O‘zbekiston | 08:50 / 08.10.2017
101293
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir avtohalokati qurbonlari va jabrlanuvchilari O‘zbekistonga olib kelindi

Foto: uzbekistan24.uz

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy-transport samolyoti 8 oktabr tongida 6 oktabr kuni Rossiyaning Vladimir viloyati Pokrov tumanida ro‘y bergan YTH ishtirokchilarini O‘zbekistonga qaytardi. 

«O‘zbekistan 24» telekanali bergan xabarga ko‘ra, Vladimir viloyatidagi 36 nafar o‘zbekistonlik hamda ularning qarindoshlari bo‘lgan 5 kishi bugun erta tongda vatanga qaytib kelishgan. Shuningdek, 15 nafar fuqaroning jasadi ham Surxondaryoga olib kelinib, 22 nafar surxondaryolik Termizda qolgan, samolyot esa Toshkentga yo‘l olgan.

Avtohalokat 6 oktabr Moskva vaqti bilan soat 03:30larda Vladimir viloyatidagi temir yo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan. YTHda temir yo‘l izlaridan o‘tish joyida to‘xtab qolgan avtobusga poyezd kelib urilgan.

Shu kuni O‘zbekiston hukumati qaroriga ko‘ra, yordam ko‘rsatish va jabrlanganlarni olib ketish uchun Vladimir viloyatiga maxsus samolyot va mutaxassislar yuborilgandi. 

Foto: uzbekistan24.uz

Ayni vaqtda YTH oqibatida og‘ir jarohat olgan 3 nafar o‘zbekistonlik Vladimir viloyatida davolanishda bo‘lib turibdi. Ularning ahvoli doimiy nazoratda va ular sog‘ligi yaxshilangach, vatanga qaytadi.

Mavzuga oid

E`lonlar