O‘zbekiston | 20:10 / 03.11.2017
25504
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy rahbari Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

Foto: Sinxua

Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Bosh kotibi Si Tszinpin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi. Maktub matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

«Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasining 19-s'yezdi muvaffaqiyatli yakunlangani va Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Bosh kotibi lavozimiga qayta saylanganim munosabati bilan tabriklab yo‘llagan maktubingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.  

So‘nggi yillarda birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan Xitoy –O‘zbekiston munosabatlari jadal faollashgani va samimiylik, ishonch va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganidan mamnunman. Mamlakatlarimiz oliy darajadagi mustahkam aloqalar tarafdoridir, siyosiy ishonch asosida «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, qator yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu esa xalqlarimizga birdek foyda keltirmoqda. Joriy yilning may va iyun oylarida Siz bilan Pekin va Ostona shaharlarida ikki marta uchrashdik. Buning natijasida ikki tomonlama munosabatlar va barcha sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha salmoqli kelishuvlarga erishildi.

Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik aloqalarini rivojlantirishga katta e'tibor qaratmoqdaman. Bundan buyon ham Siz bilan birgalikda o‘zaro munosabatlarimizni Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik ruhida rivojlantirish, yangi tarixiy davrda xalqlarimiz va butun insoniyat farovonligi yo‘lida barqaror va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan taraqqiyotga erishish uchun yangi imkoniyatlarni ishga solishga tayyorman!», deyiladi maktubda. 

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftada Xitoy rahbarini Kompartiya markaziy qo‘mitasi bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabriklagandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid