Sport | 20:00 / 16.10.2017
33061
6 daqiqa o‘qiladi

Ishsiz yurgan 7 murabbiy

Yevropa klublarida ishlagan va ayni vaqtda ishsiz qolgan top-murabbiylar talaygina. «Tribuna.uz» shunday mutaxassislardan 7 nafarini yodga oladi.

Loran Blan, 51 yosh
So‘nggi ish joyi: «PSJ»
2016 yil 22 iyun kunidan buyon ishsiz

Qachonlardir Loran Blan «PSJ» rahbariyati tomonidan uzoq muddatli hamkorlikka mos murabbiy sifatida ko‘rilgan edi. Ammo Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng, tezda ishonchdan chiqdi. Ichki chempionatda qo‘lga kiritilgan 11ta sovrin shayxlar uchun ahamiyatga ega bo‘lmadi. Endi Blan «PSJ» tarkibidagi Neymar va Mbappeni ko‘rib, chempionlar kubogini boshi uzra qanday ko‘tarishini xayolida tasavvur qilsa kerak.

Ushbu murabbiy 1 yildan buyon bekor yuribdi. Mish-mishlarga ko‘ra, u «Barselona»ni boshqarish maqsadida, Ispaniyaning uchta klubi taklifini rad qilgandi. Ammo Kataloniya o‘zining boshqa sobiq futbolchisi — Ernesto Valverdeni tanladi.

 

Devid Moyyes, 54 yosh
So‘nggi ish joyi: «Sanderlend»
2017 yil 22 may kunidan buyon ishsiz

Shotlandiyalik mutaxassis «Manchester Yunayted»da o‘zining nomdor vatandoshi bo‘lmish Aleks Fergyuson o‘rnini bosolmadi. «Qizil iblislar» tarkibida ishlab, inqirozga uchraganidan so‘ng, uning karerasi quyiga qarab sho‘ng‘idi.

Murabbiy ispan tilini ham o‘rganolmadi va «Real Sosedad»da futbolchilari nomini doimo almashtirib yurdi. So‘ngra «Sanderlend» bilan APL jadvalida so‘nggi o‘rinni egalladi. Ishi yurishmagach, jamoani tark etishga qaror qildi. Hatto tovon pulini ham talab qilmadi. Ayni paytda, u yana ish izlamoqda va vatani terma jamoasini boshqarishdan umidvor.

 

Tomas Tuxel, 44 yosh
So‘nggi ish joyi: «Borussiya» Dortmund
2017 yil 30 may kunidan buyon ishsiz

«Borussiya»ning so‘nggi mavsumi g‘alati taassurot qoldirdi: bir tomondan navbatdagi qayta qurish, tajribali futbolchilarning yetishmasligi, ikkinchi tomondan, so‘nggi 5 yildagi ilk sovrin va Chempionlar ligasi yo‘llanmasini beruvchi uchinchi o‘rin qo‘lga kiritildi.

Shunday bo‘lsa-da, Tomas Tuxel mavsum oxirida ishsiz qoldi. Vaqt o‘tishi bilan bu o‘zgarishning «Borussiya» uchun foydali bo‘lganini ko‘rdik.

Yangi mavsumda matbuot Tuxelga ikki joydan - «Chelsi» va «Bavariya»dan ish topib berdi. Ehtimol, kelasi mavsumda uni bu jamoalardan birida ko‘rarmiz.

 

Luis Enrike, 47 yosh
So‘nggi ish joyi: «Barselona»
2017 yil 30 iyun kunidan buyon ishsiz

Luchoning «Barselona»dagi davrini omadsiz deb aytishga hech kimning tili bormasa kerak. U jamoa bilan 13ta musobaqada ishtirok etib, 9ta sovrinni qo‘lga kiritdi - bu jiddiy ko‘rsatkich.

Ammo so‘nggi mavsum «Real»ning Yevropadagi gegemonligi fonida yaxshi taassurot qoldirmadi. Natijada, Luis Enrike jamoa bilan yangi shartnoma imzolamay, uni tark etishga qaror qildi. Ayni paytda, u bilan Xitoy va Germaniya klublari qiziqmoqda. Biroq, Lucho faqat yuqori saviyada murabbiylik qilishga bel bog‘lagan.

 

Paulu Souza, 47 yosh
So‘nggi ish joyi: «Fiorentina»
2017 yil 30 iyun kunidan buyon ishsiz

Portugaliyalik murabbiy Yevropaning ekzotik chempionatlari bo‘yicha mutaxassisdir. U Vengriyada 4ta sovrinni yutib olgan, Isroil va Shveytsariyada ham chempion bo‘lgan. Ammo, top-ligalarda Souzaning ishi unchalik yurishmayapti. Angliyada ham, Italiyada ham u sovrinlarni qo‘lga kiritolmadi.

Yozda «Zenit» uni taklif qilmoqchi edi, ammo yakunda tajribali Manchini nomzodini ma'qul ko‘rdi.

 

Frank de Bur, 47 yosh
So‘nggi ish joyi: «Kristal Pelas»
2017 yil 11 sentabr kunidan buyon ishsiz

Ukasi Ronalddan farq qilgan holda, Frank de Bur murabbiylik faoliyatida o‘z yo‘lini topib ketolmasdan, tez-tez inqirozga uchramoqda. «Ayaks» bilan bir necha yaxshi mavsumdan so‘ng, gollandiyalik mutaxassis ikki jamoada ishladi. Ammo har ikkalasida ham uzoqqa borolmadi. «Inter» klubini 85 kundan so‘ng tark etgan bo‘lsa, «Kristal Pelas»ni 78 kun boshqarib, APL aksilrekordini o‘rnatdi.

 

Karlo Anchelotti, 58 yosh
So‘nggi ish joyi: «Bavariya»
2017 yil 28 sentabr kunidan buyon ishsiz

Joriy mavsumda «Bavariya»ni tanib bo‘lmay qoldi: jamoa yugurmadi, tirishmadi va g‘alaba qozonmadi. «PSJ» klubidan uchralgan yirik hisobdagi mag‘lubiyat rahbariyatning sabr kosasini to‘ldirdi. Anchelotti ertasi kuniyoq iste'foga chiqarildi.

Uning jamoadan ketishini futbolchilar shodu-xurramlik bilan kutib olishdi. Endi dunyoning eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan biri yangi sarguzasht izlamoqda.

Ba'zilar u o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan «Milan»ga qaytishi haqida gapirishdi. Biroq, «rossoneri» ustozi Vinchentso Montella o‘ziga ishonishini ma'lum qilib: «Agar Karlo xohlasa, «Milan»da mening yordamchim bo‘lishi mumkin» - dedi. Ha, Anchelotti uchun biroz yoqimsiz bo‘lsa-da, bir narsa aniq edi: endi u o‘ziga boshqa joydan ish izlashi lozim.

Mavzuga oid