O‘zbekiston | 00:48 / 19.10.2017
11280
2 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda yoshlar tadbirkorligi klasterlari tuziladi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 oktabrdagi «Yoshlar tadbirkorligi klasterlarini yaratishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra respublika tuman markazlari va shaharlarida yuridik shaxs tashkil etilmasdan yoshlar tadbirkorligi klasterlari yaratiladi va ularning faoliyatini boshqarish O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman va shahar Kengashlari zimmasiga yuklanadi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining bo‘shayotgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqiga tekinga o‘tkazib binolarida klasterlarni joylashtirish vazifasi topshirilgan.

«O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztrnasgaz» AJ, «O‘zbektelekom» AJ rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimligiga ushbu klasterda joylashtirilgan yosh tadbirkorlarning ishlab chiqarish ehtiyojlariga yarasha elektr energiyasi, tabiiy gaz va telekommunikatsiya tarmoqlari bilan uzluksiz ta'minlash vazifasi yuklanmoqda.

Qarorga ko‘ra, klasterlarda joylashgan ishlab chiqarish maydonlari faqatgina O‘zbekiston yoshlar ittifoqi a'zosi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga, korxonasi oyoqqa turib olguncha bo‘lgan davrda, lekin 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ijara to‘lovining «nol» qiymatida beriladi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash, amaliy maslahatlar tekinga ko‘rsatiladi.

Klasterda joylashtiriladigan tadbirkorlik sub'yektlari xodimlari shtatida 35 yoshgacha bo‘lgan shaxslar ulushi 70 foizdan kam bo‘lmasligi belgilab qo‘yildi.

Mavzuga oid