Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sidneyda Olimpiada o‘tkazilgan bosh stadion buzib tashlanadigan bo‘ldi
Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtati rahbariyati Sidneyning ikkita bosh stadioni – 2000 yilgi yozgi Olimpiadaning asosiy sport tadbirlari o‘tkazilgan ANZ (Ey-en-zi) va shahar markazi yaqinida joylashgan Allianz ("Ellayanz") stadionlarini buzib tashlashga qaror qildi. Bu haqda shtat bosh vaziri Gledis Berejiklyan ma'lum qilgan. Uning aytishicha, stadionlar o‘rnida zamonaviy talablarga javob beruvchi boshqa sport inshootlari barpo etiladi.
“Biz dunyoning yetakchi sport klublari va ijrochilari o‘z o‘yinlari va shoulari uchun aynan Yangi Janubiy Uels arenalarini tanlashlarini istaymiz”, deb aytdi Berejiklyan. “Buning uchun esa stadionlarimiz zamonaviy va tomoshabinlar uchun shinam bo‘lishi lozim”, deb qo‘shimcha qilgan shtat rahbari.
44 ming kishilik Allianz stadioni 1988 yilda ishga tushirilgan hamda ko‘plab sport turlari (futbol, regbi, avstraliyacha futbol) bo‘yicha mahalliy klublar uchun uy maydoni hisoblangan. Bu stadion o‘rnida yangisining qurilishi ishlari keyingi yil boshlanadi va 3 yil davom etadi. Yangi stadion o‘z bag‘riga 45 ming kishini sig‘dira oladi.
Sidneyning g‘arbiy qismida joylashgan ANZ stadioni esa Olimpiada arafasida 1999 yilda ochilgan va o‘shanda “Avstraliya stadioni” deb nomlangan. Unda eng ommaviy sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlarning finallari o‘tkazib kelingan. Stadion 2019 yildan demontaj qilina boshlanadi. Uning o‘rnida qad rostlaydigan yangi sport inshooti 2022 yilda ochiladi. Yangi stadion 75 ming kishini sig‘dira oladi. Buzilmoqchi bo‘layotgan stadion esa o‘ziga 83 ming kishini sig‘dira olgan. Bu stadionda 2000 yil 1 oktabrda yozgi Olimpiadaning yopilish marosimi bo‘lib o‘tgan. O‘shanda maydon umumiy hisobda 114 714 ming sportchi va tomoshabinlarni sig‘dira olgan. Bu esa Olimpiadalar uchun mutlaq rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Ikkala stadionning buzilishi va yangilarining qurilishi uchun ketadigan xarajatlar 1,5 mlrd. dollarga baholangan. Oxirgi yillar stadionlarga yiliga o‘rtacha 3,5 mln. kishi tashrif buyurgan.
Mavzuga oid
20:23 / 12.06.2026
D guruhi tanishtiruvi. Mezbon AQSh kimlar bilan o‘ynaydi?
22:52 / 29.03.2026
Yonilg‘i narxi oshgani sababli Avstraliyaning ikki shtatida jamoat transporti bepul bo‘ladi
22:55 / 26.03.2026
Transgender sportchilarga Olimpiada ayollar musobaqalarida ishtirok etish taqiqlandi
12:00 / 24.03.2026