Fan-texnika | 02:39 / 20.09.2017
10192
3 daqiqa o‘qiladi

"Tabassum qilayotgan chehra" – smaylik belgisi 35 yoshga to‘ldi

Foto: BBC

35 yil avval, ya'ni 1982 yil 19 sentabrda AQShning Pittsburgidagi Karnegi-Mellon universiteti professori Skott Falman elektron yozishmalarda "ikki nuqta-tire-qavs" ketma-ketligidan – :-) tabassumni bildiruvchi belgi sifatida foydalanishni taklif qilgan. Shu tariqa hozirda usiz onlayn-muloqotni tasavvur qilish qiyin bo‘lgan smaylik (emotikon) belgisi paydo bo‘lgan.

Falmanning aytishicha, dastlab smaylik zarurat tariqasida ishlatilgan. O‘sha vaqtda AQSh universitetlari xodimlarida o‘z hamkasblari bilan zamonaviy internetning ilk ko‘rinishi – APRANET yordamida elektron yozishma olib borish imkoniyati paydo bo‘lgan. Jamoaviy muloqot uchun elektron byulleten deb nomlangan e'lonlar taxtasi ishlab chiqilgan. Bu yerda istalgan olim o‘z xabarini qoldirishi mumkin bo‘lgan.

Tez orada bunday taxtalarda fanga aloqasi bo‘lmagan matnlar paydo bo‘la boshlagan. Olimlar taxtalardan ijtimoiy tarmoq yoki messenjerlar sifatida foydalanib, hazil-huzul qilishgan, bir-birlari bilan bahslashishgan, umumiy tanishlari va universitetdagi ishlarni muhokama qilishgan. Faqatgina ish bo‘yicha masalalarga qiziqqan xodimlar bunday aralash-quralash matnlardan qaysilari ishga tegishli ekani, qaysilarini inobatga olmaslik kerakligini farqlashda qiynalishgan. Ba'zi olimlar esa hazil matnlarni tushunmay, ularga jiddiy javob berishni boshlashgan.

Shu tariqa yozishmalar ichidan jiddiy bo‘lmagan matnlarni ajratishda yordam beradigan belgiga zarurat tug‘ilgan. Falman hamkasblariga ikki nutqa, tire va yopish qavsi yordamida tabassum qilayotgan chehrani, ochish qavsi bilan esa g‘amgin chehrani tasvirlashni taklif qilgan. Olimning g‘oyasiga ko‘ra, shu tariqa "hazil" va "oddiy" matnlarni belgilash mumkin bo‘lgan.

Smaylikning grafik tasviri esa yanada ertaroq – 1963 yilda paydo bo‘lgan. O‘shanda amerikalik rassom Xarvi Boll ishchilari kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qiladigan baxtli chehra siymosini yaratish bo‘yicha sug‘urta kompaniyasidan buyurtma olgan. Boll bu vazifani 10 daqiqa ichida hal qilgan: u sariq doira ichiga ikkita nuqtadan iborat ko‘z va tabassum qilayotgan og‘izni chizgan. U bu ishi uchun 45 dollar olgan.

Mavzuga oid