O‘zbekiston | 15:30 / 24.10.2017
13461
3 daqiqa o‘qiladi

IFC O‘zbekistonda ekologik barqaror paxta yetishtirish bo‘yicha loyihani boshladi

Foto: Kun.uz

Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekistonda ijtimoiy mas'uliyatli va ekologik barqaror paxta yetishtirish bo‘yicha loyihani boshladi.

Mazkur loyiha paxta yetishtirishning ilg‘or tajribasini ishlab chiqish, paxta sektorida majburiy mehnatdan foydalanish xavfini kamaytirish maqsadida xalqaro standartlar talablariga javob beradigan barqaror paxta ishlab chiqarish standartlarini joriy etish orqali O‘zbekistonda paxta yetishtirish samaradorligini oshirishga qaratilgan.

IFC ma'lumotlariga ko‘ra, loyiha 2017-2022 yillar mobaynida amalga oshiriladi. 2017-2018 yillar mobaynida Xalqaro moliya korporatsiyasi ikki viloyatda Better Cotton jahon standartlari asosida barqaror paxta ishlab chiqarish standartlari tizimini yaratish hamda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tajriba dasturini amalga oshiradi.

Tizim muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgach, u bu sohadagi 3 mingga yaqin fermer va agrofirma, paxta ishlab chiqaruvchilar bilan qamrab olinadi.

Loyiha IFC tomonidan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi, «O‘zbekengilsanoat» AJ, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamkorligida amalga oshiriladi.

2019-2022 yillar mobaynida Loyiha ishi mamlakatning qolgan viloyatlarida paxta yetishtirish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlar va barqaror paxta yetishtirish standartlar tizimini kengaytirish, hamda milliy darajada standartlar tizimini to‘liq ijtimoiy institut qilishga qaratiladi.

IFC milliy hamkorlar bilan birgalikda Loyiha ishi yakunlangandan so‘ng, mamlakatda tizimning barqaror ishlashini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan ekspertiza, tizim va infratuzilmani rivojlantirish ustida ishlaydi.

Loyihani amalga oshirish davomida Xalqaro moliya tashkiloti Xalqaro mehnat tashkiloti va O‘zbekiston paxta sektorida faol faoliyat ko‘rsatadigan boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Ushbu loyiha Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan IFC’ning ko‘p yillik hamkori bo‘lgan Vengriya EXIM Bank’i moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid