Jahon | 09:40 / 18.10.2017
12745
2 daqiqa o‘qiladi

Amnesty International: Myanma xavfsizlik kuchlari yuzlab rohingyalarni o‘ldirgan

Foto: Andrew Stanbridge / Amnesty International

Myanma xavfsizlik kuchlari vakillari rohingya xalqining yuzlab vakillarini o‘ldirgan. Inson huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan Amnesty International tashkilotining Rohingya musulmonlariga doir hisobotida shu haqda so‘z yuritilgan.

Huquq himoyachilari taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, 25 avgust kuni "Myanma xavfsizlik kuchlari vakillari… Rokhayn shtatining shimoliy qismidagi rohingyalar qishlog‘ini qurshab olgan. O‘shanda ayollar, erkaklar va bolalar o‘z uylarini tark etishgan. Bu vaqtda askarlar va politsiyachilar ularga qarata o‘t ochib, yuzlab kishilarni o‘ldirgan yoki jiddiy jarohatlagan".

"Guvohlarning so‘zlari, Amnesty International xodimlari tomonidan to‘plangan sun'iy yo‘ldoshlardan olingan tasvirlar, foto- va videodalillar, boshqa ma'lumotlar ham bitta xulosa chiqarishga olib kelmoqda. Rohingya elatining yuz minglab ayollar, erkaklar va bolalari insoniyatga qarshi keng qamrovli va tizimli hujumlar qurboni bo‘lgan", — deyiladi hujjatda. 

Qayd etilishicha, "so‘nggi haftalarda Bangladeshga qochgan 120 dan ortiq rohingya erkak va ayollarining ko‘rsatmalari hamda 30 nafar shifokor, jurnalist, ijtimoiy ishchilar va Bangladesh rasmiylari bilan suhbatlardan so‘ng, shunday xulosaga kelingan".

Myanma g‘arbidagi Rokhayn shtatidagi vaziyat 25 avgustda kesskinlashdi. O‘shanda "Rohingyani qutqarish Arakan armiyasi"ning yuzlab jangarilari politsiyaning 30 ta tayanch punktiga hujum qilgan. 

Bugungi kunda Myanmadan Bangladeshga qochgan rohingya musulmonlari soni 582 ming kishini tashkil etmoqda. 

Mavzuga oid