Fan-texnika | 22:08 / 23.09.2017
6061
2 daqiqa o‘qiladi

Hewlett-Packard superkompyuteri koinotda sinovdan o‘tkazildi

Foto: hi-news.ru

Bir oy avval Xalqaro koinot stansiyasiga Dragon koinot kemasi yuk bo‘limida NASA agentligi va Hewlett-Packard kompaniyasi birgalikda yaratgan SpaceBourne superkompyuteri yetkazilgandi. Bu kompyuter koinotda uzoq vaqt yuklamalar va dasturiy nosozliklardan keyin o‘zini qanday tutishini bilish uchun yaratilgan. Ishlab chiquvchilar barchasi yaxshi bo‘lishiga umid qilishgan, biroq ularda kompyuter XKSga parvozdan keyingi tebranishni ko‘tara olishi borasida  jiddiy xavotirlar bo‘lgan. Ular hattoki kompyuter yoqilmasligini taxmin qilishgandi. Biroq kompyuter yuklamalarga dosh berib, yoqilib, hanuzgacha ishlamoqda. 

XKSda superkompyuter paydo bo‘lguncha kam quvvatli noutbuklargina bor edi, biroq endi fazogirlar tez ishlovchi va aniqlanishicha, chidamli SpaceBourne’ni ishlatish imkonini oldilar. Avval murakkab hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun katta miqdordagi ma'lumotlarni Yerga jo‘natishga to‘g‘ri kelgan. Yerda esa bu ma'lumotlar asosida hisob-kitoblar qilinib, so‘ngra natijalar yana XKSga jo‘natilardi. Hozir esa bu masalani XKS bortining o‘zida hal qilish imkoni paydo bo‘ldi.

Tajribadan asosiy maqsad Oy va Marsga missiyalarga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat. Bu missiyalar davomida eski qurilmalarni yangisiga almashtirish imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli superkompyuter yana bir yil sinovdan o‘tkaziladi. U bu vaqt ichida o‘chib qolmasdan ishlashi kerak. Agar tajriba muvaffaqiyatli kechsa, kompyuterni yaratishda qo‘llangan texnologiyalar yangi koinot superkompyuterlarini yaratishda asos qilib olinishi mumkin.

Mavzuga oid