vabodan o‘lganlarning 80 foizga yaqini ayni shu hududlarga to‘g‘ri keladi. Umuman, husiylar nazoratidagi mintaqalardagi yamanliklar 1,8 marta ko‘proq vaboga chalinmoqda va 1,5 marta ko‘proq shu kasallik qurboniga aylanmoqda. 

"Saudiya Arabistoni, hozirda AQSh va Buyuk Britaniya ittifoqdoshi hisoblanadi. Bizning firmalar Ar Riyodga katta miqdorda harbiy texnika va qurollarni sotmoqda. Harbiy ma'muriyatlar esa logistika va razvedka yo‘nalishida ko‘mak bermoqda. Vashington va Londonning bu kabi harakatlari Saudiya Arabistoni armiyasiga doimiy ravishda Yamanni bombardimon qilishga, dengiz tomondan qamal qilishiga imkon bermoqda. Shunday ekan, AQSh va Buyuk Britaniya vabo tarqalishiga qulay muhit paydo bo‘lishida muhim rol o‘ynadi", — deb xulosa qilishgan olimlar. 

Mavzuga oid