22:10 / 25.10.2017
5480

Intel rahbari: Sun'iy ongdan foydalanmaslik yutqazish demakdir

Foto: Intel

Intel korporatsiyasi rahbari Brayan Krjanich Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida sun'iy ong (SO) haqidagi fikrlari, u qayerda tezroq paydo bo‘lishi, sun'iy ong bilan shug‘ullanuvchi haqiqiy kompaniyani bu sohada shunchaki piar qilayotgan kompaniyadan ajratish haqida mulohazalari bilan bo‘lishdi. Uning fikricha, bu texnologiyadan voz kechuvchi yoki uni joriy qilishda kechikuvchi kompaniyalar bir chekkada qolib ketadilar.

"Biz sun'iy ong transformatsiyasi boshida turibmiz. SO sohasi bugun internet rivojlanishining ilk davriga o‘xshash davrni boshdan kechirmoqda. O‘shanda har bir kishi "Agar internet-kompaniyalarga aylanmasangiz, unda yashab keta olmaysiz" deb aytgan. Bugungi kunda xuddi shu narsa SO bilan yuz bermoqda. SOga istalgan kompaniya, istalgan soha duch keladi. Buni inkor qiluvchilarning o‘rnini boshqalar tezda egallaydi", deb aytmoqda Krjanich.

Krjanichning fikricha, SO birinchi navbatda ijtimoiy media, internet-savdo va ko‘ngilochar xizmatlarga ta'sir qiladi. Bugungi kunda mashinaviy o‘qitish tibbiyotda katta salohiyat namoyish qilmoqda. Algoritmlar MRT natijalari va boshqa tibbiy ma'lumotlarning katta hajmi bilan samaraliroq ishlashga qodir. Algoritmlar yangi dori-darmonlar, davolashning yangi usullarini ishlab chiqishni tezlashtiradi. 

Intel o‘z tomonidan neyron hisoblashlarni rivojlantirish bo‘yicha ishlarini kuchaytirmoqchi.

Krjanich SO haqida shunchaki gapiruvchi va haqiqatda real dasturlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni qanday farqlash mumkinligi haqidagi savolga bu kompaniyadan SO uning faoliyatidagi muammolarni hal qilish muddatlarini qanchalik qisqartirgani haqida so‘rashni taklif qildi. Misol uchun, Intel kuniga 1 mln ga yaqin chip ishlab chiqaradi. Har bir chipni ishlab chiqarish jarayoni 1,6 mln ta surat yaratish bilan kechadi. Chipni yaratishning har bir lahzasi suratda qayd qilinadi. Keyinroq agar nuqson aniqlansa, unda tizim texnologiya buzilgan lahzani o‘zi aniqlay oladi. Avval bunga haftalab vaqt ketardi, hozir esa 2 soat oladi. Krjanichning aytishicha, agar kompaniya shunday misol keltira olsa, unda uni SO-kompaniyasi deyish mumkin.

Top