Jahon | 16:50 / 26.12.2017
52126
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev 2018 yilni Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e'lon qildi

Foto: Sputnik

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 2018 yilni Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e'lon qildi.

«O‘zbeklar — bizga yaqin, birodarlarimiz, qo‘shnilarimiz. O‘zbekiston — Markaziy Osiyodagi ulkan mamlakat, bu o‘lka bilan munosabatlar hamisha muhim va foydalidir. Keyingi yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili va O‘zbekistonda Qozog‘iston yili bo‘ladi», — dedi Nazarboyev respublika televideniyesida efirga uzatilgan qozog‘istonlik jurnalistlar bilan uchrashuvida.

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik tobora yaxshilanib borayotganini, tovar ayirboshlash hajmi bir yil ichida ikki baravarga oshganini qayd etdi.

«Biz O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollargacha yetkazishga kelishib oldik. Hozirda hamkorlikda avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv mavjud, Toshkent bilan temir yo‘l va aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yaxshilanib bormoqda. Biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz», — deya qo‘shimcha qilgan prezident.

Bundan avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari o‘zaro telefon orqali muloqotda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilishgandi. Muloqotda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmidagi yuqori temp qayd etilgandi.

Mavzuga oid