Jamiyat | 09:47 / 26.09.2017
69333
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Misr ehromlarining qanday qurilganiga javob topishdi

Illyustrativ foto

Uzoq vaqtdan beri arxeologlar Bronza davri texnologiyalari bilan dunyoning yetti mo‘'jizasidan biri – Misrdagi Xeops ehromi qanday qurilganiga javob topolmay kelayotgandilar. 147 metrlik Katta ehrom o‘rta asrlargacha duyoning eng baland inshootlaridan biri bo‘lib kelgan. Endi esa misrshunoslar ehrom qurilishida ishlatilgan katta tosh bloklari ehrom joylashgan Gizaga 13 km uzoqlikdagi Turdan qanday yetkazilgani sirini ochishdi, deb xabar bermoqda Daily Mail nashri.

Olimlarning fikricha, og‘irligi 2,5 tonna keladigan 170 mingta ohaktosh maxsus qazilgan kanallar orqali yog‘och qayiqlarda tashilgan. Ular Katta ehrom ostida tashkil etilgan gavanga keltirilgan.

Buning javobi esa miloddan avvalgi 2600 yildagi Xufu fir'avnining dafn qayig‘iga qo‘yilgan qadimiy papirus qog‘ozida aniqlandi. Unda bloklar qanday tashilgani, Nil suvlari yo‘naltirilgan kanallar qanday qazilgani va ulkan to‘g‘onlar qanday barpo etilgani batafsil bayon etilgan. Hujjat 40 ishchidan iborat jamoaga javob bergan Merer ismli nazoratchi tomondan imzolangan.

Biroq arxeologlar katta masofalarni hisobga olgan holda bloklarni tashish borasida bir fikrga kela olmay qolganlar. Bu bahsda yakuniy nuqtani Giza yassi tog‘i ostida suv kanallari izlarini topgan Mark Lexner qo‘ydi. "Biz umumiy ko‘rinishda suv havzasi va ehrom ostiga olib kelgan kanallar tarmog‘ini chizib chiqdik", deb aytgan tadqiqotchi.

Mutaxassislar jamoasi shuningdek bloklar tashilgan qadimiy qayiqlarni ham tiklashgan. Aniqlanishicha, ular yog‘och doskalarni bir-biriga zich qilib arqon bilan bog‘lash yo‘li bilan yaratilgan. 

Mavzuga oid