O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 sentabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari muloqot avvalida Qirg‘iziston Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Qirg‘iziston Prezidentining qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi an'anaviy yaqin va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash, O‘zbekiston – Qirg‘iziston o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishda tutgan o‘rni va faol sa'y-harakatlari chuqur mamnuniyat bilan alohida qayd etildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-6 sentabr kunlari Qirg‘izistonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘targani, o‘zaro hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani ta'kidlandi.
Turli darajalardagi aloqalar faollashgani qayd etildi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari raisligida Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyat ko‘rsatmoqda, davlat chegarasini huquqiy jihatdan tartibga solish ishlarini yakunlash bo‘yicha faol muzokaralar olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning tashrifi chog‘ida O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasi to‘g‘risida shartnoma imzolangani hamkorlikdagi ishlarning eng muhim natijasi bo‘ldi.
O‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda, yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 60 foizga o‘sdi. Avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamkorlik bo‘yicha istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari, hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, ikki davlat hukumatlari rahbarlari shafeligida faoliyat yuritadigan Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashining amaliy faoliyatini tashkil etishni tezlashtirish hamda madaniy-gumanitar sohada yangi dasturlarni amalga oshirish muhimligi ta'kidlandi.
Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning mamlakatimizga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida e'tibor qaratildi.
Muloqot so‘nggida O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Prezidentini yana bir bor samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyat, qardosh qirg‘iz xalqiga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladi.
Mavzuga oid
11:22 / 02.05.2024
Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti
21:36 / 01.05.2024
YeTTB O‘zbekistonda «yashil» shaharlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
09:04 / 30.04.2024
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasini tabrikladi
19:48 / 29.04.2024