Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Avtomobil yo‘llarining arxitektura-landshaft konstruksiyasi va obodonlashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 11 sentabrdagi PQ-3262-son qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi huzuridagi «Uzavtoyo'lbelgi» davlat unitar korxonasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» 2017 yil 2 oktabrdagi 784-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 apreldagi 221-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 4-son, 48-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklandi.
O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 9-band quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
«9. Qo‘mita markaziy apparati, uning hududiy bosh boshqarmalari, tuman yo‘llardan foydalanish korxonalari, yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalari va ko‘priklardan foydalanish korxonalarining, shuningdek, «O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish» unitar korxonasi va uning hududiy bo‘linmalarining ta'minoti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi».
2. 10-bandga quyidagi mazmundagi xatboshilar qo‘shildi:
«avtomobil yo‘llariga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlari o‘tkazilishini tashkil etish;
standartlashtirishga doir normativ hujjatlar talablariga muvofiq yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari, yo‘llarda harakatlanishni tartibga solishning boshqa texnik vositalari ishlab chiqarilishini tashkil etish».
3. 11-bandga quyidagi mazmundagi «k» va «l» kichik bandlar qo‘shildi:
«k) avtomobil yo‘llariga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlari o‘tkazilishini tashkil etish sohasida:
avtomobil yo‘llarining hududiy arxitektura-badiiy tuzilishi va landshaft dizayni qismida zamonaviy yondashuvlarni shakllantirish va amalga oshirish borasida yagona davlat siyosatini olib borish yo‘li bilan avtomobil yo‘llariga ajratilgan polosalardagi yo‘l bo‘yi hududlarni tegishli holatda saqlash bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish va tizimli asosda amalga oshirish;
respublikaning har bir mintaqasidagi iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda avtomobil yo‘llarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish sohasida ilg‘or zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlarni keng ko‘lamda qo‘llash orqali ilmiy-tadqiqot ishlarini oqilona tashkil etish;
avtomobil yo‘llari va ularning konstruktiv elementlarini noqulay ob-havo- iqlim omillarining ta'sirdan himoya qilish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani sinchiklab o‘rganish natijalariga ko‘ra avtomobil yo‘llariga tutash hududlarni transportning bulg‘ashi va tashlanmalaridan muhofaza qilishning eng samarali va amaliyotda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan zamonaviy usul va texnologiyalarini joriy etish;
zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, idoraviy mansub oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari negizida avtomobil yo‘llarini loyihalash, arxitektura-badiiy jihatdan tuzish va landshaft dizayni bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish;
l) standartlashtirishga doir normativ hujjatlar talablariga muvofiq yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari, yo‘llarda harakatlanishni tartibga solishning boshqa texnik vositalari ishlab chiqarilishini tashkil etish sohasida:
avtomobil yo‘llarini yo‘llarda harakatlanishni tartibga solishning texnik vositalari bilan jihozlash sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshirish;
standartlashtirishga doir normativ hujjatlar talablariga muvofiq yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari, yo‘llarda harakatlanishni tartibga solishning boshqa texnik vositalarini ishlab chiqarish;
yo‘llarni belgilash uchun mustahkam materiallar ishlab chiqarish, avtomobil yo‘llarida uzoq muddat foydalanishni ta'minlovchi yo‘l belgilari chizish;
Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash masalalarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish».
4. 18-banddagi «to‘rt» so‘zi «besh» so‘zi bilan almashtirildi.
5. 27-band quyidagi tahrirda bayon qilindi:
«27. Qo‘mita markaziy apparati, uning hududiy organlari, tuman yo‘llardan foydalanish korxonalari, yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalari va ko‘priklardan foydalanish korxonalari, shuningdek, «O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish» unitar korxonasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish kasaba uyushmasi organi va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasining boshqaruv Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi».
Mavzuga oid
21:36 / 24.10.2024
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tugatildi va Migratsiya agentligi tashkil etildi
18:22 / 24.10.2024
«O‘zagroinspeksiya» hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazildi
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
12:54 / 05.10.2024