Sport | 17:10 / 19.09.2017
13947
16 daqiqa o‘qiladi

Kun munozarasi. Manchester qizilmi yoki ko‘k? 

Foto: Reuters

Angliya Premer Ligasi 5-turidan keyin Manchesterning ikki jamoasi teng ochko va teng to‘plar nisbati bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Aslida, avvalgi ikki yilda «shaharliklar» jamoasi ilk 5 turni yuz foizlik natija bilan o‘tkazgan bo‘lishsa-da, keyin kuchli uchlikka zo‘rg‘a ilingandi. Ya'ni, kelajakka qarab, chempionlik uchun kurash aynan shu ikki klub o‘rtasida kechishini aytishga hali ertadek. Ammo bu jamoalarning teng ochko to‘plashlari doim dramatik voqealarga sabab bo‘lishini eslasak, nimadir bizni kutib turgandek bo‘laveradi. 

Masalan, 2011/12 yilgi mavsumni har ikki jamoa 89 ochkodan to‘plab yakunlagan. Faqat to‘plar nisbati «Manchester Siti»ga uzoq tanaffusdan so‘ng, chempionlikni nishonlashga zamin yaratgan. 2015/16 yilgi mavsumda ham Manchester klublari teng ochko to‘plashdi – endi to‘plar nisbati «Manchester Siti»ga Yevropa Chempionlar Ligasida to‘p surish huquqini berdi. «Yunayted» esa, o‘sha nisbat tufayli, Angliya kubogini yutganiga qaramasdan, Lui van Gaalni iste'foga chiqarib yubordi. 

Hozir esa, hatto to‘plar nisbati bo‘yicha ham jamoalar teng borishmoqda. Bu qachongacha davom etadi? Yaqin turlarda yoki yakunda qaysi jamoa o‘z ustunligini raqamlarda ham aks ettira oladi? Aslida qaysi jamoa kuchli?

Bu savollarga tahririyatimizda ikki xil javob berildi. Marhamat. 

Qahramon ASLANOV: «MANCheSTeR YuNAYTeD» KUChLI, ChUNKI:

BIRINChIDAN, murabbiy omili.

Foto: «Manchester Yunayted»

Juda eskirib ketgan fikr bo‘lsa ham, aytish joiz, Joze Mourinoning ikkinchi mavsumlari doim juda kuchli bo‘ladi. «Chelsi», «Real», «Inter»dagi faoliyati davomida murabbiy aynan shu davrda jamoasini cho‘qqiga olib chiqa olgan. Gap faqat tasodiflarda emas, Joze qisqa muddat ichida raqobatbardosh jamoa qurishga, tarkibda muammolarni aniq his qilgan holda transferlarni amalga oshirishga juda usta. 

Mourino o‘tgan yili amalga oshirgan 4 transferning barchasi jamoa yetakchi futbolchilariga aylanishdi. Bu yil tarkibga qo‘shilgan Lukaku 7 o‘yinda 7 gol urishga muvaffaq bo‘ldi, Matich esa, maydon markazi egasiga aylanib bo‘ldi. Umuman olganda, Joze Mourino uch marta Angliya chempionatini yutgan, yana ikki mavsumda chempionlik uchun kurashganini e'tiborga olsak, aynan ingliz futbolini his qilish bo‘yicha portugaliyalik murabbiy ustunroq.

IKKINChIDAN, Plan-B uchun sharoit. «Yunayted»ning pozitsion hujumdagi kamchiliklari, ayniqsa, «avtobus» himoyalar bilan o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizliklari ko‘p bor tilga olinadi. Ammo bu mavsumdan muammo yechilgandek – jamoa besh o‘yinda 16 gol urdi, o‘tgan yili bu ko‘rsatkichga 11-turdan so‘ng kelingandi. 

Romelu Lukakuning kelishi, Zlatan Ibrahimovichning qaytishi, shuningdek, tarkibda Pogba, Matich, Fellayni kabi baland bo‘yli futbolchilarning mavjudligi «MYu»ga turli usullarda samarali o‘ynay olish imkoniyatini beradi. Mata, Mxitaryan, Pogba, Lingard kabi futbolchilar bilan qisqa masofalarda hujum tashkil qilish, Reshford, Marsiyallar yordamida qarshi hujumda o‘ynash, payti kelganda esa, yuqorida tilga olingan futbolchilar yordamida uzun paslarga murojaat qilish imkoniyati mavjud. 

