Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Barchasi noldan boshlanadi». Levandovskidan katta intervyu
Myunxenning «Bavariya» klubi hujumchisi Robert Levandovski terma jamoalar o‘yinlari tanaffusi paytida intervyu berdi.
«Bavariya» uchun mavsum noldan boshlandi»
– Karlo Anchelotti ishiga qanday baho berasiz?
– Uning dastlabki mavsumida yaxshi o‘yin namoyish qildik. Bizda Chempionlar ligasi yarimfinaliga chiqish imkoniyati bor edi. Agar jarohatim tufayli «Real»ga qarshi javob bahsini o‘tkazib yubormaganimda, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Kim biladi deysiz, balki turnirda g‘olib chiqqan bo‘larmidik.
– Yupp Haynkes kelganidan so‘ng, jamoani nima kutmoqda?
– «Bavariya» uchun mavsum noldan boshlandi desak ham bo‘laveradi. Bizga oson bo‘lmaydi, chunki mavsum davomida murabbiyning o‘zgarishi hech qachon ta'sirsiz o‘tmaydi.
Biz oldinga qarab yurishimiz va o‘z ishimizni davom ettirishimiz shart, boshqa ilojimiz yo‘q. «Borussiya»dan 5 ochko ortda boryapmiz. Ammo, oldinda o‘yinlar ko‘p, shu tufayli, hamma narsa o‘zgarishi mumkin.
Chempionlar ligasiga keladigan bo‘lsak, «PSJ» klubiga mag‘lub bo‘lganimizdan so‘ng, o‘ylab ko‘rishimiz lozim bo‘lgan narsalar ko‘p ekani ma'lum bo‘ldi, xatolar ustida ham ish olib borishimiz lozim.
«Oltin to‘p»ga ovoz berish jarayoni natijalaridan hayron qoldim»
– Rummenigge orzungizdagi klub - «Real» ekani haqida gapirgandi. Bunga munosabatingiz?
– Karl-Haynts Rummenigge nimani nazarda tutganini bilmayman. Buni o‘zidan so‘rab ko‘rishingiz kerak. Bu yerda qaysi nashr Rummenigge iqtibosini keltirayotganiga ham qarash kerak.
– O‘tgan yili «Oltin to‘p»ga ovoz berish jarayoni yakunlarini tanqid qilgan edingiz. Nega?
– Bir narsani tushunmadim, nega 50, 25 yoki 5-o‘rinni e'lon qilishmoqda? Menimcha, eng muhimi - dastlabki uchta o‘rin. Albatta, 16-o‘rinda ekanimni bilgach, karaxt ahvolga tushganman. Men «Bavariya»da o‘ynayapman, Chempionlar ligasi finaliga chiqqanman, bundesligada ko‘plab gollarni uryapman, ammo meni 16-o‘ringa qo‘yishmoqda. Bundan hayratda qolganman.
Aslida nimalarga munosib ekanimni bilmasam-da, 16-o‘rin kulgimni qistamoqda. Gapirishga tilim ojiz.
«Asosiy maqsad - Chempionlar ligasi finali»
– «Oltin to‘p» hamon rejalaringizdan o‘rin olganmi?
– Yo‘q. Bu g‘oyaning menga qizig‘i yo‘q desam ham bo‘ladi. Men uchun «Bavariya»ning muvaffaqiyati muhimroq. Ayniqsa, Chempionlar ligasidagi.
– Siz bundesliga miqyosida barcha sovrinlarga ega bo‘ldingiz va bir marta Chempionlar ligasi finalida o‘ynadingiz. Nahotki, finalga qaytish - asosiy maqsadingiz bo‘lsa?
– Ha. Germaniya chempionatidagi g‘alabadan so‘ng, boshqa sovrinlar haqida ham o‘ylash payti keldi. O‘tgan mavsumda yuqori saviyada o‘ynadik, ammo bir necha daqiqa ichida barchasidan ayrildik. Bu narsa ko‘ngilni xira qildi.
«Jahon chempionati terma jamoa saviyasini ko‘rsatib beradi»
– Polsha termasi Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatiga chiqdi. Jamoaning imkoniyatlariga qanday baho berasiz?
– Bu savolga javob berishga qiynalaman. Hozir bizda zo‘r tarkib bor. Katta salohiyatga ega bo‘lgan kuchli jamoamiz. Ammo Polsha terma jamoasi bartaraf qilishi lozim bo‘lgan muammolar yetarli. Biroz kutishimizga to‘g‘ri keladi. Jahon chempionati nimalarga qodir ekanimizni ko‘rsatib beradi. Umuman olganda, bu haqda gapirish osonmas, chunki bunday turnirda ham bir o‘yin finalga tengdir», – dedi Levandovski ESPN FC nashriga bergan intervyusida.
Mavzuga oid
20:37 / 16.05.2026
Levandovski «Barselona»ni tark etishini e’lon qildi
07:03 / 07.05.2026
«PSJ» qatorasiga ikkinchi yil finalga chiqdi
22:20 / 29.04.2026
PSJ va «Bavariya» futbol sha’ni uchun jang qilib, birgalikda g‘olib bo‘lishdi
14:07 / 29.04.2026