Fan-texnika | 21:10 / 16.10.2017
11161
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy koinot stansiyasi Yerga nazoratsiz tushmoqda

Foto: independent.co.uk

Xitoyning Tiangong-1 (Osmon saroyi) koinot stansiyasi Yer tomon harakatlanmoqda va u borgan sari tezlashmoqda. Bu haqda DailyMail nashri xabar bergan.

Mutaxassislarning taxmin qilishlaricha, 8,5 tonnalik stansiya bir necha oydan keyin Yerga tushadi. U orbitasidan og‘ishgan va bu omil ham uning tezlashishiga sabab bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, Xitoy koinot agentligi stansiya ustidan nazoratni 2016 yil boshida qo‘ldan chiqargan. Biroq agentlik vaziyat ortidan kuzatmoqda va biror bir xavf tug‘ilajak bo‘lsa, bu haqda ogohlantirishga va'da bergan. Stantsiyaning katta qismi atmosferada yonib ketishi kutilmoqda, biroq uning og‘irligi 100 kg gacha keladigan bo‘laklari Yer sirtigacha yetib kelishi va jiddiy talofatlar yetkazishi mumkin.

Ma'lum qilinishicha, stansiya bo‘laklari qachon va qayerga tushishi noma'lum bo‘lib qolmoqda.

Ta'kidlash joizki, 19 oktabrda Sobiq ittifoqda yaratilgan "Molniya-1-44" sun'iy yo‘ldoshining Yerga qulashi kutilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, sun'iy yo‘ldoshning atmosferada yonib ulgurmagan bo‘laklari yerga tushishi mumkin. Uning og‘irligi 1,5 tonnani tashkil qiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, koinot qurilmasining bo‘laklari Atlantikaning janubiy qismiga qulaydi. 

Rossiya kosmonavtika akademiyasi akademigi Aleksandr Jyeleznyakovning aytishicha, sun'iy yo‘ldosh atmosferada butkul yonib ketadi. "Molniya" rusumidagi sun'iy yo‘ldoshlar katta seriyalarda uchirilgan, shu sababli orbitadan tez-tez chiqib turadi. Odatda ular atmosferada yo‘q bo‘lib ketadi. Yergacha faqat 500 grammlar atrofidagi bo‘laklari yetib kelishi mumkin", deb aytmoqda olim.

NASA koinot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra,  sun'iy yo‘ldoshning ilk marta nazoratsiz qulashi yuz bergan 1957 yildan beri Yer atmosferasiga 20 mingdan ko‘proq shunday obektlar kirgan, biroq rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ularning birortasi Yer aholisiga ziyon yetkazmagan. 

Mavzuga oid