«Manchester Siti» hujumchilari Aguero va Jyezus, shuningdek, Sterling, Sane, Silva, De Bryuyne kabi futbolchilar ham, asosan bir-birlariga yaqin uslubda o‘ynashadi. Jyeko, Yovetich, Negredo, Boni kabi zaxira variantlarida ega bo‘lgan «Siti» bu mavsumda aynan shu yo‘nalishda qiyinchilikka uchrashini taxmin qilsa bo‘ladi. Ingliz klublari ko‘pchilik bo‘lib himoyalanganda va ayniqsa, jismoniy kuch «kozir» sifatida o‘rtaga tashlanganda, Pep Gvardiola kerakli «qurol»ni topa olmay qolishi ehtimoli bor. 

UChINChIDAN, tarkibdagi raqobat.

Foto: «Manchester Yunayted»

Albatta. har ikki jamoa ham ligada eng kuchli tarkibga ega hisoblanadilar. Ammo vaziyatga chuqurroq qarasak, «Manchester Siti»da birinchilar va ikkinchilar aniq ajralib qolgandek tuyuladi. «Yunayted»da esa, Lukaku va Pogbadan boshqa hech bir futbolchi o‘zini to‘laqonli asosiy tarkib o‘yinchisi deb his qila olmaydi. So‘nggi daqiqalarda kiritilayotgan gollarning ham sababi shu – zaxiradan maydonga tushayotgan futbolchilar shunchaki, o‘yinni yakunlash emas, o‘ziga berilgan vaqtda imkon qadar o‘zini ko‘rsatishga urinmoqda va shu tufayli, jamoa so‘nggi daqiqalarda yanayam kuchayib ketmoqda. Zaxiradan tushgan futbolchilar allaqachon 5 gol urib, 4 golli uzatmani amalga oshirishdi.

TO‘RTINChIDAN, maydon markazi. Angliya Premer Ligasida asosan maydon markazi juda ko‘p o‘yinlarda hal qiluvchi bo‘ladi. Pogba, Matich, Fellayni, Errera va Karrik kabi futbolchilardan tashkil topgan «Manchester Yunayted» markazi «qo‘shnilari»dan kuchliroq ko‘rinmoqda.

Pep Gvardiola ixtiyorida Fernandino, yulduzli onlari ortda qolgan Yahyo Ture va zaxiradan qaytayotgan va hali Angliya chempionatining havosini olmagan Ilkay Gundo‘g‘an bor. Jismonan kuchli APL jamoalariga qarshi bu futbolchilar yetarlicha qarshilik ko‘rsata olmasliklari mumkin. Hozirda «Manchester Siti» nisbatan kuchsizroq jamoalarga qarshi, hujum chizig‘idagi futbolchilarning soni hisobiga kerakli natijalarni qo‘lga kiritayotgandir, ammo qattiqroq qarshilikka duch kelinganda, markazni to‘ldirish hisobida kimdandir voz kechilishi tabiiy. U holda hujumdagi ajoyib kombinatsiyalarning soniga ham putur yetadi. 

 

Azamat MURODOV: «SITI» KUChLI, ChUNKI:
Yangi mavsumning birinchi turlaridan ko‘rinib qoldiki, Gvardiola uni birinchi mavsumda qiynagan eng asosiy uchta muammoli jihatlarning deyarli barchasini yopa olgan.

Foto: «Manchester Siti»

