Texnologiya | 19:01 / 11.11.2017
5336
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda sun'iy idrok tomonidan boshqariluvchi politsiya uchastkasi paydo bo‘ladi

Foto: The Next Web

Xitoy shu hafta ichida yirik shaharlaridan birida xodimlarsiz politsiya uchastkasi ochilishi haqida e'lon qildi. Mamlakatning Caijing Neican nashriga ko‘ra, uchastkada haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritish uchun imtihondan o‘tish, pasport olish ariza berish va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin, deb yozadi The Next Web.

Robotlashtirilgan politsiya uchastkasi jinoyatchilarni ushlash va tartib-intizomni nazorat qilish emas, bizda YHXB va XChKFRB kabi idoralar zimmasiga yuklangan vazifalar bilan shug‘ullanadi. Xususan, bu yerda Face ID bo‘yicha qayddan o‘tib, kompyuter trenajyorida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon topshirish mumkin.

Fuqarolarni autentifikatsiya qilish uchun bugungi kunda Xitoyda kompyuter o‘yinlaridan tortib ijtimoiy kreditlarni berishgacha shug‘ullanayotgan Tencent IT-giganti tomonidan ishlab chiqilgan, yuzni skanerlashning takomillashtirilgan texnologiyasidan foydalaniladi.

Xizmatdan foydalanish istagida bo‘lganlar avvalgidek navbat kutib, qog‘ozlarni qo‘lda to‘ldirishmaydi yoki elektron qaydnomalarni uyida to‘ldirib kelishmaydi. Tencent algoritmi inson haqida barcha ma'lumotlarni olish uchun uning yuzini skanerlasa kifoya bo‘ladi.

Mish-mishlarga ko‘ra, Xitoyda davlat xizmatlarini to‘liq avtomatlashtirish ustida ish olib borilmoqda. Rejalashtirilishicha, davlat xizmatlarini taqdim etish stansiyalari tunu kun ishlaydi.

Sun'iy idrok qo‘llaniladigan sohalarning ko‘payishi ish o‘rinlarining qisqarishiga olib keladi. Lekin tan olish kerakki, ayniqsa davlat xizmatlari sohasida insonlar — eng mos nomzodlar emas, deb yozadi nashr.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid