Iqtisodiyot | 08:35 / 11.10.2017
47359
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston tashqi qarzi 7 oydan beri to‘xtovsiz o‘sib bormoqda

2017 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, Qozog‘iston tashqi qarzi 167,8903 mlrd. dollarni tashkil etdi, deya xabar berdi Qozog‘iston Milliy bankining matbuot xizmati.

Ma'lumotlarga qaraganda, ushbu miqdorda davlat va davlat tomonidan kafolatlangan tashqi qarzlar 13,9576 milliard dollarni tashkil etadi. Bu tashqi qarzning 8,3 foiziga teng. Ushbu miqdordan davlatning tashqi qarzi 13,241 mlrd. dollardir.

Ta'kidlash joizki, davlat va davlat tomonidan kafolatlangan tashqi qarz 2017 yilning apreliga nisbatan kamaygan. O‘shanda bu ko‘rsatkich 14,1139 milliard dollarni tashkil etgandi. Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra Qozog‘iston tashqi qarzi 163,715 milliard dollarni tashkil qilgan.

«Alpari» kompaniyasining tahlil departamenti rahbari o‘rinbosari Natalya Milchakova qayd etganidek, Qozog‘istonda aholi jon boshiga tashqi qarzning ko‘rsatkichi 8 740 dollarni tashkil etadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mutlaq ravishda bu raqam vaziyatdan bexabar odam uchun qo‘rqinchli ko‘rinishi mumkin, har qanday oddiy fuqaro o‘zining erkin irodasi bilan deyarli to‘qqiz ming dollarga qarzdor bo‘lishni istamaydi, biroq jahon miqyosida bu ko‘rsatkich tashvishga solmasligi kerak.

«Misol uchun, Buyuk Britaniya uchun ushbu raqam kishi boshiga 150 ming dollardan ortiq, Belgiya, Norvegiya, Finlyandiyada aholi jon boshiga 100 ming dollar, AQSh uchun 60 ming dollar, Germaniya uchun 70 ming dollardan ortiqni tashkil etadi. Rossiyada aholi jon boshiga atigi 3,5 ming dollarga teng. Afsuski, aholining ko‘pligi ham muhimdir, shuning uchun Rossiya va Xitoyda aholi jon boshiga tashqi qarz ko‘rsatkichlari juda past darajada», - deya izoh beradi tahlilchi.

Milchakovaning tushuntirishicha, aholi jon boshiga tashqi qarz ko‘rsatkichi mamlakatning va aholining qarz yuki hajmini aks ettiradi, chunki davlat ma'lum vaqt ichida qaytarilishi kerak bo‘lgan pulni chet eldan oladi. Bu ko‘rsatkich qanchalik baland bo‘lsa, tashqi qarz beruvchilarga ma'lum bir mamlakatning har bir fuqarosi shunchalik «qarzdor» bo‘ladi. Ko‘rsatkichning o‘zi hech narsaga ta'sir qilmaydi, bu faqat hukumat va chet eldan qarz olish to‘g‘risida qaror qabul qiladigan hukumatning iqtisodiy bloki uchun indikator. 

MDH mamlakatlari orasida, Xalqaro iqtisodiy forumga ko‘ra, Ukraina tashqi qarzlarning hajmi bo‘yicha 80,2 foizlik ulush bilan birinchi o‘rinni egallaydi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rin Qirg‘iziston (68,8 foiz), uchinchi pog‘ona esa Armanistonga (46,6 foiz) tegdi. Reytingda to‘rtinchi o‘rinni Moldova (42 foiz) egalladi. Ozarboyjon (36,1 foiz) beshtalikni yakunlab bergan bo‘lsa, Tojikiston oltinchi o‘rindan joy oldi. Yettinchi o‘rinni Qozog‘iston 23,3 foizlik ulush bilan egalladi. Rossiya (17,7 foiz) sakkizinchi. O‘zbekiston borasidagi ma'lumotlar taqdim etilmagan.

Mavzuga oid