Sport | 21:19 / 07.09.2017
7594
3 daqiqa o‘qiladi

Venger Sanches bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi

Foto: Getty Images

«Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi «Bornmut»ga qarshi o‘yindan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Bu safargi matbuot anjumani ham bir yil ichida «Manchester Siti»ga yo‘l olishi kutilayotgan Aleksis Sanches mavzusi bilan boshlangan. 

OAV xabariga ko‘ra, u yozgi transferlar yakunida Manchesterga o‘tmay qolishi Toma Lemar Londonga kelmagani bilan bog‘liq. Fransiyadagilar «kanonirlar» «Monako»ga Lemar uchun 100 mln yevro taklif etgani, ammo futbolchi klubi bilan maslahatlashgan holda, u yerda yana bir mavsum qolishga qaror qilgani haqida yozishdi.

«Transferlar oynasi yopildi, shu tufayli bu haqda gapirishning o‘rni emas. 3 oy davomida ko‘p ishlar bo‘lib o‘tdi, ammo men uchun Lemar mavzusi haqida gapirish murakkab. Hozir men «Bornmut»ga qarshi o‘yinga tayyorlanish haqida o‘ylamoqdaman. 

Pullar haqida sizlar faqat OAVdan o‘qib bilgansiz. Men uning o‘tishi haqida gapira olmayman, Toma «Monako» futbolchisi. Muzokaralar bo‘ldi, oxir-oqibat Lemar qoladigan bo‘ldi. Uning tanlovini hurmat qilish kerak.

Bu maxfiy tutiladigan gaplar. Transferlar darichasi qonunlari shunday. Ammo men OAVda tarqalgan ayrim xabarlarni inkor eta olmayman», – degan mutaxassis.

«Arsenal» yetakchisi Aleksis Sanches 3-turda«Liverpul»ga qarshi kechgan va 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yindan keyin tanqidlarga mubtalo bo‘ldi. Ko‘plab ekspertlar chililik bu futbolchi maydonga ishtiyoqsiz tushib kelgani haqida gapirdi. Shuningdek, jamoadoshlari u jamoa uchun jon kuydirmayotganidan shikoyat qilayotgani va u ketishini istashayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Venger esa uning jismoniy formasi Konfederatsiyalar kubogidan keyin hali tiklanmagani haqida gapirgan.

«Odamlar har xil fikrlarni bildirishmoqda. Ammo men unga shubha bildirmayman. Sanches jismoniy formasini tiklashi kerak. «Liverpul» bilan bahsda u Konfederatsiyalar kubogidan toliqib qaytgani ko‘rinib turardi. Bu uning mavsumdagi ilk o‘yini edi. Men bu futbolchini juda yaxshi bilaman va u tezda avvalgi holatiga qaytishiga ishonch bildiraman», – deya Vengerning so‘zlarini keltirgan Sky Sports.

Mavzuga oid