Sport | 19:20 / 09.10.2017
11844
6 daqiqa o‘qiladi

JCh-2018 saralashi. Yevropada eng omadsiz 2-o‘rin egasi kim bo‘ladi?

9-10 oktabr kunlarida Yevropada mundialning yana bir nechta ishtirokchilari ma'lum bo‘ladi. Shuningdek, guruhlarda 2-o‘rinlarni egallab, noyabrda pley-offda qatnashadigan terma jamoalarni ham bilib olamiz. UYeFA uchun 13 o‘rin ajratilgan, guruhlar soni esa, 9 ta. Natijada, guruhlardan biri «ortiqcha»lik qilib qolmoqda, shuning uchun reglamentga ko‘ra, eng yomon ko‘rsatkich qayd etgan 2-o‘rin sohibi ham imkoniyatdan mahrum bo‘ladi. Aynan mana shu jihat so‘nggi kunlar intrigasini yanada oshirib, pley-off uchun o‘ziga xos sirtqi kurashni yuzaga keltirdi. Keling, mana shu mavzuga ham chuqurroq yondoshib ko‘ramiz.

Saralash guruhlari uchun qur'a tashlanganda, terma jamoalar soni 53 ta bo‘lib, guruhlardan birida Rossiya terma jamoasi o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazishi ko‘zda tutilgandi. Shuning uchun ham, eng yomon 2-o‘rin sohibini aniqlashda guruhdagi so‘nggi jamoalar bilan qayd etilgan natijalar hisobga olinmasligi reglamentda qayd etilgandi. Keyin esa, Kosovo UYeFA ga qabul qilinib, Rossiya o‘rniga «beshtalik» guruhni to‘ldirdi. Ammo reglament o‘zgartirilmadi. Demak, 2-o‘rinlar solishtirilganda, turnir jadvalidagi holatga emas, 6-jamoa bilan o‘yinlar hisobga olinmagan alohida jadvalga e'tibor qaratish lozim bo‘ladi. 

Mana o‘sha jadval:

Bu yerda ayni paytda 2-o‘rinda borayotgan terma jamoalar e'tiborga olingan, aslida guruhlardagi holat o‘zgarishi mumkin. Ammo bu jihat ham hisob kitobimizga unchalik xalaqit qilmaydi. 

Ko‘rinib turibdiki, guruhdagi o‘yinlarini yakunlagan Slovakiya terma jamoasi 12 ochko to‘plagan. Mana shu ko‘rsatkich bizga bemalol o‘lchov vazifasini o‘tab bera oladi – xulosa qilish mumkinki, 2-o‘rin naqd bo‘lgan Daniya, Shvetsiya, Shimoliy Irlandiya, Italiya, Gretsiya terma jamoalari Slovakiyadan yuqorida turishibdi va bu o‘zgarmaydi. Portugaliya ham agar guruhda 2-o‘rinni oladigan bo‘lsa, hammadan yuqorida turibdi, mabodo o‘sha guruhdan Shveytsariya jadvalga qo‘shiladigan bo‘lsa ham, 18 ochkoga ega bo‘ladi. 

Guruhlarni qarab chiqilganda, so‘nggi turda 6-o‘rinni tark etadigan va bu jadvaldagi ochkolarni o‘zgartirib yuboradigan holatlar ham ko‘rinmadi. 

Demak, «eng yomon 2-o‘rin» bo‘lmaslik uchun Slovakiyadan yaxshiroq natija ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Asosiy raqiblari bilan so‘nggi turda o‘zgaro to‘qnash keladigan Uels va Xorvatiya terma jamoalari endi, o‘sha o‘yinda kerakli natijani qo‘lga kiritish bilan birga, sirtdan Slovakiya bilan ham kurashishlari kerak. 

Bu jadvalga ta'sir qiladigan o‘yinlar:
UELS – IRLANDIYa
UKRAINA - XORVATIYa

Oddiy kunda Uels Irlandiya bilan, Xorvatiya esa, Ukraina bilan durang o‘ynagan holda guruhda 2-o‘rinni saqlab qolishlari mumkin bo‘lardi. Bu vaziyatda esa, unday emas, durang bu jamoalarni 2-o‘rinda saqlab qolgani bilan, Slovakiyadan yomonroq natija ko‘rsatishlariga va pley-offdan quruq qolishlariga sabab bo‘ladi.

Xulosa qilamiz. 
Agar Uels va Xorvatiya o‘z raqiblarini mag‘lub etishsa, guruhda 2-o‘rinni (hatto 1-o‘rinni ham) egallashadi. Shu jadvaldagi ochkolar soni 14 tadan bo‘ladi va eng yomon ikkinchi o‘rin egasi – Slovakiya terma jamoasi bo‘ladi. 

Agar Uels va Xorvatiya o‘z raqiblaridan mag‘lubiyatga uchrashsa, 3-o‘ringa tushib ketishadi. Ammo ularni mag‘lub etgan Ukraina va Irlandiya bu jadvalda paydo bo‘lishi mumkin. Bu jamoalarning ko‘rsatkichlari Slovakiyadan yaxshiroq. Bu holatda ham eng omadsiz 2-o‘rin sohibi – Slovakiya bo‘ladi. 

Agar Uels va Xorvatiyadan biri durang o‘ynab qo‘ysa, Slovakiya pley-off ishtirokchisiga aylanadi. Durang o‘ynab qo‘ygan terma jamoa 12 ochko bilan eng yomon 2-o‘ringa aylanadi. 

Agar har ikki terma jamoa ham durang o‘ynasa, Slovakiya pley-off ishtirokchisiga aylanadi. Eng omadsiz jamoa Xorvatiya va Uelsdan biri bo‘ladi. Bu jamoalarning to‘plar nisbati bir xil +2. Lekin Uels ko‘proq gol urgan bugungacha. Reglamentga ko‘ra, to‘plar nisbati teng bo‘lganida, urilgan gollar soniga qaraladi – demak, qayd etiladigan duranglarda nechtadan gol urilishiga ham bog‘liq bo‘lib qoladi. 

Aytish mumkinki, mana shu ikki uchrashuvdagi raqiblarning birortasini ham durang qoniqtirmas ekan. Uels, Irlandiya, Xorvatiya va Ukraina terma jamoalaridan g‘olib bo‘lganlar kamida pley-offga borishadi.

Siz Slovakiya terma jamoasi muxlisi bo‘lsangiz, yuqorida eslatib o‘tilgan ikki o‘yinning hech bo‘lmasa, bittasida durang bo‘lishiga duo qiling. Bu o‘yinlarning hech bo‘lmasa bittasida durang bo‘lmasa, Slovakiya bilan ertagayoq xayrlashishimiz mumkin.

Futbol aslida soddaroq, bu terma jamoalar muxlislari mana shunday hisob kitoblarni amalga oshirishyaptimi yoki yo‘qmi, noma'lum. Shunchaki, biz o‘rganib qolganmiz. 

Qahramon Aslanov.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid