Iqtisodiyot | 19:10 / 16.11.2017
15204
6 daqiqa o‘qiladi

«Valyuta operatsiyalari faol ravishda norasmiy sektordan bank sektoriga o‘tmoqda» - MB

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ichki valyuta bozorining tahlili bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim etdi. U 2017 yil 5 sentabridan 14 noyabrigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga qamrab oladi.

O‘tgan davr mobaynida ichki valyuta bozorida yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotish hajmi 1 767 mln. dollarni, xarid hajmi esa 1 442 mln. dollarni tashkil qildi. Taklifning talabdan ortiq bo‘lishi natijasida, almashuv kursi keskin o‘zgarishining oldini olish maqsadida talab va taklif orasidagi 325 mln. dollar miqdoridagi farqni Markaziy bank sotib oldi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, joriy yilning birinchi yarim yilligida Markaziy bank valyuta zaxiralari hisobidan oyiga o‘rtacha 290 mln. dollar miqdorida chet el valyutasini sotish amaliyoti bilan shug‘ullanib kelgan.

Valyuta birjasida sotilgan chet el valyutalarining 915 mln. dollarlik (52%) qismi bevosita eksportyorlar tomonidan, 852 mln. dollarlik (48%) qismi esa banklar tomonidan, shu jumladan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali aholidan sotib olingan mablag‘lar, hissasiga to‘g‘ri keldi.

Chet el valyutasiga bo‘lgan talabning tarkibi esa, ishlab chiqarish maqsadlari importi uchun – 1 212 mln. dollar, xorijiy kreditlarni so‘ndirish uchun – 91 mln. dollar, xalq iste'moli mollari va dori-darmonlar importi uchun – 79 mln. dollar, chet ellik investorlarning daromadlarini repatriatsiya qilish uchun – 55 mln. dollar va boshqa maqsadlar uchun sotib olish hisobiga shakllangan.

Umuman olganda, valyuta bozori erkinlashtirilganidan so‘ng ichki valyuta bozoridagi operatsiyalarning o‘rtacha oylik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshdi. Jumladan:

- xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan chet el valyutasini sotib olishning o‘rtacha oylik miqdori 25 foizga (yoki 116 mln. dollar), joriy yilning birinchi yarim yilligidagi 461 mln. dollardan sentabr-noyabr oylarida 577 mln. dollarga o‘sdi;

- chet el valyutasini sotishning o‘rtacha oylik miqdori 4 barobardan ko‘proq – joriy yilning birinchi yarim yilligidagi 172 mln. dollardan 707 mln. dollargacha oshdi, xususan, eksportyorlar tomonidan chet el valyutasini sotishning miqdori 2 barobardan ko‘proq oshdi.

Konvertatsiya hajmining o‘sishi bilan bir qatorda valyuta birjasi savdolaridagi ishtirokchi-sub'yektlar soni, asosan, chet el valyutasini rasmiy bozorda ilgari sotib olmagan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar hisobiga, sezilarli darajada oshdi.

 

Tahlil qilinayotgan davr mobaynida tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslardan 644 mln. dollar miqdorida naqd chet el valyutasi sotib olingan.

Banklarning aholidan chet el valyutasini sotib olish operatsiyalarining asosiy qismi Toshkent shahri (29 %), Farg‘ona (11 %), Samarqand (9 %), Andijon (9 %) va Namangan viloyatlari (8 %) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Konversion operatsiyalarning (jismoniy shaxslarga chet el valyutasini sotish) hajmi 23 mln. dollarni tashkil qildi. Har oyda konversion operatsiyalar miqdorining keskin o‘sib borayotganligi, asosan, import bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning operatsiyalari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Umuman olganda, joriy yilning sentabr oyi boshidan buyon almashuv kursining keskin o‘zgarishlari kuzatilmadi, almashuv kursi 8049 - 8110 so‘m/doll. oralig‘ida o‘zgarib turdi (1 foizdan kam).

Valyuta bozorini erkinlashtirish hamda almashuv kursini shakllantirishning bozor mexanizmlarini joriy etilishi, tashqi iqtisodiy aloqalar sharoitlarini yaxshilash bilan bir qatorda respublikaga chet el valyutasi oqimining muntazam ravishda o‘sishiga zamin yaratmoqda.

Xususan, o‘tkazilayotgan islohotlar mahalliy tovar va xizmatlarning narx raqobatbardoshligini yaxshilab, mahalliy eksportchi korxonalarning xo‘jalik faoliyatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi va joriy yilning 9 oyi davomida eksport tushumlarining hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizdan ko‘proq oshdi.

Joriy yilning sentabr-oktabr oylarida O‘zbekiston Respublikasining sof oltin-valyuta zaxiralari 754 mln. dollarga oshdi va joriy yilning 1 noyabr holatiga 26 mlrd. dollardan ortiqni tashkil qilmoqda.

Yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi operatsiyalarining faol ravishda norasmiy sektordan bank sektoriga o‘tishi kuzatilmoqda.

Valyuta bozorini erkinlashtirish naqd pul mablag‘larining muomalasi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni ham bartaraf etish imkonini yaratib, naqd va naqdsiz ko‘rinishdagi pullar orasidagi tafovutlarga, banklardan naqd pul olishdagi qiyinchiliklarga barham berildi.

Oktyabr oyidagi bank kassalaridagi naqd pul aylanmasi hajmi birinchi yarim yillikdagi o‘rtacha oylik ko‘rsatkichga nisbatan 2,3 barobardan ko‘proqqa oshdi, bunda naqd pul tushumi va uning sarflanishi o‘rtasidagi muvozanat ta'minlandi. Bunda, bank kassalariga tushum hajmi birinchi yarim yillikdagi o‘rtacha oylik 2 trln. so‘m miqdoridagi ko‘rsatkichdan oktabr oyidagi 5,7 trln. so‘mga yoki 2,8 barobarga oshdi.

Shuningdek, aholining banklarda joylashtirilgan milliy valyutadagi depozitlari hajmida ham ijobiy o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda. Xususan, so‘nggi ikki oy davomida aholi muddatli depozitlari hajmi 9 foizga o‘sdi.

Shu bilan birga chet el valyutasidagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 9 foizdan 4 foizgacha pasayishi kuzatilgan.

Mavzuga oid