BIRINChIDAN. Orqa chiziqdagi barqarorlik. O‘tgan yili «Manchester Siti»ni qiynagan eng asosiy muammolardan biri aynan himoya chizig‘idagi qo‘pol xatolar, orqa chiziqning o‘zaro bog‘lamlaridagi uzilishlarda ko‘rindi. Gvardiola talab qiladigan eng asosiy xususiyatlardan biri hattoki u darvozabon bo‘lsa ham, birinchi navbatda oyoqda yaxshi o‘ynay olishi kerak bo‘ladi. Shu maqsadda uzoq yillik asosiy darvozabon Jo Hartdan voz kechildi va uning o‘rniga Klaudio Bravo xarid qilindi. To‘p bilan yaxshi muomala qilishi birinchi planga chiqqan Jon Stounz asosiy markaziy himoyachi sifatida jamoaga olib kelindi. Orqa chiziqdagi mazkur ikki o‘zgarish va eski futbolchilar butunlay yangicha o‘yin uslubiga moslashguniga qadar mavsumning katta qismi o‘tib ketgandi. Bravo katta bosim ostida qoldi. Uning qo‘pol xatolari, Stounzning nafaqat himoyadan turib hujumni boshlashdagi xatolari, balki himoyalanayotganda ham oddiy pozitsion joylashuvdagi no‘noqliklari oqibatida «Siti» nisbatan kuchsiz (kuchli) raqiblarga qarshi, yutishi shart bo‘lgan o‘yinlarda ham ochko yo‘qotishiga to‘g‘ri keldi. «Chelsi», «Midlsbro», «Everton» va «Tottenhem»ga qarshi o‘z uyida kechgan o‘yinlarni eslash kifoya. Shu uchta uchrashuvning o‘zida jamoa aniq qo‘lga kiritishi lozim bo‘lgan 9 ochkoni boy berdi. Bunday uchrashuvlar mavsum davomida ko‘p kuzatildi.

Bu mavsumga kelib esa aynan mana shu muammo bartaraf etilganini ko‘rmoqdamiz. Jamoaga qo‘shilgan yangi darvozabon Ederson ham oyoqda, ham darvozabon sifatida yaxshi o‘ynay olishini isbotlab bo‘ldi. Jamoaning uzoq yillik yetakchisi Vensan Kompani nihoyat jarohatlardan forig‘ bo‘lib (hozirgi jarohatni Kompani uchun jarohat deb bo‘lmaydi), barqaror o‘ynay boshladi. Eng asosiysi esa o‘tgan yilgi mavsum antiqahramoni Jon Stounz yangi mavsumda butunlay o‘zgarganini ko‘rsatib turibdi. Futbolchining pozitsiya tanlashda, hujum boshlashda ham yaxshigina o‘sishga erishganini ko‘rishimiz mumkin. «Siti»ning eng muammoli jihatlaridan biri standart vaziyatlarda ham uning yordami tegishni boshlagan. Stounz nafaqat yaxshi himoyachi salkam to‘purar yetakchiga ham aylanib bormoqda.

Orqa chiziqning o‘sishga erishganiga birgina oddiy misol: shu kungacha duch kelingan eng jiddiy raqib — «Liverpul»ga qarshi uchrashuvda Kompanisiz markaziy himoya birgina pozitsion xatoga yo‘l qo‘ydi. Saloh darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borganida Otamendi sun'iy ofsaydni yuzaga keltira olmagandi, ammo bu vaziyatda endi Ederson yordamga keldi. O‘tgan yili bunday xatolar shu qadar ko‘p ediki, ularni kamaytirish uyoqda tursin, o‘rnini yopish uchun «straxovka» ham yo‘q edi.

IKKINChIDAN. Gvardiola orzusidagi fulbek. Angliyaga o‘z o‘yin uslubini olib kirishda katta muammoga duch kelgan Pep, shunday vaziyatda ham o‘z fikridan voz kechmadi. Yangi mavsum oldidan APLning eng qariya qanot himoyachilari bilan qolgan «Siti» bir «qop pul» sarflab bo‘lsada, shu muammoni bartaraf etishga asosiy e'tiborni qaratdi. Mavsum boshidanoq bu natija berishni boshladi. Birinchi navbatda Pep yangi qanot fulbeklari orqali hujumdagi rang-baranglikni keskin oshirdi. Buni raqamlar ham aytib turibdi. «Siti» shu kungacha yaratgan xavfli vaziyatlarning 57 foizi aynan qanot fulbeklari yordamida boshlangan yoki davom ettirilgan. Hozirga qadar aynan fulbeklar oltita rasmiy uchrashuvda 5ta golli uzatma amalga oshirishga ulgurgan.

Bu hammasi emas. Ikkala qanot fulbeklari vaqti kelganda himoyalanishda ham o‘tgan yilgi futbolchilar bilan solishtirganda ikki baravar ustunlikka ega ekanini ko‘rishimiz mumkin. Birgina Kayl Uokerning o‘zi 3tadan sal ko‘proq ortiq uchrashuvda ishtirok etib, 9ta xavfli tus olishi aniq bo‘lgan hujumlarni bartaraf etishga ulgurgan. Yangi fulbeklar bundan tashqari Gvardiolaning yangi taktikadan foydalanishi uchun ham variantlarni ko‘paytirishga xizmat qilgan. Bunisi esa endi...

UChINChIDAN. Aguero-Jyezus tandemi. Yuqorida eslab o‘tganim fulbeklarning ko‘p funksionalligi Gvardiolaga 3-5-2 taktik chizmasidan o‘ta samarali foydalanish imkoniyatini bermoqda. Gap bu yerda aynan faqatgina 3-5-2 chizmasidan ham emas, gap aynan ikki hujumchi bilan ham jamoaning natijaga erisha olayotganida. Gvardiola Uoker va Mendi timsolida kamida ikki nafar bo‘sh o‘rin yaratmoqda va bu o‘rinning biri qo‘shimcha markaziy himoyachi va ikkinchi hujumchi bilan to‘ldirilmoqda va eng asosiysi bu juda yaxshi samara bermoqda. Yanvardan buyon ko‘pchilikni qiynab kelgan Agueromi, Jyezusmi, degan savol bugun kun tartibidan olib tashlangan. Ikkala futbolchi birgalikda to‘p surib 6 uchrashuvda 11ta gol kiritishga ulgurdi. Asosan 3 markaziy himoyachi bilan o‘ynayotgan jamoa atigi 2ta to‘p o‘tkazib yubordi. So‘nggi uchta uchrashuvdagi statistikaning o‘zi esa ko‘p narsani aytib turibdi — 15:0.

TO‘RTINChIDAN. Kevin de Bryuyne — «malla javohir».

Ha bugun «Siti»da aynan shu ism-familiyaga juda ko‘p narsa bog‘liq. U jamoa uchun sovrinsiz o‘tgan mavsumda ham 24 golli vaziyat yarata olgandi. Ularning 18tasi golli uzatma ekanini hisobga olsak, «Siti» De Bryuyne timsolida pleymeykerlar avlodining yangi bir etaloniga ega bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.

Agar «Siti» shu tariqa o‘ynashda davom etsa va De Bryuyne ham jarohatlarni chetlab o‘ta olsa, menimcha, Angliyada mavsumning eng yaxshi futbolchisi aynan belgiyalik futbolchi bo‘ladi. Nega? Birinchidan, biz yuqorida eslatganimiz Gvardiolaning uchta muammosidan biri bu aynan jamoaning vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatkichning pastligida edi. Kevin o‘tgan mavsumda 24 golda qatnashgan bo‘lsa, u pas bergan yana kamida 24 vaziyatda gol bo‘lishi kerak bo‘lgan holatda bu amalga oshmay qolgandi. So‘nggi vaqtlarda bu muammo ham ijobiy hal bo‘layotganini hisobga olsak, De Bryuynening samaradorligi ham oshishi tabiiy. Ikkinchidan, so‘nggi yillarda APLning eng yaxshilari bo‘layotgan futbolchilarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, Eden Azar, Riyoz Mahrez (asosan) dribling, Ngolo Kante esa ko‘proq to‘p olib qo‘yishlari bilan bu nomga munosib ko‘rilgan bo‘lsa, Kevin Gvardiola qo‘l ostida ko‘p funksionalli futbolchi sifatida ko‘rinish bermoqda va bu ishni ham hozircha yaxshi uddalamoqda. Pepga orqaroqda to‘pni nazorat qilish kerakmi, Kevin ortga qaytadi. Pepga qanotlardan bosimni oshirish kerakmi KDB qanotga o‘tadi. Raqibga o‘z maydonida bosim uyushtirib pressing qilish kerakmi, marhamat — Kevin uchinchi  markaziy hujumchi sifatida raqibni siquvga olishi mumkin. Ya'ni, Kevin o‘ta universal futbolchi sifatida APLda yil futbolchisi bo‘lishga asosiy da'vogardir.

«De Bryuyne – faoliyatim davomida ko‘rgan eng yaxshi futbolchilardan biri. Bu barcha xususiyatlarni hisobga olib aytilganida ham shunday. Kevin – eng yuqori saviyali futbolchilar sirasiga kiradi. U tezkor va aqlli qarorlari bilan hayratlantira oladi. Kevin aynan bizning jamoada to‘p surayotganidan faxrlanamiz va bundan juda ham xursandmiz», degandi Gvardiola. Shuning o‘zi ham ko‘p narsadan dalolat beradi...

Mavzuga oid