Jahon | 15:32 / 19.12.2017
13069
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Qirg‘iziston mashinalariga ekologik to‘lov joriy qildi

Foto: Livejournal

Qirg‘izistonlik haydovchilar mamlakatning Botken viloyati rahbariga Botken-Isfara avtomobil yo‘lida Tojikiston tomonidan ekologik to‘lov joriy etilgani borasida shikoyat qilishdi.

Haydovchi Tashtan Egamberdiyevning so‘zlariga ko‘ra, 15 dekabrdan boshlab har bir avtomobil uchun to‘lov 500 dan 2500 gacha somni tashkil etmoqda.

«Bizda bir kunda maksimum uchta reysdan. Agarda har gal ikki ming somdan to‘lasak, kuniga 6 ming som kelib chiqadi. Yo‘l uchun to‘lov haqi yuz somga teng, bizning o‘zimizga hech narsa qolmaydi. Biz ishlashdan to‘xtadik, reyslar yo‘q», - deydi u.

Haydovchilarni Botken viloyati hukumatining vakolatli vakili Alisher Abdrahmanov qabul qilgan hamda Tojikiston tomonidan joriy etilgan yangiliklar haqida aytib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston 15 dekabrdan boshlab ekologik to‘lovni joriy qildi, tegishli qaror 29 noyabr kuni qabul qilingan. Motosikl kirishi uchun to‘lov 52 somoniyga (taxminan 500 som) teng, yengil avtomobil uchun 124 somoniy (1000 som), mikroavtobus –250 somoniy (2000 som), yuk avtomobili – 300 somoniy yoki taxminan 2400 som.

Abdrahmanov Tojikistonning So‘g‘d viloyati rahbariyati bilan Botken-Isfara yo‘nalishi bo‘yicha transport o‘tkazmalari uchun ekologik to‘lov tariflarini pasaytirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga va'da berdi.

Qirg‘izistonning Tojikiston bilan chegarasida joylashgan «Qizil-Bel» o‘tkazish punkti orqali har kuni 700-900 kishi va 80 taga qadar avtomobillar o‘tadi. Botkendan Isfaraga yo‘l haqi esa 100 somga teng.

Mavzuga oid